Gap maoshda emas, ma’naviyatda! – Yodgorov sudyalarning pora olishiga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
10 dekabr 2020 7891 2 daqiqa
Har qanday demokratik davlatda adolat o‘rnatuvchi yagona organ – bu sud. Jamiyatning qanchalik taraqqiy etishi, odamlarning hayotga, islothotlarga ishonishi, o‘zini ushbu jarayonlarning bir parchasi deb bilishi, shubhasiz, mamlakatdagi huquq tartibot-organlari va ularning bosh toji – sudning qanchalik adolatli ishlayotganiga, aybdorlarning munosib jazo olishi yoki aybsiz bo‘lganlarning oqlanishiga, indallosini aytganda, sudyaning vijdoniga bog‘liq. Ammo, bu vijdonni pok tutish uchun sudyalarga belgilangan maosh yetarlimi? Iqtisodiy vaziyatning o‘z korrupsion omil emasmi? QALAMPIR.UZ ushbu savol bilan Sudyalar Oliy kengashi Xolmo‘min Yodgorovga yuzlandi.
“Korrupsion omillarga qaraydigan bo‘lsak, eng asosiy omil – bu iqtisodiy omil. Nafaqat sud tizimida, balki respublikamiz bo‘ylab barcha sohalarda ish haqlari oshirilyapti. Mehnatiga yarasha ish haqi berilishi ta’minlanyapti. Sudyalarimizning maoshini aniq bilmaymiz. Lekin bu masalada juda katta hisob-kitoblar qilingan. Menimcha, [bu hujjat] yoki imzolandi yoki yaqin kunlarda imzolanadi. Biroq, gap birgina maoshni oshirishda emas. Aytishadi-ku, kim boy deganda, qanoati bor odam boy, deb. Fikrimcha, gap ma’naviyatda. Sudya birovni haqqidan qo‘rqishi kerak. Adolat tarozisini tortayotganda, kim nima berar ekan, deb o‘tirishga uning haqqi yo‘q. Shuning uchun biz korrupsion omillarni oldini olish, tizimda sudyalarni halol, pokligini ta’minlashimiz kerak.
Bunda hammasi ma’naviyatga, odobga bog‘liq. Bugungi kunda sudyalarimizning maoshi farzandlarini boqishga ham, o‘ziga ham yetarli darajada. Ilgari sudyalarimiz juda kam maoshga ishlashgan. Shunda ham ular noqonuniylikka yo‘l qo‘ymagan, xaromdan qo‘rqishgan, birovning haqqiga ko‘z olaytirishmagan. Aytmoqchi emasdim, aytishga to‘g‘ri keldi: sudyani ma’naviyati, odobi va mas’uliyati to‘g‘risida qo‘llanma shaklidagi kitob qilish niyatimiz bor”, deydi mamlakat bosh “qozisi”.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 9 dekabr kuni “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzolagan edi.
Ma’lumot o‘rnida, Sudyalar Oliy kengashi raisi Yodgorov sudya lavozimiga nomzodlar psixologik testdan o‘tkazilishi, ichkilikka va korrupsiyaga moyilligi aniqlanishi haqida ham gapirgandi.
Live
Barchasi