“G‘alaba xabari”. Urush tugadi?
Tahlil
−
24 iyun 20880 7 daqiqa
Eron AQSHdan uchralgan hujumning alamini Qatarga zarba berish bilan oldi. Aniqrog‘i, 23 iyun kuni Eron Trampning bundan 1 kun oldin Isfahon, Natanz va Fordo yadroviy inshootlariga uyushtirgan hujumlariga Qatardagi AQSH harbiy bazasini nishonga olish orqali javob qaytardi. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Qatardagi Al-Udeyd aviabazasida joylashgan AQSH kuchlariga hujum qilinganini e’lon qildi. Al Jazeera xabariga ko‘ra, Dohada va mamlakatning boshqa qismlarida ketma-ket kuchli portlashlar kuzatilgan. IRGK o‘z bayonotida, bu bilan AQSH va uning ittifoqchilariga Eron "hech qanday sharoitda uning hududiy yaxlitligi, suvereniteti yoki milliy xavfsizligiga qarshi qilingan har qanday tajovuzni javobsiz qoldirmasligi" haqida xabar yuborganini ma’lum qildi. Shuningdek, bayonotda AQSHning mintaqadagi bazalari va mobil harbiy kuchlari kuchli nuqtalar emas, balki asosiy zaifliklardir deyiladi. Tehron, shuningdek, raketa zarbasi Qatardagi turarjoylardan uzoqda amalga oshirilganini ta’kidladi. Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi bayonotida esa “ushbu harakat do‘st va qardosh mamlakat Qatar va uning oliyjanob xalqi uchun hech qanday xavf tug‘dirmasligi va Eron Islom Respublikasi Qatar bilan iliq va tarixiy munosabatlarni saqlab qolishda davom etishi qayd qilingan.
Hujum qanday amalga oshirildi?
Hujum haqidagi tafsilotlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, AQSH mudofaa vazirligi Al-Udeyd bazasiga qisqa va o‘rta masofali ballistik raketalar bilan hujum uyushtirilganini ma’lum qilgan. Qatar Mudofaa vazirligi esa havo hujumidan mudofaa tizimlari bazani nishonga olgan Eron raketalarini muvaffaqiyatli tutib olganini aytdi. Hujum soat 19:30 da amalga oshirilgan bo‘lib, Erondan Al-Udeyd aviabazasi tomon yettita raketa uchirilgan. Ammo Qatar ham AQSH ham Al-Udeyd aviabazasi hujumdan bir necha kun oldin evakuatsiya qilinganini tasdiqladi. Ammo keyinchalik matbuot brifingida Qatar Ichki ishlar vazirligi Erondan jami 19 ta raketa uchirilganini tasdiqladi. Ulardan faqat bittasi Al-Udeyd aviabazasiga zarba bergan, ammo mazkur havo hujumi oqibatida qurbon bo‘lganlar yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Qatar Mudofaa vazirligi esa hodisa oqibatida halok bo‘lganlar ham, jarohatlanganlar ham yo‘qligini tasdiqladi. Xususan, AQSH ma’muriyati Qo‘shma Shtatlar Qatardagi bazadan bir hafta oldin barcha harbiy texnikasini olib chiqib ketgani, Eron esa bo‘sh bazaga hujum qilganini ochiqladi. Bu esa xuddi AQSHning Eron yadroviy ob’ektlariga qilgan hujumlari oldidan u yerlardan yuqori darajada boyitilgan uran va boshqa zarur materiallar olib chiqib ketilgani kabi o‘xshash voqelikdir.
Eron hujumida Yaqin Sharq qalqidi
Eronning Qatar hududidagi AQSH harbiy bazasiga bergan zarbasidan so‘ng, mintaqadagi boshqa arab mamlakatlari, jumladan, Iroq, Quvayt, Bahrayn, Iordaniya, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatarning o‘zi havo hududini yopdi. Ularning aksariyatida AQSH harbiy bazalari borligi ko‘pchilikka ma’lum. Eronning ushbu zarbalar Qatar va u yerdagi aholiga qarshi qaratilmagani va u bilan do‘stona aloqalarni saqlab qolishi haqidagi bayonoti esa Dohani ovuta olmadi. Qatar Tashqi ishlar vaziri ushbu hujumni qoralab, bu “Qatar suvereniteti va havo hududi hamda BMT nizomini buzish” ekanini eslatib, Doha Eronga nisbatan javob berish huquqini o‘zida saqlab qolishini bildirdi. Oq uyda bu hujum juda bosiqlik bilan qabul qilindi. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Prezident Donald Tramp ma’muriyati AQSHning Eron yadroviy ob’ektlariga bergan zarbalaridan so‘ng Tehron tomonidan javob harakatlarini kutgan. AQSH rasmiylari bunga Eron 2020 yilda Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgandan keyin ham xuddi shunday javob berganini misol qilib ko‘rsatgan. Oq uy rasmiysi Vashington mintaqada keyingi harbiy aralashuvga intilmayotganini ta’kidlagan.
Eron yana AQSHdan so‘rab, keyin hujumga o‘tganmi?
Shu o‘rinda Eronning Qatarga qilgan hujumidan so‘ng, Trampning o‘ziga tegishli platformadagi sahifasida qoldirgan posti e’tiborni tortadi. U o‘z postida Eronning mazkur javob zarbasi juda zaif bo‘lganini ta’kidlab, uning oqibatida hech kim jarohatlanmagani va halok bo‘lmaganidan mamnun ekanini bildirdi. Tramp bunga sabab qilib esa Eron hujumdan oldin Qo‘shma Shtatlarni ogohlantirganini ko‘rsatgan.
“Eron o‘z yadroviy ob’ektlarini yo‘q qilishimizga rasman juda zaif javob bilan javob berdi, biz kutgan va juda samarali javob berdik. 14 ta raketa uchirilgan - 13 tasi urib tushirilgan va 1 tasi "ozod qilingan", chunki u xavfli bo‘lmagan tomonga yo‘naltirilgan. Men hech qanday amerikalik zarar ko‘rmaganini va deyarli hech qanday zarar ko‘rmaganini xabar qilishdan mamnunman. Eng muhimi, ular hammasini o‘zlarining "tizimidan" chiqarib yuborishdi va umid qilamanki, bundan keyin NAFRAT bo‘lmaydi. Men Eronga bizga erta xabar bergani uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman, bu hech kimning qurbon bo‘lmasligi va hech kimning jarohatlanishiga imkon yaratdi. Ehtimol, Eron endi mintaqada tinchlik va hamjihatlikka erishishi mumkin va men Isroilni ham shunday qilishga undayman. Ushbu masalaga e’tibor berganingiz uchun tashakkur!”, deb yozgan AQSH rahbari.
Esingizda bo‘lsa, AQSH bundan 5 yil oldin Eronning eng qudratli harbiy yetakchisi Qosim Sulaymoniyni o‘ldirgandan so‘ng, Tehron AQSHning Iroqdagi bazalarini nishonga olgandi. Oradan vaqt o‘tib, Tramp omma oldida Eron o‘z generalining o‘limi uchun qasos olishga majburligi va bu uchun Iroqdagi AQSH bazasiga zarba berishi haqida ogohlantirganini aytgan. Tramp bu safar ham xuddi shunday ritorika bilan yo Eron zarbasining ahamiyatini yo‘qqa chiqarmoqda yoki Tehron rostdan ham Vashingtonni zarba berishdan oldin ogohlantirgan. Bunisi hozircha qorong‘i.
Al-Udeyd qanday baza?
Eron zarba yo‘llagan Al-Udeyd aviabazasiga kelsak, bu AQSH havo kuchlarining qo‘mondonlik markazi bo‘lib, G‘arbiy Osiyodagi Amerika armiyasining eng yirik strategik aktivi hisoblanadi. Al Udeyd AQSHning Yaqin Sharqdagi eng yirik harbiy bazasi bo‘lib, unga taxminan 10 000 amerikalik askar joylashtirilgan. Dohaning janubi-g‘arbidagi cho‘lda joylashgan 60 gektar hududni o‘z ichiga oluvchi ushbu baza 1996 yilda tashkil etilgan. U g‘arbda Misrdan sharqda Qozog‘istongacha cho‘zilgan ulkan hududda AQSH harbiy amaliyotlarini boshqaradigan AQSH Markaziy qo‘mondonligining shtab-kvartirasi bo‘lib xizmat qiladi. Bazada Qatar amiri havo kuchlari, AQSH havo kuchlari, Buyuk Britaniya qirollik havo kuchlari va boshqa xorijiy kuchlar joylashgan.
Qatarda ahvol qanday?
Umuman olganda, AQSH Eron yadroviy ob’ektlarini bombalagandan so‘ng, Tehronning Qatarga zarba berish ehtimoli karrasiga oshgandi. Shu bois hujumdan bir necha soat oldin, AQSH va Buyuk Britaniyaning Qatardagi elchixonalari Qatardagi fuqarolarini ogohlantirdi. Hujumdan so‘ng esa qator sohalardagi kun tartibi bir sutkaga surildi xolos. Qatar Ta’lim vazirligi 24 iyun kuni bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan barcha imtihonlar 25 iyunga ko‘chirilganini ma’lum qildi. Qatar Ichki ishlar vazirligi o‘z brifingida mamlakatdagi vaziyat “butunlay barqaror” ekanini va barcha hokimiyat idoralari aholi xavfsizligini ta’minlash uchun muvofiqlashtirilgan holda ish olib borayotganini e’lon qildi. Qatar Tashqi ishlar vazirligi esa hujumdan keyin hayot normal rejimga qaytganini bildirib, urushayotgan tomonlarni muzokaralar olib borishga chaqirdi. Eron hujumi boshlanishi bilan darhol yopilgan havo hududi esa oradan besh soat o‘tib qayta ochildi.
Urush tugadimi?
AQSH Prezidenti Donald Tramp Qatarga berilgan zarbani izohlovchi ilk postida Eronni sulhga chaqirib, Isroilni ham to‘xtashga undashini ma’lum qilgandi. Shundan so‘ng hammasi juda tez sodir bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay, yarim tunda urush to‘xtashi haqida xabarlar chiqa boshladi. Trampning o‘zi ikki o‘rtada bir necha soat ichida sulh tuzilishini e’lon qildi. Ammo bu paytda Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi sulh borasida hech qanday taklif kelib tushmaganini ma’lum qilib, ammo “agar Isroil hujumlari soat 04:00 ga qadar to‘xtasa, Eron ham javob qaytarmasligini bildirdi. Tramp esa allaqachon dunyoni “tinchlik bilan tabriklab”, kelgusi soatlarda kim qachon hujumlarni to‘xtatishi haqida post qoldirdi.
“BARCHAGA TABRIK! Isroil va Eron o‘rtasida to‘liq va mutlaq O‘T OCHISHNI TO‘XTATISH bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu kelishuv taxminan 6 soatdan so‘ng kuchga kiradi – ayni paytda har ikki tomon yakuniy harbiy operatsiyalarini tugatmoqda. Kelishuvga ko‘ra: Eron birinchi bo‘lib o‘t ochishni to‘xtatadi, 12 soatdan so‘ng Isroil ham o‘t ochishni to‘xtatadi, 24-soatda esa «12 KUNLIK URUSH»ning rasman yakunlangani butun dunyo tomonidan e’tirof etiladi. Har bir tomon o‘z navbatida o‘t ochishni to‘xtatish davrida tinch va hurmatli bo‘lishi kerak. Hammasi reja bo‘yicha ketadi, bunga shubha yo‘q. Men Isroil va Eronga bu urushni yakunlash uchun namoyon qilgan sabr-toqat, jasorat va aql-idrok uchun tabrik aytaman. Bu urush yillar davom etishi va butun Yaqin Sharqni vayron qilishi mumkin edi, lekin bu sodir bo‘lmadi va hech qachon bo‘lmaydi!” deb yozdi AQSH yetakchisi.
Eron tomoni esa urushni Isroil boshlaganini ta’kidlab, kim aslida birinchi bo‘lib to‘xtashi kerakligiga ishora qildi. Bu paytda esa Isroil Eronga, Eron esa Isroilning Ber-Sheva shahriga hujumlarni davom ettirdi. Ammo Trampning bayonotidan so‘ng, qator xorijiy OAVlari, xususan, “Reuters” Eron tinchlik sulhiga rozi bo‘lgani haqida xabar bergandi. Shuningdek, to‘liq tinchlik sulhi 25 iyun kuni imzolanishi va bu muzokaralarda Qatar vositachiligining roli beqiyos bo‘lgani haqida xabarlar chiqdi.
Live
Barchasi