“GAI”larni foto va videoga olishni taqiqlash haqidagi qonun loyihasi rad etildi
Jamiyat
−
30 may 2022
10619“Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqish rad etildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining bugun, 30 may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ma’lum qilingan.
Gap shundaki, Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda fraksiya majlisida ko‘rib chiqilishi kerak edi.
Muhokama jarayoni boshlanishidan avval fraksiya a’zosi Firdavs Sharipov qonun loyihasining qator moddalarida jarimalar miqdorini oshirish, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilayotgani, ammo buning sabablari asosli ochib berilmaganini ta’kidlab, shuningdek boshqa omillarni keltirib, qonun loyihasini kun tartibidan chiqarib tashlashni taklif qilgan.
Jarimalar miqdori oshishi Xalq demokratik partiyasi g‘oyalariga zid ekani, ayniqsa, asosiy iste’mol mahsulotlarining narxi oshib borayotgan sharoitda jarimalar summasini ko‘paytirish masalasini muhokama qilish maqsadga muvofiq emasligi qayd etilgan.
Qonun loyihasida oxirgi vaqtlarda keng jamoatchilik tomonidan faol muhokama qilinayotgan yo‘l harakati xodimlarini video va fototasvirga olib tarqatish masalasida ham katta miqdorda jarima belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Unga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini ular o‘z xizmat burchlarini, ya’ni jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida olingan foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish yoki xaqorat qilish maqsadida internet axborot tarmog‘ida joylashtirish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorda jarima yoki o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.
“Mamlakatimizdagi katta ijtimoiy-siyosiy islohotlar ochiqlik, oshkoralik, xalq oldida hisobdorlik, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga asoslanayotgan davrda huquq-tartibot xodimlarining faoliyati foto va video tasvirlarga olinishi cheklanishi noto‘g‘ri yondashuv ekani aytildi”, deyiladi partiya axborotida.
Yuqoridagi omillarga asosan qonun loyihasini fraksiya majlisida ko‘rib chiqish rad etilgan.
LiveBarchasi