Futbolni ko‘rib kulaymi yo kuyaymi?

Tahlil

image

Futbolni bilmagan, o‘ynamagan kishi bo‘lmasa kerak.  Futbol – bu millionlar o‘yini, uni ko‘pchilik sevib tomosha qiladi. U yoki bu futbol guruhiga muxlislik qiladi. Shu boisdan ham u dunyoni zabt etgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.  

Futbol olamida ayrim machtlarni butun dunyo ko‘radi. Ko‘p mamlakatlarda “Real Madrid”, “Barselona”, “Yuventus”, “Milan” kabi futbol jamoalarining o‘yini intiqlik bilan kutiladi.

Endi mazkur o‘yinlarning yoritilish jihatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bu jarayonda o‘z ishining professional ustalari ishlaydi. Futbolchining har bir xatti-harakati, zarbalarning turli burchaklardan olib efirga uzatilishi – futbol ishqibozlarida jonli tarzda shu o‘yinda o‘zlari ham ishtirok etayotgandek taassurot uyg‘otadi. Uning his-hayajonini junbushga keltiradi. Jahon futboli namoyishida har bir detal – sportchining yuz qiyofasi-yu, peshonasining terigacha aniq ko‘rsatiladi.  

Misol uchun,  birgina futbolchining zarba tezligi, bir o‘yinda qancha yugurganing hammasi aniq va ravshan gavdalantiriladi. Bir so‘z bilan aytganda, translyatsiyada katta jamoa faoliyat yuritadi.  

Albatta, bu o‘z navbatida muxlislar sonining ortishiga sabab bo‘ladi, shuning bilan birga telekanal obro‘sining oshishiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bu jahon miqyosidagi natija.  

O‘zbekistonda-chi, deysizmi? Hali shoshilmang, dunyo futbolini yaxshilab muhokama qilib olaylik, vaholanki, o‘zbek futboli translyatsiyasi katta mazvu, shu bois bunga alohida to‘xtalib o‘tmasak, bizni muxlislar kechirishmaydi.  

Xullas, jahondagi har bir o‘yin translyatsiyasini sotib olish uchun kompaniyalar tish-tirnog‘i bilan kurashadi. “O‘rtamiyona jamoaning o‘yinini kim ham tomosha qiladi deysizmi?”. Adashasiz! Tashkilotchilar va mutaxassislar o‘yinning jozibadorligini shunday tasvirga olib uzatishadi-ki, bir zumga bo‘lsa-da, oynai jahon qarshisidan keta olmay qolasiz. Bunday o‘yinda o‘z reklamasini bo‘lishini, TVda bir soniya bo‘lsa ham maydonga o‘rnatilgan reklama peshtaxtasi ko‘rinishini qaysi tadbirkor istamaydi, deysiz. 

“Iya,  Nortoy,  bizda o‘rtamiyona jamoalarning o‘yini namoyish etilsa, ko‘rmaymiz-ku, hatto, poytaxtning markaziy o‘yinlarida ham stadion tomoshabinlarga to‘lmaydi-ku, sen bo‘lsa, boshimni og‘ritib translyatsiyani gapirasan!” deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz kerak. Ammo siz shu yerda haqsiz. Chunki translyatsiyaning ahvoli o‘rtamiyona jamoaning ahvolidan ham abgor (albatta, moddiy jihatdan). Oynai jahon qarshisida o‘tirsangiz, bunga yana bir bor amin bo‘lasiz.  

Bizda o‘yindagi holatlar uch xil tarz (plan)da olib beriladi, ya’ni televideniye tilidan aytganda – katta,  o‘rtacha, umumiy. Bunda futbolning nafasini his qila olmaymiz. Ayrim o‘yinlarni tomosha qilar ekansiz, gol urilganligi narigi mahallada ko‘rsatilgandek, kadrga olib beriladi.  

Bu holat ba’zi hududlardagina o‘tkaziladigan o‘yinlarga tegishli, xolos. Masalan, viloyatdgi o‘yinlar. Ammo poytaxtdagi futbol translyatsiyalari ham maqtashga arzigulik emas.  

Keling, masalaga real qaraymiz. Birgina futbol matchini uzatish uchun bizda ham katta jamoa ishlaydi. Ammo bu yerda gap jamoada, emas balki ulardagi texnik vositalarda. Ayrim o‘yinlar “SX” kameralarida olinib,  efirga uzatiladi. Vaholanki, jahon tajribasida “HD” uyoqda tursin,  allaqachon FullHD , 4K formatiga o‘tilgan bir paytda “SX” orqali uzatilyotgan o‘yinlar siz uyda ko‘rayotgan kadr sifatiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Bizda furbolchining yuz qiyofasi, jahli chiqayotganligi aks ettirgan kadrlar deyarli yo‘q. Sabab texnik vositalar talab darajasida emas.  

Ayni damda futbol federatsiyasi va futbolni rivojlantirish kerak, muxlislarni stadionga qaytarish lozim, deb jon kuydirib gapiriladi. Menimcha, muammoning yechimini mana bunday dolzarb holatlardan boshlashsa, albatta, O‘zbekistonda ham futbolga bo‘lgan qiziqish yanada ortib boradi.  

Futbol muxlislarining ko‘pchiligi o‘z jamoasiga muxlislik qilish uchun satadionga bora olmaydi. “Uyida oynai jahon qarshisida ko‘raman”, desa sifatsiz kadrlar ta’bni biroz xira qiladi. Sharhlovchi-ku, hamin qadar o‘yinning jozibadorligini oshirishga intiladi. Ba’zan u sharhlayotgan holatlarni rejissyorlar ko‘ngildagidek topib bera olmaydi. Yuqorida aytganizmizdek, moddiy texnik baza sust, jahon translyatsiyasi bilan tenglasha olmaydi.  

Bu yerda tanganing ikkinchi tomoni ham bor. O‘yinlarni jonli uzatishda “PTS” mashinasi kerak. Albatta, bu qurilma MTRKdan olinadi. Ayrim jiddiy o‘yinlar vaqtida “PTS”ning “komandirovka”ga ketganini aytishsa,  tamom bo‘ldi deyavering. Nega? “PTS” futbol federatsiyasida yo‘qmi?” deysizmi? Bor, lekin u barcha o‘yinlarni uzata olmaydi. Chunki, u “Milliy” stadionida joylashgan.  

Ana sizga nima uchun bizda translyatsiyada jozibadorlikning yo‘qligi-yu, mana asl muammo. Ha, yana bir gap: bizda futbol o‘yinlarini sotib oladigan homiylar yo‘q. Bo‘lsa ham faqat chet el o‘yinlarini sotib oladi. Chunki, u yerda sifat yaxshi-da. Birgina jahon chempionati mundialini davlat kanali bo‘lgan “Sport” kanalining sotib ololmaganiga nima deysiz. Gapirsam, muammoning oxiri yo‘q.  

Keling, Nortoyni ham qiynab yubordim, tinchgina mahallada o‘z koptogini tepib, maza qilib futbol zavqini olsin. Axir, muxlis bo‘lib topmaganini,  o‘zi o‘ynab his qilsin-da. Baribir, jonli efirda buni Nortoy bechora his qila olmaydi, yana o‘sha gap:  katta, o‘rtacha, umumiy...  

Abror Ma’rufjonov
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

76

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing