Fuqaroni tekshirish uchun IIBga olib borish bekor qilinadi
Jamiyat
−
01 aprel 2022 8965 2 daqiqa
2023 yildan boshlab fuqarolarni shaxsiga aniqlik kiritish uchun Ichki ishlar bo‘limiga olib borish amaliyotini to‘xtatish rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining muhokamaga qo‘yilgan "Ichki ishlar organlari patrul-post xizmati faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida"gi qarori loyihasida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab ichki ishlar organlarida bosqichma-bosqich Ye-patrul tizimini joriy etib, tekshirish uchun fuqaroni ichki ishlar bo‘limiga olib borish amaliyotidan voz kechiladi. Buning o‘rniga barcha ma’lumotlarni joyida planshet orqali tekshirib, patrul-post xizmati xodimlari faoliyati "bodi-kamera"dan foydalangan holda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, quyidagilarni nazarda tutuvchi Patrul-post xizmati saf bo‘linmalari xodimlari tomonidan jamoat joylarida huquqbuzarliklar sodir etishda gumon qilinayotgan fuqarolar va boshqa shubhali shaxslarni elektron identifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlanadi:
• “Ye-patrul” tizimidan foydalanish tartibi;
• patrul-post xizmati xodimlari harakatlarini qayd etuvchi texnik vositalardan foydalanish tartibi;
• Bodi-kameralar orqali qayd etilgan ma’lumotlarni hisobga olish va saqlash tartibi;
• “Ye-patrul” tizimidan foydalanishda xodimning majburiyatlari.
Qaror qabul qilingach, Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda uch oy muddatda:
• planshet orqali shaxsni biometrik identifikatsiya qilishda foydalaniladigan “Ye-patrul” dasturiy kompleksining texnik topshirig‘i, dasturiy ta’minoti va mobil ilovasini ishlab chiqsin hamda texnik topshiriqni “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasida davlat standartlarida o‘rnatilgan talablar bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazilishini, uning asosida ishlab chiqilgan axborot tizimini ishga tushirishdan avval tizimni texnik topshiriq va axborot xavfsizligi talablariga mosligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazilishini, dasturiy ta’minot va mobil ilovaning joriy etilgunga qadar sertifikatlashini ta’minlaydi;
• Nizomga muvofiq ichki ishlar organlari, xususan patrul-post xizmati xodimlarining “Ye-patrul” tizimi, planshet va bodi-kameralardan foydalanish tartibi yuzasidan o‘quv mashg‘ulotlarini tashkillashtiradi;
• qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati yuzasidan aholi o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini olib boradi;
• bir oy muddatda “Ye-patrul” tizimining axborot va kiberxavfsizligini ta’minlash hamda texnikalariga doimiy xizmat ko‘rsatadigan tegishli tarkibiy bo‘linmani mas’ul qilib belgilaydi.
Bundan tashqari, “Ye-patrul” tizimi faoliyatini raqamlashtirishda zarur kompyuter va boshqa uskunalarni xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar Ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Live
Barchasi