Fuqarolik sudlarida ishlar soddalashtirilgan tartibda ko‘riladi

Jamiyat

image

Joriy yilning 16 sentyabr kuni “Sudga murojaat qilish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi va fuqarolik protsessiga soddalashtirilgan ish yuritish tartibi joriy etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.

Qonun bilan FPK, JPK, IPK, MJTK va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Birinchidan, belgilanishicha, endi sud hujjatlarida (ajrimlar, hal qiluv qarorlari, hukmlar, apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlari (protestlar), bayonnomalar va boshqalar) boshqa ma’lumotlar bilan birga sud ishining raqami ham ko‘rsatilishi lozim. 

Shuningdek sudyalar sud hujjatlarini raqami bo‘yicha “E-XSUD” axborot tizimidan olishiga imkoniyat yaratilganligi munosabati bilan apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlariga (protestiga) ish yuzasidan qabul qilingan sud hujjatlarining sud tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalari ilova qilinishi haqidagi talab chiqarib tashlanadi.

Ikkinchidan, FPK “Soddalashtirilgan tartibda ish yuritish” deb nomlangan 251- bob bilan to‘ldirildi, unda quyidagilar belgilangan:

  • soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladigan ishlar, ularni ko‘rib chiqish tartibi va o‘ziga xos xususiyatlari;
  • soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladigan ish bo‘yicha da’vo arizasiga doir talablar.

Agar da’voning bahosi yuridik shaxslarga nisbatan 20 BHMdan, yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan 10 BHMdan, jismoniy shaxslarga nisbatan esa 5 BHMdan oshmasa, da’vo arizalari bo‘yicha ishlar soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladi.

Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladigan ish bo‘yicha da’vo arizasi FPKning 189-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq bo‘lishi lozim.

Arizani ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish to‘g‘risida sud ajrim chiqaradi, unda ish soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rilishini hamda ish ko‘rib chiqiladigan sanani ko‘rsatadi.

Sud ajrim bilan bir vaqtda da’vogarga da’vo arizasining (arizaning) ko‘chirma nusxasini va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini darhol pochta orqali elektron hujjat tarzida axborot tizimi orqali yuboradi.

Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilayotgan ish arizani ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish haqida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran 20 kundan oshmagan muddatda sud muhokama o‘tkazmasdan, taraflarni chaqirtirmasdan va ularning tushuntirishlarini eshitmasdan ko‘rib chiqadi. Ushbu muddat uzaytirilmaydi.

Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha hal qiluv qarori, agar apellyatsiya shikoyati (protest) berilmagan bo‘lsa, qabul qilinganidan keyin 10 kun o‘tgach kuchga kiradi. Apellyatsiya shikoyati (protesti) berilgan taqdirda hal qiluv qarori, agar u bekor qilinmagan bo‘lsa, apellyatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi.

Apellyatsiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori qabul qilinganidan keyin 10 kun ichida berilishi mumkin va ushbu shikoyat sudga kelib tushgan kundan e’tiboran 15 kun ichida ko‘rib chiqilishi lozim.

Sudning hal qiluv qarori kassatsiya tartibida, shu jumladan kassatsiya instansiyasi sudida takroran, shuningdek yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

FPKning 53 va 122-moddalari tegishincha 2-qism va 91-band bilan to‘ldirildi, ularga muvofiq davlat organi, tashkilot va boshqa shaxs tomonidan da’vogarning huquqlarini himoya qilish uchun taqdim etilgan da’vo arizasidan (arizadan) da’vogarning (arizachining) voz kechishi, agar bu uchinchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qilmasa, da’vo arizasini (arizani) ko‘rmasdan qoldirishga olib keladi.

Uchinchidan, IPKdan soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilayotgan ishlar bo‘yicha da’vo arizasiga javobgarga da’vo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari topshirilganligi haqidagi dalillarni qo‘shib taqdim etish talabi chiqarib tashlanadi.

Endi javobgar da’vo arizasi yuzasidan yozma fikrini da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish haqida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran (ilgari - da’vo arizasining ko‘chirma nusxasi o‘ziga topshirilgan paytdan e’tiboran) 15 kunlik muddatda sudga o‘zi asoslanayotgan hujjatlar va dalillarni ilova qilgan holda taqdim etishga haqli.

Shuningdek IPKda belgilanishicha, soddalashtirilgan tartibda ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha hal qiluv qarori sud tomonidan beriladigan ijro varaqasi asosida majburiy (ilgari – ixtiyoriy) ijro etilishi lozim.

Boshqa o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham kiritilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

24

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing