Fuqarolarni ro‘yxatga olish tartibi o‘zgartirildi
Jamiyat
−
31 dekabr 2021
18055Joriy yilning 29 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarni doimiy yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibining takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan quyidagi hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi:
• O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risida nizom (VMning 2018 yil 22 oktyabrdagi 845-son qarori bilan tasdiqlangan);
• O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risida nizom (VMning 2019 yil 28 dekabrdagi 1049-son qarori bilan tasdiqlangan).
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risida nizom (VMning 2018 yil 22 oktyabrdagi 845-son qarori bilan tasdiqlangan) yangi tahrirda bayon etildi. Unga ko‘ra:
birinchidan, fuqarolar pasportlari bilan bir qatorda ID-kartalarni ham taqdim etishlari mumkin;
ikkinchidan, fuqarolar yangi yashash joyiga kelgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida ro‘yxatdan o‘tishlari shart. Avvalgi tahrirda fuqarolar ro‘yxatdan o‘tish uchun hujjatlarni 10 kun ichida taqdim etishlari shart edi;
uchinchidan, tug‘ilgan bola Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari (keyingi o‘rinlarda - FHDYO) tomonidan unga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani rasmiylashtirish chog‘ida otasi yoki onasining doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan manziliga idoralararo elektron xamkorlik orqali ma’lumotlarni kiritish yo‘li bilan doimiy ro‘yxatga olinadi;
to‘rtinchidan, uy-joy kodeksida belgilangan bir kishi uchun turar-joy maydonining ijtimoiy normasi to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llanilmaydigan fuqarolar ro‘yxati belgilandi;
beshinchidan, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishni bekor qilish huquqiga ega bo‘lgan holatlar ro‘yxati kengaytirildi. Bunday holatlarga quyidagilar kiradi:
• sudning fuqaroni uy-joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan, shaxsni bedarak yo‘qolgan deb topish va ko‘chirish haqidagi qarori asosida;
• fuqaro qonunda belgilangan tartibda xorijga doimiy yashashga ketganda;
• umrbod ozodlikdan mahrum qilinganda - sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi asosida;
• vafot etganda - FXDYO organining o‘lim haqidagi guvohnomasi yoki ma’lumotnomasi asosida.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga (VMning 2019 yil 28 dekabrdagi 1049-son qarori bilan tasdiqlangan) qo‘shimcha kiritildi. Unga ko‘ra, fuqaro xorijga doimiy yashashga ketayotganda, fuqarodan qo‘shimcha ravishda O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan o‘z ota-onasining va turmush o‘rtog‘ining (birgalikda chiqish holatlari bundan mustasno), shuningdek, agar birgalikdagi nikohdan voyaga yetmagan bolalari bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan sobiq turmush o‘rtog‘ining notarial tasdiqlangan roziligi, ular vafot etgan yoki bedarak yo‘qolgan hollarda esa – vafot etganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning yoki sudning shaxsni bedarak yo‘qolgan deb e’tirof etish haqidagi qarorining notarial tasdiqlangan nusxasi talab etiladi.
Boshqa o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham kiritildi.
LiveBarchasi