Frilans, masofaviy ish, moslashuvchan jadval. COVID-19 pandemiyasi ish dunyosiga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
Bu qiziq
−
17 iyul 2021
4050Odamlar qayerda, qanday va qaysi vaqtda ishlaydi? COVID-19 pandemiyasi ish dunyosiga katta ta’sir ko‘rsatdi va bu savollarga javoblarni batamom o‘zgartirib yubordi. Pandemiya tufayli yuz bergan o‘zgarishlarni rasmiy statistikada qanday aks ettirish mumkin? Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi ekspertlari guruhi shu va shu kabi boshqa savollarga javob berishga harakat qildi.
Joriy yilning iyun oyida ular “Bandlikning yangi shakllari va bandlik sifati: rasmiy statistikaga ta’siri” nomli hisobotni e’lon qildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, pandemiyadan oldin ham, umumiy raqamlashtirish fonida mehnat bozorida tarkibiy o‘zgarishlar yuz berayotgan edi. Pandemiya ushbu jarayonlarni tezlashtirib yubordi.
Ta’kidlanishicha, vaqt o‘tgan sari odamlar qisqa muddatli shartnomalar asosida ishlay boshlaydi, ish beruvchilar, hamkorlar, xodimlar, mijozlar bilan aloqa raqamli platformalarda amalga oshiriladi.
Hisobotga ko‘ra, ko‘pchilik masofadan turib ishlash imkoniyatiga ega. Bandlik va o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlash o‘rtasidagi chegara aniq emas.
“Masalan, inflyuyenserlarni (ko‘p sonli obunachilari bo‘lgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari — tahrir.) band deb hisoblash mumkinmi? Agar shunday bo‘lsa, ular o‘zlarini ish bilan ta’minlaydimi yoki ular mahsulotlarini reklama qiladigan kompaniyalarning xodimlarimi? Video olish, mahsulotni sinovdan o‘tkazish yoki tegishli sayohatlar uchun sarflangan vaqtni ish vaqti deb hisoblash kerakmi?” degan ekspertlar.
Qayd etilishicha, ularning asosiy vazifasi mamlakatlar uchun tegishli tavsiyalar tayyorlashdir.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, AQSH va Kanadada ish bilan ta’minlashning yangi shakllarini o‘rganish bo‘yicha harakatlar asosan frilansing va raqamli platformalarda bandlikni baholashga qaratilgan.
Avstraliya statistika byurosi esa har yili bandlik xususiyatlari bo‘yicha so‘rov o‘tkazadi. Ma’lumotlar bir nechta ish joyiga ega bo‘lgan xodimlar, chaqiruv asosida ishlaydiganlar va mehnat shartnomalari bo‘yicha yig‘iladi.
Hisobotga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi holatida masofadan turib ishlash mavzusi ko‘plab mamlakatlarda diqqat markaziga aylandi. Kanada, Latviya, Belarus, Polsha va Avstriyada inqirozga qarshi kurashning bir qismi sifatida ish joyi, xususan uydan ishlash masalalari statistikaga qo‘shilgan.
LiveBarchasi