Fransuzlar O‘zbekiston haqida film oldi

Madaniyat-san’at

Joriyning noyabr oyida dunyodagi eng yirik muzey hisoblangan Parijdagi Luvr muzeyida O‘zbekiston madaniy merosining ilk ko‘rgazmasi ochiladi.

Shu munosabat bilan 23 oktyabr kuni Toshkentda “O‘zbekiston. Markaziy Osiyo bo‘ylab vaqtdan tashqaridagi sayohat” nomli hujjatli film namoyishi bo‘lib o‘tdi. 

Taqdimotda so‘zga chiqqan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva bu film nafaqat O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ahamiyatini oshirishga, balki uning Fransiya bilan o‘zaro aloqalarini ham mustahkamlashga hissa qo‘shishini ta’kidladi.

“Joriy yilning noyabr oyida Luvr muzeyida “O‘zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” deb nomlangan ko‘rgazmani tashkil etmoqdamiz. Ishonchim komilki, ushbu ko‘rgazma ham davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar tarixining yangi sahifasi sifatida xalqaro hamjamiyatda O‘zbekistonning yangi qiyofasini namoyon etadi.


Bizning maqsadimiz – O‘zbekistonning bebaho madaniy-tarixiy merosini jahon madaniyat maydonida keng yoyish va madaniyatlararo almashinuvni rivojlantirishdan iborat”, deydi Mirziyoyeva.

Mazkur film O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Fransiyaning “Les Poissons volants” kinokompaniyasi, “ARTE” madaniat telekanali hamda Luvr muzeyi bilan hamkorlikda yaratilgan.  

Ko‘rgazmada eramizdan avvalgi V-VI asrlardan Temuriylar hukmronligigacha bo‘lgan davrni qamrab oluvchi 168 ta muzey ashyosi, xususan, O‘zbekiston Respublikasining 16 ta muzeyidan 137 ta eksponat hamda dunyoning boshqa shaharlaridagi muzeylardan 31 dona osori-atiqa taqdim etiladi.

“Biz gapirayotgan ko‘rgazma Fransiya jamoatchiligiga Parij tashqarisiga chiqmasdan turib O‘zbekistonning boy madaniy merosi bilan tanishish uchun imkoniyat yaratadi. Chunki, u butun mamlakat bo‘ylab tanlangan 130 dan ortiq ashyo va buyumlarni o‘z ichiga olgan. Bu eksponatlarning aksariyati mamlakatning turli muzeylarida saqlanadi va ko‘plari arxeologik qazishmalar paytida topilgan. Aytish joizki, fransuz arxeologlari O‘zbekiston hududida juda jadal ishlamoqda. Ayniqsa, ko‘rgazmaning kuratori bo‘lgan mashhur arxeolog janob Rokko Rante ular qatoridan joy olgan. Bu esa yana bir bor mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik tobora kengayib borayotganidan dalolat beradi. Luvrdagi ko‘rgazma bois ko‘plab muzey mehmonlari O‘zbekistonni tanib borishmoqda, ularning soni yiliga 10 millionni tashkil etadi va bu nafaqat Fransiya va qo‘shni davlatlar aholisi. Luvrga tashrif buyuruvchilar butun dunyodan san’at ixlosmandlaridir”, deya ta’kidladi Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushez.

Fransiyalik mashhur kinorejissyor Jivko Darakchiyev muallifligida suratga olingan hujjatli film eng oddiy, o‘zbeklarning kundalik turmushidagi xalqona detallarga boyligi bilan ahamiyatli. Hatto, cho‘llarimizda daraxtlarni, saksovullarni kesib, tashib ketuvchilar ham film ijodkorlari e’tiboridan chetda qolmagan. Bu haqida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori maslahatchisi Elmurod Najimov ham tilga o‘tdi:

“Videodan ham ko‘rish mumkinki, Toshkent viloyatining Yangiobod bozori va shu kabi jihatlarga boshqa filmlarda uncha etibor qaratilmaydi. Bunda birinchi navbatda film hujjatli film bo‘lgani uchun yurtimizdagi bor holatlarni ko‘rsatib berilgan. Maqsad ham aynan oddiylikdan tortib to mukammallikkacha bo‘lgan jarayonlarning qanday kechinma va holatlarda bo‘lishini ko‘rsatib berish bo‘lgan”.

Hujjatli film 15 asrlik tarixni o‘z ichiga olib, o‘sha davrdagi madaniy osori-atiqalar va boshqa arxeologik topilmalarni aks ettirgan. Mazkur film hamda Luvr muzeyidagi ko‘rgazma sharofati bilan yiliga mamlakatimizga tashrif buyuradigan 20 ming nafar fransuz sayyohlarining soni yanada oshishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

116

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing