Makron Fransiya Zelenskiy aytgan ehtiyojlarni qondirishini aytdi
Olam
−
05 may 2022
4556Fransiya Ukrainaga 300 million dollar miqdorida qo‘shimcha yordam beradi. Shu tariqa mamlakatning Kiyevga ko‘rsatgan umumiy yordami 2 milliard dollarga yetadi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Emmanuel Makron Ukraina donorlari konferensiyasi chog‘ida ma’lum qildi.
“Umuman olganda, 2022 yilda Fransiya Ukraina uchun 1,7 milliard dollar mablag‘ ajratdi. Ikki oydan ortiq Rossiya tajovuzidan so‘ng, Ukraina aholisining gumanitar ehtiyojlari va mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat yangi sa’y-harakatlar zarurligini ko‘rsatmoqda. Bugun men Fransiya Ukrainaga global yordamni 2 milliard dollargacha oshirish niyatida ekanini e’lon qilmoqchiman, bu esa Vladimir Zelenskiy aytgan ehtiyojlarni qondiradi”, degan Makron.
Avvalroq, Fransiya hukumati Matbuot kotibi Gabriel Attal Rossiya harbiy amaliyoti boshlanganidan beri Fransiya Ukrainaga 100 million yevrolik gumanitar yordam, 615 tonna tibbiy va gumanitar texnika, shuningdek, qiymati 100 million yevrodan ortiq bo‘lgan harbiy texnika va qurol-yarog‘ yetkazib berganini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot uchun, AQSH Prezidenti Jo Bayden Vashington Kiyevga iqtisodiy yordam sifatida qo‘shimcha 500 million dollar ajratishini e’lon qilgan. AQSH Prezidenti bu mablag‘lar Kiyevga iqtisodiyotni barqarorlashtirish, maoshlar to‘lash va aholiga zarur xizmatlar ko‘rsatish uchun berilishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, Vladimir Zelenskiy Ukrainani qayta tiklash uchun kamida 600 milliard dollar kerak bo‘lishini aytgan edi.
LiveBarchasi