Fransiya xalqi karantinda o‘tiribdi. Amaldorlar esa aysh-ishratda

Olam

image
0:00
0:00
download

Joriy yilning 4 aprel kuni Parij prokurori mamlakat hukumati a’zolari ishtirokida maxfiy bazmlar uyushtirilgani, unda karantin qoidalariga rioya qilinmagani to‘g‘risida tergov o‘tkazilishini e’lon qildi. Bu haqda mahalliy “Le Figaro” nashri yozmoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2 aprel kuni shunday bazmlardan birining videosi Fransiyaning M6 telekanali tomonidan namoyish etilgan. 

Qayd etilishicha, kadrlar Parijdagi restoranlardan birida yashirin kamera bilan olingan. Videoda mehmonlarning masofani saqlamasdan va niqob taqmasdan o‘tirgani, ba’zilarining, hatto, bo‘sa olayotgani aks etgan. 

Maxfiy kechki bazmlarni tashkillashtirgan guvoh ismi sir qolishi sharti bilan mehmonlar orasida vazirlar ham bo‘lganini ma’lum qilgan.

Mahalliy telekanalning ushbu lavhasi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari hamda Fransiya hukumatining ayrim a’zolarini g‘azablantirgan. 

O‘z o‘rnida, mamlakatning Iqtisodiyot va moliya vaziri Bryuno Le Mer vazirlarga ham bunday joylarga emin-erkin kirishga ruxsat yo‘qligini ta’kidlagan. Ichki ishlar vaziri Jerald Darmanen esa ushbu ma’lumotlarini tekshirishni talab qilgan.

Keyinroq “Le Parisien” nashrining yozishicha, reportajdagi sirli guvoh tezda aniqlangan. Bu Parijdagi “Palais Vivienne” nomli qasr egasi Per-Jan Shalanson bo‘lib chiqqan. Shalansonning advokati vazirlarning maxfiy kechasi haqidagi gaplar hazil ekanini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, Fransiyada restoran va kafelar 2020 yil oktyabridan beri yopiq. Joriy yilning 3 aprelidan pandemiyaning uchinchi to‘lqini boshlanishi sabab butun mamlakat bo‘ylab qayta karantin joriy etilgan. 

Fransiya aholisi komendantlik soatlariga rioya qilishi shart, faqat zarur mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanadigan do‘konlar ochiq. Maktablar va bolalar bog‘chalari uch haftaga yopilgan.

Fransiya koronavirus bilan kasallanganlar soni bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turibdi. Mamlakatda 4,9 million kasallikni yuqtirish holati aniqlangan va ulardan 97 ming nafari vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

110

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing