Fransiya Qozog‘istonni “qo‘lga olmoqchi” bo‘lgan Ablyazovni tashqariga uloqtiryapti

Olam

image

Fransiya hukumati “Bank Turan Alem” AJ (BTA Bank) sobiq rahbari Muxtor Ablyazovni qochqinlik maqomidan mahrum qildi. Bu haqda kecha, 21 dekabr kuni boshpana masalalari bo‘yicha milliy sudga tayanib “Le Figaro” gazetasi xabar berdi. 

“Fransiya Qozog‘istondagi ta’qiblardan qo‘rqqan muxolifat yetakchisi Muxtor Ablyazovning qochqinlik maqomini olib tashladi”, deb yozadi gazeta.  

Sud Ablyazovni katta hajmda o‘g‘irlik qilgan, deb hisoblash uchun jiddiy asoslar borligi sababli ekstraditsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. 

Sud qochqinlar maqomini tartibga soluvchi Jeneva konvensiyasiga murojaat qildi. Bu, xususan, og‘ir jinoyat sodir etgan shaxsdan qochqinlik maqomini olib qo‘yish imkonini beradi. Bu qoida jinoyatchi jazodan qochmoqchi bo‘lgan holatlarda qochqinlik maqomidan foydalanishini istisno qilish uchun mo‘ljallangan.

Ablyazov ishi

Muxtor Ablyazovga nisbatan Rossiya, Qozog‘iston va Ukrainada jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Qozog‘istonda Ablyazov 7,5 milliard dollarni o‘zlashtirishda ayblanmoqda. Unga nisbatan ish 2009 yilda qo‘zg‘atilgan, shundan so‘ng bankir mamlakatdan qochib ketgan va Interpol tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan. Rossiyada sud Ablyazovni sirtdan 15 yillik qamoq jazosiga hukm qildi.

2013 yilning iyulida Ablyazov Fransiyada hibsga olingan edi. Uning ekstraditsiya qilinishini bir vaqtning o‘zida Rossiya va Ukraina so‘ragan. Natijada, Rossiya so‘roviga ustunlik berildi, 2015 yil sentyabr oyida Fransiya hukumati sudlanuvchini Rossiyaga ekstraditsiya qilishni buyurdi. Ablyazovning himoyachisi unga nisbatan qo‘zg‘atilgan ish siyosiy sabablarga ko‘ra ekanligini va ekstraditsiya haqidagi qarorning bekor qilinishiga erishilganini aytdi. 

2018 yilning noyabrida Qozog‘iston sudi sobiq bankirni sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan edi. Keyin u kredit tashkiloti boshqaruvining sobiq raisi Yerjan Tatishevning o‘ldirilishini uyushtirganlikda aybdor deb topildi. 

2020 yil sentyabrida Ablyazovga Fransiyada siyosiy qochqin maqomi berildi, biroq oktyabrda u hibsga olinib, “ishonchni suiiste’mol qilish” va “pul yuvish”da ayblandi. Joriy yilning yanvar oyida unga nisbatan qo‘yilgan jinoyatlar bo‘yicha da’vo muddati o‘tgani bois ish to‘xtatildi. 

Yanvar oyi boshida Qozog‘istondagi tartibsizliklar fonida Muxtor Ablyazov “Reuters” agentligiga bergan intervyusida Olma-Otadagi namoyishchilar har kuni undan qanday harakat qilish kerakligini so‘rashganini aytdi. U, shuningdek, agar norozilik yetarlicha kengaysa, Qozog‘istonga qaytib, “muvaqqat hukumat”ni boshqarish niyatida ekanini aytdi. U mamlakatidagi tartibsizliklar vaqtida odamlarni ma’muriy binolarni egallashga chaqirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

297

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing