O‘zbekiston Turkmaniston va Qirg‘iziston bilan chegarada ESZ tashkil qiladi

Jamiyat

image

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekistonning Turkmaniston va Qirg‘iziston bilan chegarasida “Qo‘ng‘irot” va “Do‘stlik” erkin savdo zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasi joylashtirildi.

Loyihaga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida Turkmaniston bilan chegaradosh hududida «Qo‘ng‘irot» erkin savdo zonasi hamda Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh hududida “Do‘stlik” erkin savdo zonasi tashkil etilishi mumkin.

Erkin savdo zona (EZS)larining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanishi ko‘zda tutilgan:

•    tovarlar savdosi uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, shu jumladan, konsignatsiya omborlarini, tovarlarga ishlov berish, ularni o‘rab-joylash, saralash, saqlash uchun maydonchalarni tashkil etish;
•    xalqaro va mintaqaviy ulgurji hamda chakana zamonaviy savdo formatlarini rivojlantirish;
•    chegara hududlarida logistika xizmatlarining to‘liq spektrini rivojlantirish;
•    ko‘rgazmalar faoliyatini rivojlantirish orqali mamlakatlar biznesining hududlararo kooperatsiyasini yaxshilash;
•    chegara hududlarida aholi farovonligini oshirish va ish o‘rinlarini yaratish;
•    terminal va transport faoliyatlarini, tibbiy va moliyaviy xizmatlarni, ko‘ngilochar; mehmonxona va restoran biznesini, tijorat xizmatlar infratuzilmasini tashkil etish.
•    savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik majmuasi hisoblanib, qo‘shni davlatlar rivojlanishining ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlarini hisobga olish tamoyillariga, davlatlararo munosabatlarning xususiyatiga va tarixiy shakllangan aloqalariga, shuningdek, chegara hududlarini rivojlantirish uchun tabiiy resurs va infratuzilma sharoitlariga asoslanishi;
•    hududlarida amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish loyiha tashabbuskorlari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar, Xalqaro moliya institutlari hamda tijorat banklari kreditlari va boshqa O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ta'qiqlanmagan manbalar hisobidan amalga oshirilishi;
•    faoliyat yuritishi muddati, keyinchalik uni uzaytirish imkoniyati bilan 30 yil muddatga tashkil etilishi;
•    hududidagi yer uchastkalari ESZ direksiyalari tasarrufida turadi va ESZ ishtirokchilarining foydalanishi uchun maxsus iqtisodiy zonalar ma’muriy kengashlarining qarorlari asosida berilishi;
•    ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi bilan taqiqlanmagan faoliyat turlarini amalga oshirishi mumkinligi;
•    hududlarida chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirish huquqi bilan erkin bojxona zonasi bojxona rejimi joriy etiladi. Bunda ESZga olib kirilgan tovarlar O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududidan tashqarida joylashgan deb hisoblanishi;
•    ishtirokchilari ESZning faoliyat yuritish muddati davomida mol-mulk solig‘idan, yer solig‘idan, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovlarni to‘lashdan ozod etilishi;
•    hududlarida tovarlar (ishlar va xizmatlar) savdosi uchun to‘lovlar va pul o‘tkazmalari joriy operatsiyalar uchun erkin konvertatsiya tamoyiliga asosan tovarlar (ishlar va xizmatlar) uchun, davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa shartli to‘lovlardan tashqari, xorijiy valyutada to‘lovlarni amalga oshirishga ruxsat etilgan holda amalga oshirilishi;
•    hududlariga(dan) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, respublika hududida joylashgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tegishli tasdiqlovchi hujjatlar asosida kirib-chiqishi;
•    hududlariga Turkmaniston va Qirg‘iziston Respublikasidan kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning kirish tartibi, xalqaro sayohat qilishning amaldagi hujjatlari asosida amalga oshiriladi. Bunda ularning ESZ hududlarida viza rasmiylashtiruvisiz bo‘lish muddati besh kun etib belgilangani;
•    hududlariga voyaga yetmaganlarning kirib-chiqishi shaxsni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar asosida ota-onalari yoki ulardan biri hamrohligida amalga oshirilishi;
•    hududlariga tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tovarlarni olib kirish yoki u yerdan olib chiqish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshirilishi;
•    hududlariga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan naqd pul valyuta olib kirish va u yerdan olib chiqish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshirilishi belgilab qo‘yiladi.

Loyihaga ko‘ra, ESZ faoliyatlarini muvofiqlashtirish vazifasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Andijon viloyati Maxsus iqtisodiy zonalar ma’muriy kengashlari zimmasiga yuklatiladi. 

Hujjat loyihasi 26 iyungacha muhokama qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

chegara savdo zonasi

Baholaganlar

90

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing