Forma va qimmat darslik g‘ami bilan chalingan birinchi qo‘ng‘iroq
Jamiyat
−
05 Sentabr 2022
8244Majburiy maktab formasi, qimmatlashgan maktab darsliklari ijarasi. Katta muhokamalarga sabab bo‘lgan mana shunday muammolar bilan yangi o‘quv yili ham boshlandi!
5 sentyabrda mamlakatdagi 10 130 ta maktablarda “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbiri bo‘lib o‘tdi. QALAMPIR.UZ muxbirlari esa ikki xil sharoitdagi va ikki xil manzildagi maktablarga borib, bolalarini maktabga yetaklab kelgan ota-onalar bilan suhbatlashdi hamda ularning majburiy maktab formasi, darsliklar ijara to‘lovining oshgani borasidagi fikrlarini o‘rgandi.
Toshkent shahri Olmazor tumani 234-maktabda bo‘lgan muxbirimiz Feruza Najmiddinova ota-onalar majburiy maktab formasiga qarshi emasligini, biroq joriy etilayotgan formaning sifati ularni qoniqtirmayotganini aytmoqda.
• “Birinchidan, bu formani biz bozorda ko‘rdik. Talabga javob beradigan darajada tikilmagan. Bu shoshqaloqlik oqibati bo‘lishi ham mumkin. Lekin forma joriy qilinishi kerak, faqat hozir emas. Chunki har xil ota-onalar bor. Birovi forma olib beroladi, birovi olib berolmaydi, kimgadir qimmatlik qiladi, kimgadir arzon”.
• “Hamma ola-bula bo‘lib yurgandan ko‘ra bir xil bo‘lib yursa chiroyli bo‘ladi. Formalar tikilishini ko‘rdim, yaxshi ekan”.
• “Sifati talabga javob beradi. Hamma maktablarda yarmarka tashkil qilindi, o‘shalardan biz ham oldik”.
Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi 28-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga borgan boshqa bir muxbirimiz Hulkar Murtazoyeva esa tadbirdagi maktab o‘quvchilarining deyarli barchasi oldingiday oq-qora formadaligini, ota-onalarning ham ko‘p qismi oq ko‘ylak, qora rangli shim va yubkani ma’qul ko‘rayotgani guvohi bo‘ldi. Ammo viloyatda ham majburiy maktab formasini xohlovchilar yo‘q emas.
• “Hozirgi oq-qoralar yaxshi. Ko‘plarning imkoniyati yetmaydi, deb o‘ylayman. Masalan, mening nabiralarimning otasi yo‘q. Shuning uchun biror homiy bergan kiyimni kiyishaveradi. Chunki hoxlaganini olisholmaydi”.
• “Menga o‘zimizning davrimizdagi formalar ma’qul edi. Chunki kimningdir qurbi yetadi, kimnikidir yo‘q. Shuning uchun bir xil forma bo‘lsa, kimnidir kamsitish bo‘lmaydi”.
• “Oq ko‘ylak, qora shim arzonga tushadi-da. Bitta formaning puliga ikkita bolani kiyintirsa bo‘ladi. Uch-to‘rt farzandi borlarga qiyinda”.
Shuningdek, u hudud deputati Shuhrat Mahmudovga bu mavzudagi fikrlarini eshitish maqsadida mikrofon tutdi.
• “Menimcha, shunday bo‘lishi kerak edi. Ko‘nikib ketamiz. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Chunki boshqa dunyolarda narxlar bundan o‘n baravar, yuz baravar qimmat”.
So‘nggi kunlarda maktab darsliklarining narxi oshgani ham keng jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi. Toshkent shahrida yashovchi ota-onalar mana bunday fikrda:
“O‘tgan yili kitoblar yaxshi narxda bo‘lgan. Shuning uchun har bitta ota-ona og‘rinmay bera olardi. Oshganiga keladigan bo‘lsak, xalq qiynaladi, deb o‘ylayman”.
“Narxlari o‘rtacha, unaqa qimmat emas. Bizning ham ikkita farzandimiz o‘qiydi”.
“Endi davlat yordam berib tekin qilsa yaxshi. Bo‘lmasa, to‘lashga majbur bo‘lamiz”.
Ulardan farqli ravishda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani aholisi darsliklar narxi oshganidan butunlay norozi.
“Hozir ham shuni gaplashib kelyapman. Bu narx bir yilga qimmat-da”.
“Bu yerda odamlar, asosan, dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Zavod-fabrikalar kam, bo‘lsa ham poliklinika va maktabda ishlashadi. Qolgan hamma dehqonchilik bilan band. Shuning uchun qancha arzon bo‘lsa shuncha yaxshi. O‘zimizning davrimizdagidek kutubxonalarda tekin berilsa bo‘lardi”.
Yaqin yillardan boshlab maktablarda joriy etila boshlagan “kundalik.com”ni viloyatdagi va shahardagi ota-onalarning ko‘pchiligi yoqlasa, aksar ota-onalar oddiy kundalikning avzalligini aytmoqda.
Forma masalasi, dasliklarning ijara narxi haqida gapirilar ekan, hududlarda farqlar seziladi. Toshkent shahridan ozroq uzoqlashilganda holat shu bo‘lsa, chekka hududlardagi vaziyatni tasavvur qilish qiyin emas, bizningcha. Shu sababli ham mas’ullar qaror qabul qilishdan oldin kabinetdan tashqariga chiqib, hududlarni, odamlarning yashash tarzini o‘rganib, keyin xulosa chiqaradigan payt keldi.
Muxbirlar ota-onalar bilan suhbatlashish asnosida maktablarga ham kirib, maktab direktori va o‘qituvchilar bilan ham ushbu mavzularda suhbatlashishni istadi. Chunki bolalar eng ko‘p vaqtini maktabda o‘tkazadi. Kezi kelganda ta’limga qo‘shib tarbiyani ham maktabdan talab qilamiz. Ustiga-ustak ta’limga kiritilayotgan har qanday o‘zgarish va yangiliklarning bosh targ‘ibotchisi va mas’uli, kerak bo‘lsa, jabrlanuvchisi ham aynan o‘qituvchilar bo‘ladi. Aytaylik, o‘quv yili boshidan hamma oila ham farzandining kitobi uchun pul yetkazib berolmaydi. Kitob pulini yig‘ib olishga esa bevosita o‘qituvchi mas’ul. O‘qituvchi hali sinfxona kirmasdan gapni pul yig‘ishdan, “falonchiyev, kitobni pulini qachon olib kelasan?”, deyishdan boshlaydi. Qarabsizki, to noyabrgacha shu gap. 40 daqiqalik darsning avvali kitobi yo‘qlarni ro‘yxatga olish bilan boshlanib, oxiri ulardan kelasi safar pulni olib kelishni eslatish bilan tugaydi. Pulni vaqtida yig‘olmagan “bo‘shroq” o‘qituvchilar yo kitobi yo‘q o‘quvchilar uchun yuqoridan gap eshitadi, yo “shularning chakigi o‘chsin”, deb o‘z maoshidan kitob pulini to‘lab yuboradi.
Aniq bilamizki, bu masalalar bo‘yicha o‘qituvchilarning aytaman desa gapi ko‘p. Lekin direktorlar izn bermasa-chi. Masalan, Olmazor tumanidagi 234-maktabning o‘ziga xon, ko‘lankasi maydon direktori Nasiba Nazarova OAV bilan gaplashish uyoqda tursin “shaxsiy” mulki bo‘lgan maktabga muxbirlarni kiritmadi.
Odatda maktab va undagi muammolar haqida gap ochilganda, ota-onalarning e’tirozlariga o‘qituvchilarda ham javoblar talayligi haqida uzoq-uzoqlardan pichir-pichirlar quloqqa chalinadi. O‘qituvchilarni ham eshitaylik, deb ularga mikrofon tutmoqchi bo‘lganimizda esa o‘rtada katta temir devor paydo bo‘ladi. Bu devor eng kamida o‘sha maktabning direktori. Bu safar ham shunday. Xo‘sh, biz o‘qituvchilarni qachon eshita olamiz? Ular qo‘rqmay gapira oladimi?
Mavzuni davom ettiramiz, zotan o‘quv yili uzun. Ko‘ramiz, oldinda bizni yana nimalar kutyapti ekan?!
Hulkar Murtazoyeva
LiveBarchasi