Otaturk aeroporti bilan yig‘lab xayrlashishdi

Olam

Joriy yilning 5 aprel kuni soat 02:00 da Otaturk xalqaro aeroportidan oxirgi parvoz amalga oshirildi. 7 apreldan boshlab duyoning eng katta aeroporti deya e’tirof etilgan Istanbul xalqaro aeroporti to‘liq ish boshladi. 

Bundan 86 yil avval ish boshlagan Otaturk nomidagi Istanbul xalqaro aeroporti qanchadan-qancha ayriliqlar, yaqinlarning mehrga to‘la uchrashuvlari, ilk sevgi izhorlaridan tortib, turmushga chiqish takliflariga guvoh bo‘lmadi, deysiz. Otaturk aeroporti xodimlari bu kunlarni o‘z yaqinlari hayotida bo‘lgan voqealar kabi yaxshi xotirlaydilar. 

Aeroport 1933 yilda Istanbul-Anqara parvozi bilan ish boshlagan edi. U vaqtlarda aeroport nomi “Yashilko‘y” deb nomlandi. Oradan 20 yil o‘tib, 1953 yilda ushbu aeroportda xalqaro parvozlar boshlandi. 1985 yilga kelib unga Mustafo Kamol Otaturk nomi berildi. 

Ijtimoiy tarmoqlar, YouTube videoportaliga joylashtirilgan videolardan shuni ko‘rish mumkinki, Turk havo yo‘llari xodimlari, Otaturk aerportida uzoq yillar davomida faoliyat yuritgan ishchilar, uchuvchi va xizmatchilar, hatto, ayrim yo‘lovchilar eski aeroport bilan ko‘zida yosh bilan xayrlashgan. 

“Bu yerni doim tabassum bilan xotirlayman. Bu yerda juda yomon kunlarni boshdan o‘tkazdik. Shunday bo‘lsada, oyoqda tik turishni, hayotga kulib qarashni o‘rgandik”, deydi xodimlardan biri. 

Aerportda uzoq yillar davomida faoliyat yuritgan xodimlaridan birining aytganlari esa yuraklarni larzaga keltiradi. 

“Men qayerga borsam, tosh to‘playman. Yerdan bir toshni olib, o‘paman va cho‘ntagimga solaman. Bu yerdan bir dona tosh ham olib keta olmasman. Ammo, xotiralarni o‘zim bilan olib ketyapman”, deydi u. 

Ma’lumot o‘rnida, yangi aeroportda 6 ta alohida uchish-qo‘nish yo‘lagi, 500 ta samolyotni qabul qila olish imkoniyati, 70 ming avtomobil to‘xtashi uchun ochiq va yopiq turargoh, 20 ming kishi uchun kutish joyi mavjud. U har yili 200 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi.

Maydoni jami 76,5 mln kv metr bo‘lgan aeroportning dastlabki qismi ochilishi uchun 6 mlrd yevro mablag‘ sarflangan. Hozirda u 90 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi. 2023 yilgacha aeroportning qolgan qismi qurib bitkaziladi.

Yangi aeroportda 350 ta yo‘nalish bo‘yicha parvozlar amalga oshiriladi. Aeroportning 451 xonali yuqori texnologiyali mehmonxonasi ham mavjud.
 


Maqola muallifi

Teglar

Otaturk aeroporti

Baholaganlar

209

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar