Fitr sadaqasi nima va u kimlarga beriladi?

Jamiyat

image

Fitr sadaqasi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hadislarida bayon etilgan quyidagi to‘rt narsaning qiymati barobarida chiqariladi. Ular: bug‘doydan yarim so’, arpadan bir so’, mayizdan yarim so’ va xurmodan bir so’dir. Bir so’ taqriban (≈) 4 kilogrammga teng.

Xabaringiz bor, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’atining 2020 yilgi fitr sadaqa va fidya miqdori bo‘yicha qarori qabul qilingan edi. Bugungi kunda yuqoridagi mahsulotlarning Toshkent shahar bozorlaridagi narxlari o‘rganilganda 1 kg. bug‘doy o‘rtacha to‘rt ming so‘m, 1 kg. arpa o‘rtacha uch ming so‘m, 1 kg. mayiz o‘rtacha o‘ttiz besh ming so‘m va 1 kg. xurmo o‘rtacha o‘ttiz ming so‘m ekani ma’lum bo‘ldi.

Shunga ko‘ra, 2020 yil (1441 hijriy) uchun FITR sadaqasining miqdori:

≈ 2 kilogramm bug‘doy 8 000 (sakkiz ming) so‘m;

≈ 4 kilogramm arpa 12 000 (o‘n ikki ming) so‘m;

≈ 2 kilogramm mayiz 70 000 (yetmish ming) so‘m;

≈ 4 kilogramm xurmo 120 000 (bir yuz yigirma ming) so‘m deb belgilansin.

Har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu to‘rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya.

Fitr sadaqasi aslida nima?

Fitr sadaqasi nisob miqdoridagi mol-mulkka ega hur va musulmon bo‘lgan kishilar uchun hayt tongida ado qilishi vojib bo‘lgan sadaqadir. Fitr sadaqasining vojib ekanligida o‘ziga xos hikmatlar bor.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u zot: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr sadaqasini ro‘zador uchun behuda gap-so‘z va harakatlardan poklanish va miskinlar uchun taomlanish bo‘lishi uchun farz qildilar. Kim uni hayt namozdan oldin ado qilsa, u maqbul sadaqadir. Kim uni hayit namozdan keyin ado qilsa, sadaqalardan bir sadaqani bo‘ladi”-dedilar. Abu Dovud va Doramiy rivoyat qiladi.

Ushbu hadisi sharifdan fitr sadaqasining hukmini va uning savobini topish bilan birgalikda ikkita hikmat va foyda ko‘zda tutilishi ma’lum bo‘ladi.

Birinchi hikmati va foydasi fitr sadaqasi ramazon ro‘zasini xato va kamchiliklardan poklaydi. Shuning uchun Vake’ ibn Jarroh “Ramazon oyining fitr sadaqasi xuddi namozning sahv sajdasiga o‘xshaydi. Namozning vojib amali tark bo‘lgan vaqtda sahv sajdasi namozni to‘g‘rilagandek, fitr sadaqasi ro‘zaning kamchiliklarini to‘g‘rilaydi”  deydi. Lekin biror uzr bilan ro‘za tutolmagan kishilar ham, ro‘za tutish vojib bo‘lmagan yosh bolalarga ham fitr sadaqasini berish vojib bo‘ladi.

Ikkinchi hikmati va foydasi hayit kunida kambag‘al va miskinlar, yetim va bechoralarni xursand qilish, ularning ochliklarini ketkazib, haqiqiy bayram kayfiyatini ularga berishdir. Shuning uchun ham fitr sadaqasini hayit kuni tong vaqtida berish vojib bo‘ladi. Ammo, ramazonning avvalida, oldindan bersa joiz. Hayit namozidan keyinga qoldirmaslik kerak. Namozdan keyinga qolsa ham soqit bo‘lmaydi. Hattoki, zimmasiga vojib bo‘lgandan so‘ng inqirozga uchrab kambag‘al bo‘lgandan keyin ham fitr sadaqa soqit bo‘lmaydi.

Fitr sadaqasi vojib bo‘lish shartlari.

  • Hur bo‘lish.

Fitr moliyaviy ibodatlardan bo‘lgani uchun hur bo‘lmagan kishilarga vojib bo‘lmaydi. Chunki qulning mol-mulki bo‘lmaydi. Balki, qul xojasining mulki bo‘ladi. Agar xojasiga fitr sadaqa vojib bo‘lsa, xizmat qilib turgan qulning ham fitr sadaqasini berish xojasiga vojib bo‘ladi.

  • Musulmon bo‘lish.

Fitr sadaqasi ibodat va u bilan qurbat (savob) hosil bo‘ladi. Ibodatlarning to‘g‘ri bo‘lishi uchun xolis Alloh uchun degan niyat bo‘lishi lozim. Bunday niyat esa faqat musulmon kishidangina durust bo‘ladi.

  • Nisob miqdoridagi mulkka ega bo‘lish.

Fitr sadaqasi moliyaviy ibodat bo‘lgani uchun ma’lum bir miqdordagi mol-mulkka ega kishiga vojib bo‘ladi. Faqir va miskinlarga vojib bo‘lmaydi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollalohu alayhi vasallam sadaqa boylikni orqasidan vojib bo‘ladi” dedi. Imom Ahmad rivoyat qiladi.

Rasululloh sollalohu alayhi va sallam ushbu hadisi sharifda fitr sadaqni vojib bo‘lishi boy bo‘lgan, ma’lum bir moddiy quvvati bor kishiga vojib bo‘lishini bayon qilmoqda. Islom dini yengil, uning moliyaviy ibodati ham yengil bo‘lishi kerak. Sadaqani yengil ado qilinishi ma’lum miqdordagi nisobga ega bo‘lgandan keyin bo‘ladi.

Ammo shu narsa bilish kerakki, zakotning nisobi boshqa, fitr sadaqasining nisobi boshqa. Zakot nisobi faqat zakot chiqariladigan o‘suvchi mollardan hisob qilinadi. Fitr sadaqasining nisobi esa asliy hojatdan (ishlatilib turgan mol-mulkdan) tashqari mol-mulklar ham hisob qilinadi. Ushbu fitr sadaqasini nisobiga ega kishiga o‘zining va balag‘otga yetmagan faqir farzandining fitr sadaqasi vojib bo‘ladi. Xotinining, balag‘otga yetgan farzandining va balag‘otga yetmagan boy farzandining fitr sadaqasi vojib bo‘lmaydi. Lekin mazkurlarni fitr sadaqasini bersa ado topadi. Shu boylikka ega kishiga boshqalarning zakotini, sadaqasini va nazrini olmoq harom bo‘ladi. Shuningdek qurbonlik qilish va nafaqasiz qolgan mahram qarindoshlarning nafaqasini qilish vojib bo‘ladi.

Fitr sadaqasi zakot beriladigan kishilarga berish bilan ado topadi.

Jaloliddin Xolmo‘minov

“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus bilim yurti, Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

 

Maqola muallifi

Teglar

Fitr sadaqasi

Baholaganlar

386

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar