“Fitch Ratings” O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi sekinlashishini bashorat qildi

Jamiyat

image

“Fitch Ratings” agentligi joriy yilda O‘zbekistonning real iqtisodiy o‘sish sur’ati prognozini 3,1 foizgacha pasaytirdi va O‘zbekiston suveren kredit reytingini VV- (barqaror kutilma) darajada baholadi. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati agentlikning kecha, 1 aprel kuni e’lon qilingan hisoboti ma’lumotlariga tayanib, xabar berdi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, mamlakatning mustahkam tashqi va fiskal zaxiralari, mo‘tadil davlat qarzi darajasi va “BB” reytingiga ega mamlakatlarga nisbatan yuqori o‘sish sur’atlari respublika suveren kredit reytingini qo‘llab-quvvatlovchi omillardan hisoblanadi.

Biroq, mamlakatning xomashyo tovarlariga bog‘liqligi, institutsional va boshqaruv sifati darajalarining sustligi, yuqori inflyatsiya darajasi hamda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotning (YAIM) pastligi respublika kredit reytingini cheklovchi omillar sifatida keltirilgan.

Qayd etilishicha, jahonda yuzaga kelgan vaziyat O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishning pasayishiga, 2022-2023 yillarda joriy operatsiyalar hisobi defitsiti va inflyatsiya darajasining ortishiga olib keladi. Agentlikning yangilangan prognoziga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekistonning real iqtisodiy o‘sish sur’ati 3,1 foizni tashkil qiladi. Mazkur prognoz:

•  pul o‘tkazmalari kamayishi tufayli uy xo‘jaliklari iste’molining kamayishi;
•  investitsiya loyihalarining kechikishi;
•  tashqi qarz jalb qilish shartlarining qat’iylashishi;
•  valyutaning ko‘proq qadrsizlanishi; 
•  yuqoriroq inflyatsiya kutilmalari bilan izohlangan. 

Agentlikka ko‘ra, milliy valyuta kursining pasayishi, yuqoriroq inflyatsiya kutilmalari va oziq-ovqat narxlari sababli 2022 yilda inflyatsiya darajasi o‘rtacha 12,7 foizni tashkil qiladi. 2023 yilda inflyatsiya o‘rtacha 11,6 foiz darajasida prognoz qilingan bo‘lsa-da, inflyatsiya dinamikasiga valyuta kursining tebranishi, gaz va elektr-energiya tariflarining erkinlashtirilishi, nooziq-ovqat va xizmatlar narxining barqarorligi ta’sir qiladi.

“Fitch”ning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning suveren kredit reytingi va kutilmasi quyidagi hollarda oshirilishi mumkin:

•  makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlagan holda yuqori iqtisodiy o‘sishga erishilganda va aholi jon boshiga YAIM miqdorining “BB” reytingiga ega davlatlar bilan farqi kamayganda;

•  “qonun ustuvorligi”, “aholi fikrini inobatga olish va hisobdorlik”, “tartibga solish sifati” va “korrupsiyani nazorat qilish” kabi boshqaruv standartlari sezilarli yaxshilanganda;

•  fiskal va tashqi zaxiralar sezilarli oshganda.

O‘zbekistonning suveren kredit reytingi quyidagi hollarda pasaytirilishi mumkin:

•  tashqi moliyaviy ko‘rsatkichlar yomonlashganda, pul o‘tkazmalarining doimiy kamayishi, tashqi savdo defitsitining oshishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar sof hajmining kamayishi sababli joriy operatsiyalar hisobi manfiy saldosining ortishi, xalqaro zaxiralarning sezilarli darajada kamayishi yoki tashqi majburiyatlarning tez oshishi;

•  iqtisodiy o‘sish sur’atining davomiy sekinlashishi, davlat shartli majburiyatlarining davlat tomonidan qoplanishi tufayli davlat qarzining YAIMga nisbati keskin oshishi yoki suveren fiskal buferlarning kamayishi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

72

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made