Fiskal institutda o‘qish tartibi belgilandi  

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal institut va soliq texnikumlari faoliyatini tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab quyidagi tartib joriy etiladi:

•    Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal institutning bakalavriat ta’lim yo‘nalishi kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha o‘qish davomiyligi 4 yil, sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha 5 yil etib belgilanadi;

•    Institutning magistratura mutaxassisliklari kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha o‘qish davomiyligi 1 yil hamda masofaviy, sirtqi va kechki ta’lim shakli o‘qish davomiyligi 2 yil etib belgilanadi;

•    davlat organlarining markaziy apparatida soliqlar va soliqqa tortish, moliyaviy nazorat va audit hamda soliq, moliya va tijorat huquqi, shuningdek iqtisodiyotda axborot texnologiyalari sohalarida kamida 5 yil ish stajiga ega rahbar xodimlarni Institut magistraturasiga ishlab chiqarishdan ajralmagan holda masofaviy, sirtqi va kechki ta’lim o‘qitish dasturlari bo‘yicha o‘qishi uchun qabul qilish tegishli davlat organining birinchi rahbari tavsiyasiga ko‘ra kirish test sinovlarisiz, to‘lov-shartnoma asosida qabul parametrlaridan tashqari amalga oshiriladi;

•    Institutda bakalavriatni imtiyozli tugatgan bitiruvchilar, istisno tariqasida, Institut magistraturasiga test sinovlarisiz, to‘lov-shartnoma asosida, o‘qish qiymatining 50 foizini to‘lab, qabul parametrlaridan tashqari, o‘qishni tugatgandan so‘ng davlat soliq xizmati organlarida kamida 3 yil uzluksiz ishlash majburiyatini yuklagan holda qabul qilinadi.

Shuningdek, “temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlari bo‘lgan hamda Institutga talabalikka tavsiya etilgan yoshlar uchun to‘lov-shartnomasi yoki subsidiya ajratish orqali moliyalashtiriladigan alohida qabul parametrlari belgilanishi mumkin. 

Qaror bilan Fiskal institutning Vasiylik kengashi faoliyatini tartibga soladigan nizom tasdiqlandi.

Kengashning asosiy vazifalaridan biri bakalavrlar va magistrlar tayyorlash sifatini hamda ilmiy-tadqiqotlar samaradorligini oshirishni tashkil etish hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur Institut Prezidentning 2020 yil 4 noyabrdagi PQ–4879-son qarori bilan tashkil etilgan.  


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

117

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing