Finlyandiya Turkiyaga terrorchilar masalasida kafolat va’da qildi

Olam

image

Rasmiy Xelsinki Turkiyaga PKK (Kurdiston ishchilar partiyasi) terror tashkilotining Finlyandiyadagi aloqalarini diqqat bilan kuzatish borasida kafolat berishi mumkin. Bu haqda Finlyandiya Tashqi ishlar vaziri Pekka Xaavisto “Yle” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Xaavisto Xelsinki va Anqara Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lishi bo‘yicha  kelishuvga erishishiga umid bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar bir necha hafta davom etishi mumkin. Siyosatchi Turkiya bilan muzokaralar rasmiy darajada davom etishini  ta’kidladi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy Xelsinki Turkiyaga PKK terroristik tashkilotining Finlyandiyadagi aloqalarini yanada puxta kuzatib borishini kafolatlashi mumkin.

“BizTurkiyaga, albatta, bunday kafolatlarini bera olamiz. PKK Yevropada terrorchilik tashkiloti sifatida tan olinganligi sababli, Finlyandiyada terrorchilik faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha o‘z majburiyatlarimizni bajarish biz uchun muhimdir”, deydi Xaavisto.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi. Xususan, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishi aytildi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala davlatga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi. Bunga ikki davlat Turkiya terrorchi deb tan PKK'ni ko‘llab-quvvatlashi sabab qilib ko‘rsatildi.

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya rasman NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. Erdo‘g‘an esa Turkiya ushbu ikki davlatning NATOga kirishiga yo‘l qo‘yib, Gretsiya bilan yo‘l qo‘ygan xatosini takrorlamasligini aytdi.

 

Mashhura Jo‘rayeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

18

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing