Film: O‘zbekistondagi 70 ming ko‘zi ojizning taqdiri yarim yo‘lda qoldirilmoqda

Intervyu

O‘zbekistonda 70 mingdan ortiq ko‘zi ojizlar istiqomat qilmoqda. Ular orasida 3200 nafardan ortiq o‘quvchilar bor. Ko‘zi ojizlar uchun brayl yozuvida darsliklar va badiiy adabiyotlar, kitoblar nashr etuvchi bosmaxona esa yagona.
 
Bugun bu bosmaxonaning moddiy-texnik bazasi tang ahvolda qolgan. Sovuq, sharoiti yo‘q binoda 40 dan ortiq xodim faoliyat yuritadi. Ularning yarmi ko‘zi ojizlar bo‘lsa, qolgani sog‘lom odamlar. Bu binoda ko‘zi ojizlar tugul, sog‘lar bazo‘r harakatlanadi.
 
Bosmaxona bugun talabni to‘la bajarish imkoniyatiga ega emas, gap yana moliyaviy masalalarga borib taqaladi. 26 yildan buyon O‘zbekiston tarixida ilk bor mamlakat Konstitutsiyasi brayl yozuvida chop etilganidan tushunaveringki, biz ijtimoiy himoyaga muhtojlarni qo‘llab-quvvatlayapmiz degan gaplarni ko‘p hollarda faqat tilda aytganmiz. Amalga kelganda esa...
 
Bugun ko‘zi ojizlar tomonidan 70 nomdagi kitoblarga ehtiyoj bor. Respublikada yagona bo‘lgan ko‘zi ojizlar bosmaxonasi esa bu talabdan bor-yo‘g‘i 18 nomdagi kitob ehtiyojini qondira olgan, xolos.
 
Respublika ko‘zi ojizlar bosmaxonasi – “Yog‘du” nashriyoti bosh muharriri  Rihsivoy Abbosxonov aslida sog‘lom bo‘lib tug‘ilgan. U hozir 41 yoshda. Ikki farzandning otasi. 13 yoshida xastalik sabab ko‘rish qobiliyatini yo‘qotdi. O‘shandan buyon u ko‘zi ojizlarga imkoniyat va shart-sharoit yaratish maqsadida harakat qilib kelmoqda.
 
U dunyoni qalb ko‘zi orqali ko‘radi. Barmoqlari yordamida yozilgan kitoblar esa bugun minglab o‘quvchilar qo‘liga yetib borgan. Biroq, uning ham o‘ziga yarasha muammolari bor.
 
Rihsivoy Abbosxonov bir yarim yildirki Toshkent shahar hokimiyati bilan sudlashadi. Boisi, hokimlik Ko‘zi ojizlar bosmaxonasi binosini Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tasarrufiga berib yuborgan. Ko‘zi ojizlarning qayerga ko‘chirilishi masalasi esa yarim yo‘lda qoldirilgan.
 
60 yildan buyon ko‘zi ojizlar jamiyatiga qarashli bo‘lib kelayotgan eski, nurab yotgan bino bugun ko‘zi ojizlarga ko‘p ko‘rilmoqda. Ijtimoiy himoyaga oid qaror va qonunlar unutilib, ular ko‘chaga quvilmoqda. Birgina keraksizdek ko‘ringan bosmaxona ortida O‘zbekistondagi 70 ming ko‘zi ojizning ma’naviyati, ma’rifati, ta’bir joiz bo‘lsa, taqdiri yotgani mutasaddilarni qiziqtirmayapti.
 
QALAMPIR.UZ ushbu masala yuzasidan Rihsivoy Abbosxonov bilan uchrashdi, bosmaxonada mehmon bo‘ldi. U haqda qisqa metrajli “Zulmatdagi ziyo” nomli film tayyorladi. Ushbu filmni yuqoridagi slayderda va quyidagi havolalarda tomosha qilishingiz mumkin.
 
Agar telefoningiz va kompyuteringizda VPN o‘rnatilgan bo‘lsa, ushbu videointervyuni YouTube’dagi kanalimizda, agar VPN bo‘lmasa, Mover’da ko‘rishingiz mumkin.

 

Mover’da tomosha qiling

 

 


Maqola muallifi

Teglar

RihsivoyAbbosxonov Ko'ziojizlar

Baholaganlar

40

Reyting

4.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar