FIFA JCH-2022da futbolga yangi texnologiyani olib kirmoqchi
Sport
−
01 iyul 2022
4046FIFA 2022 yilning kuzida Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida o‘yindan tashqari holatni aniqlashning yarim avtomatik tizimidan foydalanishini e’lon qildi. Bu haqda FIFA’ning rasmiy saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, stadion tomi ostiga o‘rnatilgan 12 ta maxsus kameralar to‘pning holatini va har bir futbolchining tanasidagi 29 nuqtani, shu jumladan tananing ofsayd bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha qismlarini kuzatib boradi.
Yana bir ajabtovur tarafi shundaki, Qatardagi jahon chempionatida foydalaniladigan to‘plar ichiga maxsus sensor o‘rnatiladi. Yangi texnologiya tufayli videoyordamchi hakamlar futbolchi jamoadoshining uzatmasini qabul qilayotgan vaqtida o‘yindan tashqari holatda qolib ketgani haqida avtomatik ravishda bildirishnoma oladi.
Shundan so‘ng, VAR ofsayd chindan ham mavjudligini tekshiradi va vaziyat haqida bosh hakamga xabar beradi. Qaror tasdiqlangach, stadionda va translyatsiyada o‘yindan tashqari holat aks etgan 3D animatsiya namoyish etiladi.
Qo‘shimcha qilinishicha, yangi texnologiya yordamida ofsaydni aniqlash jarayoni bir necha soniya davom etadi. Albatta, bu hakamlarning vaqtni behuda sarflamasliklariga yordam beradi.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi