Fidan Putin bilan Ukraina bo‘yicha sulhni gaplashdi

Olam

image

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan kecha, 26 may kuni Kremlda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning qabulida bo‘ldi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda Rossiya tomonidan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham ishtirok etdi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligidagi manbalarga ko‘ra, muzokaralarda Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushni tugatish bo‘yicha so‘nggi tashabbuslar va 16 may kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan Ukraina bo‘yicha muzokaralardan keyingi voqealar, iqtisodiyot va energetika sohasidagi ikki tomonlama munosabatlar muhokama qilingan.

Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Fidan bilan Moskvadagi muzokaralarda mehmonning asosiy suhbatdoshi Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bo‘lishini va “bu muzokaralarda asosiy mavzu ikki tomonlama munosabatlar muhokamasi bo‘lishini” eslatgan edi. 

“Albatta, Ukraina masalasi bo‘yicha fikr almashish ham majburiy bo‘ladi”, degandi Peskov.

Turkiya matbuotiga ko‘ra, kecha kuni tushdan keyin Fidan uch yil ichida Istanbulda bo‘lib o‘tgan birinchi to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya-Ukraina muzokaralarida Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilgan Rossiya Prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy bilan uchrashgan.

Bir kun avval Rossiya TIV matbuot xizmati Lavrovning Fidan bilan muzokaralari mavzularini aytib o‘tgan edi. Suriyadagi hamkorlik, Qora dengizda xavfsiz yuk tashish, “Moviy oqim” va “Turk oqimi” gaz quvurlaridan foydalanish shular jumlasidandir.

Fidan Rossiyaga Lavrovning taklifiga binoan kelgan, uning tashrifi ikki kun davom etadi: 26-27 may. Shuningdek, u Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousov bilan uchrashishni rejalashtirgan.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari 16 may kuni Istanbulda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarda ishtirok etgandi. O‘zining kirish so‘zida u muzokarachilar oldida “ikki yo‘l” borligini, ulardan biri “tinchlik sari”, ikkinchisi esa “bundan ham katta halokatga olib kelishini” aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing