Fevraldan shengen vizasi qimmatroq bo‘ladi
Olam
−
28 yanvar 2020
5236Joriy yilning fevralidan O‘zbekiston fuqarolari shengen vizasini olish uchun ariza topshirishda 33,3 foiz ko‘proq to‘lov qiladi. Bu shengen vizasini olish uchun barcha ariza topshiruvchilarga qo‘llanadigan yangi Shengen vizasi kodeksi bilan tasdiqlangan.
Hozirda shengen vizasini olishni istaganlar hujjat topshirganda 60 yevro to‘laydi. Fevraldan bu summa 80 yevroni tashkil qiladi.
Yangi kodeksda safargacha arizalarni topshirish mumkin bo‘lgan vaqt avvalgi 3 oydan 6 oygacha oshirilishi ko‘zda tutilgan. 5 yillik ko‘p marotabalik vizalar Shengen hududiga tez-tez boruvchi va ijobiy viza tarixiga ega bo‘lgan sayyohlarga taqdim etiladi.
Shu bilan birga shengen vizasini olish uchun ariza topshirishning eng oxirgi muddati avvalgidek safar sanasigacha 15 kalendar kunini tashkil qiladi.
Shuningdek, shengen vizasi uchun to‘lov qiymatini o‘zgartirish masalasini hal qilish maqsadida har 3 yilda monitoring o‘tkaziladi. Shuningdek, vizalarni qayta ishlash tizimidan uchinchi mamlakat bilan readmissiya sohasida hamkorlikni yaxshilash uchun foydalanadigan mexanizm ham joriy etiladi.
Shengen vizasini olganlar Yevropaning 26 ta davlati: Avstriya, Belgiya, Chexiya, Daniya, Estoniya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Gretsiya, Vengriya, Islandiya, Italiya, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Malta, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Slovakiya, Sloveniya, Ispaniya, Shvetsiya, Shveysariya va Lixtenshteynga safar qilishi mumkin bo‘ladi.