Fermerning rejadan ortiqcha g‘allasini tortib olganlar jazolanadi — Adliya vazirligi
Jamiyat
−
05 iyul 2021
7205 O‘zbekistonda ayni paytda g‘alla o‘rimi ishlari davom etmoqda. Shu o‘rinda, Adliya vazirligi QALAMPIR.UZ’ga qonunlarni mensimasdan, fermerning rejadan ortiqcha g‘allasini tortib olayotgan ayrim mansabdor shaxslarga amaldagi qonunchilikni eslatib, ularga nisbatan javobgarlik belgilangani haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, fermer yetishtirgan mahsulot uning mulkidir va u davlat himoyasida. Konstitutsiyaning 53-moddasiga ko‘ra, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir.
Xuddi shunday, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarda ham tadbirkor hisoblangan fermerlarning mulki davlat tomonidan himoyalanishi ko‘rsatilgan bo‘lib, fermerlarning mulkiy huquqlarini buzgan shaxslarga nisbatan ma’muriy (9,8 million so‘mdan 19,6 million so‘mgacha jarima) va jinoiy (7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish) javobgarlik belgilangan.
Ikkinchidan, rejadan ortiqcha g‘allani olish maqsadida fuqarolarning uy-joylariga ularning ruxsatisiz kirish Konstitutsiyaning 27-moddasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zid keladi va aybdor Jinoyat kodeksining 142-moddasiga ko‘ra 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Uchinchidan, Fuqarolik kodeksining 354-moddasiga asosan, fermerlar shartnoma tuzishda erkindirlar. Shartnoma tuzishga majbur qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, fermerlar davlat ehtiyojlari uchun yetishtirgan hosilni kontraktatsiya shartnomalarida nazarda tutilgan hajmlarda yetkazib berishga majburdir.
Kontraktatsiya shartnomalarida nazarda tutilgan majburiyatdan ortiq hajmda mahsulot talab qilish qonunchilik hujjatlariga zid hisoblanadi. Shartnomaviy munosabatlar bo‘yicha vujudga kelgan nizolar faqat o‘zaro yoki sud tartibida hal etilishi lozim. Bunday holatlarda zo‘ravonlik ishlatish yoki o‘zgacha usulda noqonuniy majburlash — qonun buzilishi hisoblanadi va javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Shu o‘rinda, Adliya vazirligi tegishli mansabdor shaxslar va davlat xizmatchilarini qonunlarni hurmat qilishga hamda fermerlarning huquqlarini buzmaslikka chaqirgan. Qonunni mensimagan va fermerlarning huquqlarini buzgan har qanday shaxs javobgarlikka tortilishi haqida yana bir marotaba ogohlantirgan.
LiveBarchasi