Fermerlarga paxtaning har bir tonnasi uchun 1 mln so‘mdan subsidiya beriladi

Jamiyat

image

Bugun, 13 avgust kunidan O‘zbekistonda to‘qimachilik sohasida “dolzarb yuz kunlik” e’lon qilindi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan to‘qimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarni ishga solish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Prezident topshirig‘iga asosan to‘qimachilikda faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq tadbirkorlarning fikrlari o‘rganildi.

“Ularni qiynayotgan masalalar bilan to‘liq tanishdim. Hozir yechimlarini aytaman. Bugundan to‘qimachilikda “dolzarb yuz kunlik” e’lon qilamiz”, dedi davlat rahbari.

Qayd etilishicha, avvalo, ahvoli yomonlashgan ayrim korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va tannarxni kamaytirish choralari belgilab olingan. Joriy yilda klasterlarning kreditdan qarzdorligini garov qo‘yish sharti bilan 5 yilgacha uzaytirishga ruxsat berilgan. Endilikda garov qo‘ygan klasterlar faqat asosiy qarzni to‘laydi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi va banklarga hisoblanadigan foizlar asosiy qarz to‘liq qoplanganidan keyin undiriladi. Bu orqali klasterlarda yiliga 800 milliard so‘m aylanma mablag‘ qoladi. Agar klasterlar ham asosiy qarz, ham foizini o‘z vaqtida to‘lasa, foizning Jamg‘armaga ketadigan qismining yarmi tadbirkorga qaytariladi. 

Klasterlarga 2022-2023 yillar hosili uchun berilgan kredit bo‘yicha 1 avgust holatiga yuzaga kelgan 377 milliard so‘mlik penyadan voz kechiladi. Tijorat kreditidan 2,2 milliard dollar majburiyati bor bo‘lgan 144 ta korxonani sog‘lomlashtirish choralari ishlab chiqiladi. Faoliyatini barqarorlashtirish mumkin bo‘lgan korxonalarning kredit muddati 7 yilgacha uzaytirib beriladi.

Shuningdek, paxtani o‘z vaqtida, nobud qilmay terib olish uchun fermerlarga tonnasiga 1 million so‘mdan subsidiya beriladi. Korxonalar o‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirsa yoki xarid qilsa, xomashyo qiymatining 10 foizi qoplab beriladi.

Bundan tashqari, endilikda to‘qimachilik zanjiridagi barcha korxonalarga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz qilib belgilanadi. Bunda, ijtimoiy reyestr bo‘yicha talab bekor qilinadi, realizatsiyada to‘qimachilik ulushiga talab esa 90 foizdan 70 foizga tushiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev to'qimachilik paxta

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing