Farzand tarbiyasi uchun sarflangan vaqt ish stajiga qo‘shiladimi?
Foydali
−
04 dekabr 2019
14444Onalik va bolalik doimo davlat himoyasida ekanligi ta’kidlanadi. O‘zbek ayoli o‘z hayoti davomida turli vazifalarni ado etadi. Bunday vazifalardan biri – ish faoliyati-yu karerasini ham bir chetga surib yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini parvarishlash va tarbiyalashdir. Shu o‘rinda juda ko‘pchilik tomonidan savollar tug‘iladi: “Farzandimni tarbiyalab o‘tkazgan vaqtim ish stajiga qo‘shilarmikin?”. Keling, biz ushbu savollarga javob berib o‘tsak.
Amaldagi Mehnat kodeksida ikki va uch yoshgacha bolasi bor ayollar uchun qo‘shimcha kafolatlar belgilangan. Kodeksning 234-moddasida homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta’til beriladi va nafaqa to‘lanadi. Shuningdek, bolani parvarishlash ta’tillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu ta’tillar mehnat stajiga lekin hammasini jamlaganda, ko‘pi bilan uch yil, shu jumladan mutaxassisligi bo‘yicha ish stajiga ham qo‘shiladi.
Mehnat kodeksida bu qoida asosiy norma sifatida belgilangan. Shuningdek, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunni o‘qib chiqish foydadan holi bo‘lmaydi.
Ushbu qonunning 37-moddasida ish stajlarini hisoblab chiqish tartibi keltirib o‘tilgan. Unda bir necha holatlar qatori uch yoshgacha bola tarbiyasi haqida ham keltirib o‘tilgan. Hususan, moddaning “j” bandida shunday norma keltirilgan:
– bola 3 yoshga to‘lguncha bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqti, lekin hammasini jamlaganda ko‘pi bilan 3 yil ish staji sifatida hisoblanadi.
Ya’ni, bu qoidadan kelib chiqib fikr yuritsak. Agar bir onaning 3 farzandi bo‘lsa va ularni tarbiyalash uchun jami 6 yil sarf etildi deylik. Bunda ish stajini hisoblab chiqishda buning 3 yili olinadi, xolos. Agar 2 nafar farzand jami 3 yil parvarish qilinsa, shu muddat to‘liq hisoblanadi.
LiveBarchasi