Farg‘onada shifokor adashib bemorning sog‘lom oyog‘ini kesib tashladi
3-sahifa
−
23 iyul 16436 2 daqiqa
Farg‘onada shifokor bemorning chap oyog‘ini kesish o‘rniga ikkala oyog‘ini ham kesib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgani uchun 4 yil ozodlikdan mahrum qilindi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Hujjatda qayd etilishicha, shifokor Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya markazining Farg‘ona filialidagi xirurgiya bo‘limi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan.
O‘tgan yilning 18 oktyabr kuni bemor farzandlari tomonidan mazkur muassasaga olib kelingan. Unga “ikkinchi tur qandli diabetning og‘ir shakli, dekompensatsiya bosqichi, DTS neyroishemik turi, Vanger-4, chap oyoq boldir qismidan amputatsiyadan keyingi holat, tizza bo‘g‘imining maydalanib sinishi” tashxisi qo‘yilgan.
Aynan ushbu bemor shifoxonaga keltirilgan vaqtda xirurgiya bo‘limi boshlig‘i ta’tilda bo‘lgan. Uning vazifalari vaqtincha D.R. zimmasiga yuklatilgan.
Ta’tilga bo‘lishiga qaramasdan xirurgiya bo‘limi boshlig‘i vaqtinchalik bo‘lim rahbarini tajribasiz deb hisoblab, uni chetga surib, bemorga jarrohlik muolajasini o‘z tashabbusi bilan amalga oshirishga qaror qilgan. U tibbiy ko‘rsatkichlar mavjud bo‘lmagan holda “chap son sohasini amputatsiya qilish” rejasini ishlab chiqib, bu hujjatni vaqtincha rahbar ya’ni D.R. nomidan rasmiylashtirgan.
2024 yil 19 oktyabrda o‘tkazilgan operatsiyada ta’tildagi shifokor o‘z tanlovi asosida tayinlagan xodimlar va mutaxassis bo‘lmagan talabalar bilan birga ishtirok etgan. Ammo amaliyot paytida bemorning kasallikka aloqasi bo‘lmagan o‘ng oyog‘i son qismidan kesilgan. Keyinroq bemorning chap oyog‘i ham amputatsiya qilib tashlangan va bunga bemorning biror qarindoshidan ruxsat olinmagan.
Bir vaqtda ikki og‘ir operatsiya va sog‘lom a’zo kesilishi oqibatida bemor 2024 yilning 7 noyabr kuni vafot etgan.
Quva tuman sudining 2025 yil 6 maydagi hukmi bilan ta’tilda bo‘lgan shifokor Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 45-moddasi (muayyan huquqdan mahrum qilish) asosida 4 yilga ozodlikdan mahrum etish va 3 yil sog‘liqni saqlash tizimida rahbar yoki shifokor sifatida ishlash huquqidan mahrum etish jazosi tayinlangan.
Jinoyat ishi Farg‘ona viloyati sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan. Shifokor o‘zi bergan shikoyatda o‘z harakatlarini jinoiy deb hisoblamasligini, bemorning vafoti uning amaliyoti bilan bog‘liq emasligini ta’kidlab, sud hukmini bekor qilish va oqlashni so‘ragan.
Sud apellyatsiya instansiyasi tomonidan dastlabki qaror o‘z kuchida qoldirilgan va shikoyatlar inobatga olinmagan.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr