Farg‘onada Prezidentga hunarmand shogird deb tanishtirilganlar hokim haydovchisi va maktab “zamdirektori” bo‘lib chiqdi

Jamiyat 41213
image
-

Ijtimoiy tarmoqlarda Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘onaga tashrifi davomida Furqat tumanidagi “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida bo‘lganida olingan suratda davlat rahbarining orqasida o‘ymakor shogird libosida tuman hokimining haydovchisi turgani haqida xabarlar tarqaldi. Shuningdek Prezident bilan muloqot qilgan yana bir usta tumandagi 21-maktab direktori o‘rinbosari ekani aytildi.

Furqat tumani hokimligi Matbuot xizmati mazkur xabarlarga munosabat bildirdi.

Hokimlik haqiqatdan ham, rasmda ko‘zga tashlangan shaxs Furqat tuman hokimining haydovchisi Ilhom Ahmadjonov ekani qayd etilgan. Shu bilan birga u O‘zbekiston xalq ustasi Muhammadali Yunusovning shogirdlaridan biri ekani ham qo‘shimcha qilingan.

“Ilhom Ahmadjonov bir yildan beri Furqat tumani hokimligida haydovchi bo‘lib faoliyat ko‘rsatib keladi. Avvaldan o‘zida o‘ymakorlikka, duradgorlikka qiziqish borligi sabab, tumanga kelgach “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida milliy yog‘och o‘ymakorligi san’atini o‘rganish imkoniyati mavjudligidan foydalanib, shogird sifatida hunar sirlarini o‘rgana boshlagan. Kechagi tashrifda ham korxonada doimiy faoliyat olib borayotgan ustalardan tashqari Hunarmandlar maktabining qator o‘rganuvchilari ham bo‘lishganini e’tiborga olganda, Ilhom Ahmadjonovning ham ular qatorida bo‘lishi tabiiy holatdir. Aytib o‘tish kerakki, Muhammadali Yunusovning korxonasida o‘ymakorlik o‘rganayotgan shogirdlarning ko‘plari boshqa kasb hamda ish egalari”, deyiladi bayonotda.

Hokimlikka ko‘ra, Prezident bilan muloqot qilgan Ilhomjon Sulaymonov, faoliyati davomida maktabda mehnat fanidan o‘qituvchi bo‘lgan, o‘quvchilarga duradgorlik va o‘ymakorlik bo‘yicha saboq bergan. 

“Hozirda tumandagi 21-maktabda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha 0,75 stavkada direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlab keladi. Uzoq yillardan beri amaliy o‘ymakorlik bilan shug‘ullanadi, “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida tushdan keyin usta-o‘rgatuvchi lavozimida ishlaydi, 10 nafar shogird biriktirilgan”, deyiladi rasmiy xabarda.

Hokimlik ijtimoiy tarmoqlarda bunday xabarlarni tarqatishdan avval masalaga oydinlik kiritish uchun hokimlik Matbuot xizmatiga murojaat qilishni so‘ragan.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 1970
Reyting: 3
t
×