Farg‘onada nohaq qamalgan inspektor 15 yildan keyin oqlandi
3-sahifa
−
10:37 3106 2 daqiqa
Farg‘onada pora olganlikda ayblangan bojxona inspektori 15 yildan so‘ng oqlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining “Farg‘ona” bojxona postida ishlagan inspektor pora olish jinoyati bo‘yicha ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Aniqlanishicha, xodim bojxona postidagi hamkasblari bilan birga 2009 yil aprel oyidan 2010 yilning yanvar oyiga qadar Ford va Mercedes rusumli avtomashinalarda kartoshka hamda olma mahsulotlarini Qirg‘izistondan O‘zbekistonga noqonuniy ravishda, bojxona nazoratidan o‘tkazmasdan, hech qanday to‘siqlarsiz olib kirish evaziga har gal pora olganlikda ayblangan.
Shuningdek, xodim meva mahsulotlarini O‘zbekistondan Qirg‘izistonga bojxona nazoratidan o‘tkazmasdan, hech qanday to‘sqinliksiz olib chiqib ketish evaziga 160 000 so‘m, 2010 yil fevral-aprel oylarida Ford avtomashinasida Qirg‘izistondan O‘zbekistonga kartoshka va olma, O‘zbekistondan Qirg‘izistonga esa, sabzi mahsulotlarini noqonuniy ravishda olib o‘tish uchun har safar 5 000 so‘mdan, jami 120 000 so‘mni pora tariqasida olganlik ayblovi ham e’lon qilingan.
Oqibatda xodim Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudining 2010 yil 5 noyabrdagi hukmiga muvofiq, Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan aybdor deb topilgan. U ushbu kodeksning 45 va 57-moddalari tartibida 3 yil muddatga bojxona organlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum etilgan.
Xodim Farg‘ona viloyati sudiga kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, o‘zining aybsizligini isbotlovchi bir qator dalillarni taqdim etgan. Kassatsiya instansiyasi sudida sobiq inspektorning aybsizligi o‘z isbotini topdi.
Ma’lum bo‘lishicha, xodim “Farg‘ona” bojxona postida 2009 yil 1 iyundan boshlab xizmat qilgan. Ya’ni 2009 yil aprel-may oylarida u ushbu postda ishlamagan. Bu holat ham ayblovning noqonuniy ekanligini ko‘rsatgan.
Ana shu va boshqa huquqiy asoslarga tayangan Farg‘ona viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudining 2010 yil 5 noyabrdagi hukmini bekor qilib, xodimni aybsiz deb topgan va oqlagan.
Sud hukmida oqlanuvchiga o‘ziga yetkazilgan mulkiy, ma’naviy va boshqa ziyon oqibatlarini Jinoyat protsessual kodeksining 304-312-moddalari tartibida bartaraf qilish huquqi ham tushuntirilgan.
Live
Barchasi