Farg‘onada gazballoni portlagan Lacetti haydovchisi 3 yilga qamaldi
3-sahifa
−
04 may 14865 1 daqiqa
Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida gazballoni portlashi tufayli Lacetti haydovchisi 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Voqea 2024 yilning 7 iyul kuni soat 11:40 larda sodir bo‘lgan. Rishton tumanining “Markaz” MFY hududidagi dehqon bozori oldida turgan Lacetti avtomashinasining metan gazballoni portlab ketgan.
Portlash vaqtida mashina ichida hech kim bo‘lmagan, dastlabki ma’lumotga ko‘ra, portlash oqibatida avtomobil atrofidagi 20 ga yaqin kishi turli darajada tan jarohati olgan. Portlash ortidan kelib chiqqan yong‘in zudlik bilan bartaraf etilgan.
O‘shanda Lacetti egasi avtomashinasini dehqon bozori hududiga to‘xtatib, o‘zi savdo qilish uchun bozorga kirib ketgan.
Portlash oqibatida shu atrofda bo‘lgan fuqaro A.A. tan jarohati olib, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan.
Holat yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Rishton tuman sudida bo‘lib o‘tgan sudda haydovchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan aybli deb topildi va 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan holda 3 yilga qamaldi.
Bundan tashqari, haydovchidan jabrlanuvchilar foydasiga 26 million so‘m moddiy, 58 million so‘m ma’naviy zarar undirish belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 aprel kuni Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida joylashgan “zapravka”larning birida Matiz avtomobilining gazballoni portlab ketgandi.
Live
Barchasi