Farg‘onada fuqaroning uyi buzib tashlanishi ortidagi asl haqiqatlar ayon bo‘ldi
Jamiyat
−
18 Oktabr 2019
9912Avvalroq, saytimizda “Toshkentga ketgandim, qaytsam uyim yo‘q – farg‘onalik ikkinchi guruh nogironi dardini kimga aytsin?” nomli maqola e’lon qilingan edi. Farg‘ona viloyati hokimligi mazkur maqola yoritilgan voqeaga oydinlik kiritdi. Unda shunday deyiladi:
“Oltiariq tumani Qaxramon MFY, Istiqlol ko‘chasida yashovchi fuqaro Toshboyev Xabibullo Nabijonovichning ijtimoiy tarmoq orqali qilgan murojaati o‘rganib chiqildi. Unda ma’lum bo‘ldiki, Oltiariq tumani hokimining 2012 yil 18 avgust kungi 798-sonli qarori asosida auksion savdolarida g‘olib bo‘lgan fuqarolarga, jumladan D.Normatova, Sh.Kupchakovalarga ham yer maydonlariga egalik qilish huquqi asosida 800 metr kv maydon ajratib berilgan. Ammo, fuqaro D.Normatova aslida Sh.Kupchakovaga tegishli bo‘lgan yer maydoniga 1 xonali uy qurib yashay boshlagan.
Shundan so‘ng, Sh.Kupchakova va D.Normatovalar o‘rtasida yer maydoniga egalik huquqi yuzasidan sudlov jarayoni bo‘lib o‘tgan. (Rishton tumanlararo, viloyat fuqarolik sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi qaror va ajrimlari mavjud).
Tegishli sudlarning ijro varaqasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani bo‘limi tomonidan 23.05.2019 yil kuni majburiy ijro harakatlari olib borilib, ijro hujjatida ko‘rsatilgan noqonuniy qurilmalar majburiy tartibda buzib tashlangan.
Oltiariq tumani hokimligi ikki fuqaro o‘rtasidagi nizoni murosa yo‘li bilan hal qilishga ko‘p bor harakat qilgan. Tuman hokimining 2019 yil 7 avgust kungi 4565-sonli qarori bilan arizachi 2-guruh nogironi ekanligini nazarda tutib, hozirda bo‘sh turgan 27-, 36-raqamdagi har bir 400 kv.metrdan iborat yer uchastkalariga ikki xonali uy qurish uchun homiylik hisobidan beton poydevor quyilishini va 8000 dona g‘ishtni devor sifatida urilishini tashkil etdi.
Murojaatchi Xabibullo Toshboyev bilan tushuntirish ishlari olib borildi va kelgusida uning oilasiga ajratilgan 27-, 36-raqamdagi yer uchastkasida qurilishi boshlangan uyni bitkazib berishda yana qo‘shimcha yordam ko‘rsatilishi xaqida bildirildi.
Murojaatchining da’vosi ikki fuqaro o‘rtasidagi nizo bo‘lib, uning yechimi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining ajrimi bilan qonuniy hal etilgan va bu nizoda Oltiariq tumani, Farg‘ona viloyat hokimliklari va shaxsan Sh.G‘aniyev ishtirokchi emasligini bildiramiz.
Videomurojaatchi so‘zlariga quloq soling. U biron marta ham hokimlik, yoki Farg‘ona viloyat hokimi degan so‘zni hatto yonida gap o‘rgatib turishsa ham tilga olmagan. Aksincha, “2019 yil 19 may kuni MIB ijrochilari uyimni buzdi” deydi. Bu yerda murojaatchi O‘zbekiston Ruspublikasi Oliy sudi va quyi sud qaror hamda ajrimlari, MIBning sud hujjatlariga asosan o‘z xizmat vazifasini bajarganidan norozilik bildiryapti.
So‘nggi paytlarda internet tarmoqlarida hech qanday asossiz ravishda u yoki bu yerda biron idora yoki shaxs yo‘l qo‘ygan xato-kamchilikni Farg‘ona viloyati rahbarlari nomi bilan asossiz ravishda bog‘lab sharxlash avj olganidan xavotirlik bildiramiz. Zero so‘zga, axborotga ma’suliyatsizlik bilan yondashuv ayni chog‘da boshqa shaxs sha’ni, xaq-xuquqiga nisbatan noxaqlikni keltirib chiqarishini unutmaslik lozim”.
E’lon qilingan materiallarda mazkur holatda Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev mas’uliyatsiz munosabatda bo‘lgani aytildi. Aslida esa viloyat hokimining qo‘shnilar o‘rtasidagi o‘zaro tortishuvga dahli bo‘lmagani aniqlandi. Qolaversa, sudning qaror va ajrimlarida ham hokimlik ishtiroki bo‘lmagan.
LiveBarchasi