Farg‘onada dordan yiqilgan dorboz vafot etgani rostmi? Vazirlik izoh berdi
Jamiyat
−
24 fevral 2021
16362Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onadagi sirkda arqon uzilib ketishi oqibatida dorboz boshi bilan yerga tushgani va vafot etgani haqidagi xabar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligining xabar berishicha, ushbu xabarlar asosga ega emas.
SSV Matbuot xizmati vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan bog‘langan. Ma’lum bo‘lishicha, haqiqatan ham shu yilning 23 fevral kuni saot 19:25 ga yaqin dorbozlik bilan shug‘ullanuvchi E. ismli fuqaro dordan yiqilishi oqibatida jarohatlanib, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga olib kelingan.
Markaz mutaxassislari uni zudlik bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan. Bemorga “O‘ng peshona va burun bo‘shlig‘i suyaklarining parchalanib sinishi. Bosh miya lat yeyishining og‘ir darajasi. Bosh miya o‘ng yarim shari peshona bo‘lagi epidural gematomasi. Subaroxnaidal qon quyilishi. Pnevmotsefaliya. Bosh yumshoq to‘qimalari lat yeyishi va teriosti gematomasi” tashxisi qo‘yilgan va bemorda zudlik bilan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.
Markaz mutasaddilarining ma’lum qilishicha, bemorning ahvoli barqaror bo‘lib, hozirda neyroreanimatsiya bo‘limida malakali mutaxassislar nazoratida belgilangan standartlar bo‘yicha davo muolajalarini olmoqda.
LiveBarchasi