Farg‘onada ayol IIB binosi oldida o‘zini yoqmoqchi bo‘ldi
Jamiyat
−
27 noyabr 2022
8790Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati ichki ishlar binosi oldida fuqaro o‘zini yoqmoqchi bo‘lgani aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumot berdi.
Joriy yilning 15 noyabr kuni fuqaro M.A. (IIB oldida o‘zini yoqmoqchi bo‘lgan ayolning qizi) Farg‘ona shahridagi mehmonxonalarning birida 2 250 000 so‘m pul evaziga 4 nafar shaxsga jinsiy aloqa qilishlari uchun sharoit yaratib bergan. U kelishilgan pullarni olgan vaqtida IIB xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Bundan tashqari, fuqaro M.A. voyaga yetmagan D.F. va X.M.ni o‘ziga moddiy jihatdan qaram qilib, yashash uyida tutqunlikda saqlab kelgan. Ularni erkak mijozlarga moddiy manfaat evaziga jinsiy aloqa qilishga majburlab kelgan.
Mazkur holat yuzasidan M.A.ga nisbatan viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksning 135-moddasi 3-qismi "a" bandi, 131-moddasi 1-qismi hamda 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U 16 noyabr kuni Jinoyat protsessual kodeksning 221-moddasi tartibida ushlangan.
19 noyabr kuni ayblanuvchi M.A.ning boshqaruvida bo‘lgan Malibu mashinasi Farg‘ona shahar A.Navoiy ko‘chasi 30-uy yonida turgani aniqlanib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Avtoulovdan 2 dona pichoq va boshqa buyumlar daliliy ashyo tariqasida olinib, mashinaning qonuniy egasi M.A.ga tilxat orqali topshirilgan.
Shuningdek, IIB binosi oldida o‘zini yoqmoqchi bo‘lgan ayol bilan boshqarma rahbariyati suhbatlashib, holat yuzasidan tushuntirishlar bergan.
"Shu o‘rinda, fuqarolarimizdan yuqoridagi kabi xabarlarga rasmiy munosabat berilmasdan turib, noo‘rin xulosa qilmasliklarini so‘rab qolamiz", deyiladi IIB xabarida.
LiveBarchasi