Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi ikki baravar ko‘p benzin ishlab chiqaradi
Jamiyat
−
11 dekabr 2023
5280Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi (FNQIZ ) bugun, 11 dekabrdan AI-80 va AI-92 markali benzin ishlab chiqarish hajmini ikki baravarga oshiradi. Bu haqda zavod matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, zavod benzin ishlab chiqarish hajmini kuniga 1000 tonnagacha oshirishini ma’lum qilgan. Bunga FNQIZ qish mavsumida yoqilg‘iga talab ortib borayotganini sabab qilib keltirgan.
"Avtomobil dvigatellari yuqori sifatli va sovuqqa chidamli yoqilg‘i talab qiladigan palla — qish mavsumida yoqilg‘iga tobora ortib borayotgan talabga javoban ana shunday strategik qaror qabul qilindi", deyiladi xabarda.
Aytilishicha, benzin ishlab chiqarish hajmining oshirilishi yoqilg‘i bozorida barqaror taklifni ta’minlab, zavodga qish mavsumida iste’molchilar talabini samarali qondirish imkonini beradi.
Jumladan, Saneg kompaniyasi bosh direktorining neftni qayta ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Habib Latipov benzin ishlab chiqarish hajmining oshirilishi zavodda amalga oshirilayotgan modernizatsiya doirasidagi yangi texnologik yechimlar samarasi bo‘lib, aholini arzon yoqilg‘i bilan ta’minlashga qaratilganini ta’kidladi.
"Bugungi kunda zavod texnologik jarayonlarning yangi bosqichiga chiqmoqda, uskunalarning optimal ish parametrlarini belgilamoqda. Benzin ishlab chiqarish hajmining o‘sishi ham erkin bozor narxini shakllantirishga xizmat qiladi", deydi Latipov.
LiveBarchasi