Farg‘ona, Andijon va Namanganda yangi xalqaro aeroportlar quriladi
Olam
−
11 aprel 2022
7189O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 11 aprel kuni transport va kommunal sohalardagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Unda davlat rahbariga mamlakataeroportlarini 2035 yilga qadar rivojlantirish strategiyasining 2026 yilgacha amalga oshirish dasturi haqida ma’lumot berildi.
Bunda aeroportlarni ixtisoslashtirish, jumladan, Toshkent aeroportini xalqaro xab, Navoiy aeroportini yuk tashish xabi, Samarqand va Buxoro aeroportlarini turizm xablariga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Toshkent xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish orqali yo‘lovchilarni o‘tkazish quvvatini soatiga 2 ming 400 nafarga oshirish, ro‘yxatdan o‘tish, pasport nazorati va samolyotga chiqish yo‘laklarini ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari aeroport xodimlarining dunyoqarashi va malakasini oshirish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish vaqtini qisqartirish zarurligini ta’kidladi.
Ma’lumki, Farg‘ona vodiysidagi uchta – Andijon, Namangan va Farg‘ona aeroportlari shaharlar ichida joylashgani va atrofi bino-inshootlar bilan zich o‘ralgani sababli ularni kengaytirish imkoniyati cheklangan. Shu bois uchta viloyatning o‘rtasida yangi xalqaro aeroport qurish taklif etilmoqda.
“Toshkent-Sharqiy” aeroportining bosh rejasi ham muhokama qilindi. Buxoro va Urganch aeroportlarida yangi yo‘lovchi terminallari qurish, shuningdek, hududlararo loukoster aviakompaniyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish loyihalari haqida ma’lumot berildi.
Prezident aeroportlarda xizmatlarni ko‘paytirish va sifatini yaxshilash, narxlarning ommabopligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2021 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston aeroportlari orqali 5 million 400 ming yo‘lovchi va 82 ming tonna yuk tashilgan, xorijiy aviakompaniyalarga xizmat ko‘rsatish hajmi oshgan. Xarajatlarni maqbullashtirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida barcha aeroportlarning moliyaviy ko‘rsatkichlari yaxshilangan.
Shu bilan birga, Samarqand xalqaro aeroporti yangidan qurilib, ishga tushirildi. Toshkent xalqaro aeroportining 2-terminali rekonstruksiya qilinib, o‘tkazish quvvati 2 barobar oshirildi. Qarshi aeroportining uchish zali yangilandi.
LiveBarchasi