Farg‘ona hokimi vazirlik vakolatini o‘z bo‘yniga oldimi?

Jamiyat

image

Farg‘ona viloyat hokimi Hayrullo Bozorov Quvasoy shahridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini oziq-ovqat bilan ta’minlash huquqini, ochilganiga 9 kun bo‘lgan, “Garden Catering Trade” korxonasiga topshirdi.

“Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qaroriga ko‘ra, bog‘chalarga oziq-ovqat yetkazishni belgilash bo‘yicha tender savdolarini o‘tkazish vakolati Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligiga tegishli.

Qarorga ko‘ra, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish autsorsing (tashqi resursdan foydalanish) usuli asosida amalga oshiriladi.

“Belgilansinki, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirish O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov natijalariga ko‘ra tashkil qilinadi”, deyilgan hujjatda.

Ammo joriy yilning 25 iyul kuni Farg‘ona viloyati hokimi Hayrullo Bozorov “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, Quvasoy shahridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarni keytering (tayyor ovqat yetkazib berish) usulida ovqatlantirish tanlov yoki tender o‘tkazmasdan “Garden Catering Trade” korxonasiga o‘tkazib berildi.

Farg‘ona viloyat hokimi matbuot kotibi Dilmurod Jumaboyevning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, Hayrullo Bozorovning qarori noqonuniy emas. 

“O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish bo‘yicha keyteriy tizimining ma’lum bir tartibi yo‘q. Asosan, autsorsing usulida ovqat yetkazib berishning ma’lum tartiblari belgilangan bo‘lib, bunday korxonalar soni juda ko‘p. Keyteriy tizimi asosida davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga ovqat yetkazib berish birgina Toshkent viloyatida tajriba tariqasida yo‘lga qo‘yilgan va Farg‘onada ham 5 oylik tajriba-sinovdan o‘tkazilmoqda. Chunki faqat Farg‘onada emas, boshqa viloyatlarda ham keyteriy-oshxona korxonasi umuman yo‘q”, dedi u.

Matbuot kotibining qo‘shimcha qilishicha, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ovqat yetkazib berishning autsorsing usulidan keytering usuliga o‘tkazilishiga bog‘chalarga yetkazib berilayotgan taomlarning yoki oziq-ovqat mahsulotlarining sifatsizligi sabab bo‘lgan.

“Viloyat hokimligi tomonidan hududlarda o‘rganish ishlari olib borilganda oziq-ovqat mahsulotlarining talon-toroj qilingani, sanitariya-gigiyena talablariga amal qilinmagani, sifatsiz mahsulotlar yetkazib berilgani holatlari kuzatildi. Shulardan kelib chiqqan holda viloyatdagi yagona keytering korxonasiga mazkur vakolat berildi. Korxona  autsorsing asosida oziq-ovqat bilan ta’minlanmaydigan bog‘chalarni tayyor ovqat bilan ta’minlaydi va 5 oylik tajriba-sinovdan so‘ng hisob-kitob qilinadi. U yerda 12 nafar turk oshpazlari, shuningdek, 2 nafar oziq-ovqat texnologi faoliyat yuritadi”, dedi Jumaboyev.

Shuningdek, u korxona rahbari Iqboljon Bozorov va viloyat hokimi Hayrullo Bozorov o‘rtasida qarindoshlik aloqalari bor-yo‘qligi haqidagi savolimizga  “yo‘q” deya javob berdi. Uning aytishicha, ular shunchaki familiyadosh.

Ma’lumot uchun, Farg‘ona viloyati Quvasoy tumanidagi “Garden Catering Trade” korxonasi shu yilning 16 iyul kuni o‘z ish faoliyatini boshlagan. Uning ochilish marosimiga esa shaxsan viloyat hokimi Hayrullo Bozorov tashrif buyurib, korxona faoliyati bilan tanishgan. Oradan 9 kun o‘tar-o‘tmas korxonaga butun boshli tumandagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini oziq-ovqat bilan ta’minlash huquqi berilgan.

Hulkar Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Farg'ona hokimi Hayrullo Bozorov maktabgacha ta'lim tashkilotlari keytering

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar