Faollar zali, sportzalsiz... Yangi o‘quv yili qishloqlarda qanday boshlandi?
Tahlil
−
04 Sentabr
5799Bugun, 4 sentyabrdan O‘zbekistondagi barcha maktablarda 2024-2025 o‘quv yili boshlandi va o‘quvchilar sinfxonalariga qaytdi. Ammo respublikadagi ayrim maktablar yangi o‘quv yilini o‘zining eski muammolari bilan qarshi olishga majbur bo‘lmoqda. Sinfxonalar yetishmasligi, sport va majlislar zallarining yo‘qligi ana shunday muammolardandir.
Masalan, Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan 16-maktab tashkil etilganidan beri sport zaliga muhtoj. Shu sababli bugun uning 136 nafar o‘quvchisi jismoniy tarbiya bilan to‘laqonli shug‘ullanishdan mahrum. Mahalla aholisi bir necha yildan beri maktab uchun sport zali qurish tashabbusi bilan “Tashabbusli byudjet”da ishtirok etib keladi, ammo mazkur hududda kam sonli aholi istiqomat qilgani bois har safar ular mag‘lub bo‘laveradi.
Bolalar jismoniy tarbiya bilan issiq kunlarda mahallaning eski va kichkinagina maydonchasida shug‘ullanib keladi. Ammo qish kelishi bilan mashqlar “nazariylashtiriladi”. Hatto ahvol shu darajaga yetib kelganki, qish oylarida jismoniy tarbiya o‘qituvchilariga maosh berilmasligi ham mumkin. Shuningdek, sinf xonalari kichik bo‘lgani uchun madaniy tadbirlar ham odatda maktab hovlisida o‘tkaziladi.
Xuddi shunday muammo tumanning 54-maktabida ham mavjud. Ichki ishlar vazirligi otalig‘ida bo‘lgan bu maktab yaqindagina ta’mirdan chiqqan bo‘lishiga qaramay, ko‘plab sharoitlardan bebahra qolgan. Maktabning sportzali, faollar zali yo‘q. Hatto bunday zallarni qurish uchun yer ham mavjud emas. Bizga axborot bergan va ma’lum sabablarga ko‘ra o‘z shaxsini ochiqlamagan manbaning aytishicha, vazirlik mutasaddilari maktab atrofidagi xonadonlardan birini sotib olish va o‘sha uyni buzib, o‘rniga sportzali qurish istagida. Ammo hozircha bu istak amalga oshmagan va bu yil ham 54-maktabning 200 nafar o‘quvchisi jismoniy tarbiya bilan to‘liq shug‘ullana olmaydi. Tadbirlar esa tor doirada kichik sinfxonalarda o‘tkazilishda davom etaveradi.
Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi 22-maktab uzoq yillardan so‘ng yaqindagina ta’mirdan chiqdi. 680 o‘rinli maktab o‘rniga 620 o‘rinli bo‘lib tushgan yangi bino faollar zalini o‘z ichiga olgan bo‘lsa-da, uning kerakli jihozlari mavjud emas. Shu sababli maktabda tahsil olayotgan 700 nafar o‘quvchi tadbirlar tashkillashtirishda bir qancha muammolarni boshidan o‘tkazadi.
Kerakli jihozlar uchun moddiy yordam so‘rab maktab ma’muriyati bir necha joylarga – hokimlik va tuman prokuraturasiga murojaat qilgan. Ammo bu bo‘yicha hozirgacha biron o‘zgarish bo‘lmagan.
Toshkent tumanining 21-maktabi ikki yil oldin ta’mirga tushgan. Ammo mahalliy byudjetdan ajratilgan mablag‘lar yetmagani bois 300 o‘rinli maktabning sportzali, faollar zali, texnologiya xonasi, oshxona va boshqa xonalari qurilishi bitmagan.
Oqibatda maktabning 245 nafar o‘quvchisi yangi o‘quv yilini chala bitgan maktabda boshlashga majbur. Sportdan, madaniy tadbirlardan, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish sharoiti mavjud bo‘lmagan maktabda o‘qituvchilar ham eng so‘nggi metodlar bilan dars o‘ta olishmaydi.
Namangan viloyati Pop tumanidagi 43-umumiy o‘rta ta’lim maktabi ham 2019 yilda butkul ta’mirdan chiqishi kerak edi. Ammo bugungi kunda maktabning sportzali talabga javob bermaydi. Shuningdek, xonalar yetishmovchiligi ham hal etilmagan.
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 12-maktabning ham faollar zali mavjud emas. 2023 yilda yangidan rekonstruksiya qilingan maktabda xonalar yetishmovchiligi muammosi bartaraf etilmagan. Shu bois o‘quvchilar 2 smenada o‘qiydi. QALAMPIR.UZ bilan suhbatlashgan murojaatchining ma’lum qilishicha, tumanda faollar zali mavjud bo‘lgan maktablar soni kam. Xonalar yetishmovchiligi bo‘lgani uchun ayrim to‘garaklarni o‘tishda muammolar yuzaga keladi.
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanining yana bir maktabi – 93-maktab ham joriy o‘quv yilini to‘liq sharoitlar bilan boshlamaydi. XXI asrda bu maktabning ham sportzali, faollar zali yo‘q. Bolalar 1/8 koeffitsiyentida 2 smenada o‘qiydi. Chunki 160 o‘rinli maktabga allaqachon 280 nafar o‘quvchi tahsil olish uchun keladi. Ular o‘zlaridagi muammoni hal qilish uchun “Tashabbusli byudjet”da ishtirok etib keladi. Ammo aholi sonining kamligi loyiha g‘oliblikni qo‘lga kiritishiga xalaqit beradi.
Andijon viloyati Andijon shahridagi 17-maktab kutubxonasi uchun esa badiiy adabiyotlar yetishmaydi. Davlat tomonidan shu yili berilgan 128 ta kitob esa bolalar soniga nisbatan ancha kamlik qiladi. Shu sababli bolalar odatda kitoblarni kutubxonaning o‘zida o‘qiydi. Ba’zan esa navbatma-navbat uylariga mutolaa uchun olib ketishga ruxsat beriladi.
Surxondaryo viloyati Sherobod tumani 45-umumiy o‘rta ta’lim maktabi aslida 1983 yil ishga tushgan va shuning uchun hozirda yaxshi isitilmaydi.
Joriy yilda 307 dan ziyod o‘quvchi mazkur maktabda ta’lim oladi. 2023 yili maktab yoniga 210 o‘rinli yangi bino qurilgan. Shunday bo‘lsa-da, 5 ta sinf ikkinchi smenada o‘qishga majbur.
Buning ustiga sportzali, faollar zali, o‘qituvchilar xonasi, oshxona kabi zarur xonalar mavjud emas. Bolalar jismoniy ta’limni qishin-yozin, asosan, yaydoq, zarur anjomlari bo‘lmagan maydonda olib keladi.
Musiqa asboblaridan esa faqat akkordeon, rubob va doira bor xolos.
Bundan tashqari, maktab o‘qituvchilari muttasil ravishda majburiy mehnatga jalb qilib kelinadi. O‘qituvchilar yozda maktab hududini tozalash, daraxtlarni oqlash, maktab maydonidagi begona o‘tlarni chopish, sinfxonalarni ta’mirlash kabi vazifalarni bajarib kelishgan.
Respublika miqyosida esa maktablarda o‘quvchi o‘rni yetishmovchiligi 1,6 milliondan oshib, 1,7 millionga yaqinlashgan.
O‘tgan o‘quv yili boshlanishi arafasidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘quvchi o‘rni yetishmovchiligi 1,5 milliondan oshgan edi. Bundan kelib chiqadiki, davlat rahbarining 2024 yilda 250 ming o‘quvchi o‘rni yaratish bo‘yicha topshirig‘i yana bajarilmagan. Ammo maktabgacha va maktab ta’limi vaziri allaqachon boshlanib bo‘lgan joriy o‘quv yilida 180 ming o‘quvchi o‘rni yaratilishiga yana va’da berdi.
Bunday va’dalar avvalroq har yili 500 ming o‘quvchi o‘rni yaratishdek ulkan rejalar e’lon qilingan paytda ham berilgandi.
Shunday qilib, milliardlar evaziga festivallar tashkillashtiriladigan O‘zbekistonda ko‘plab maktab o‘quvchilari faollar zali va musiqa asboblarisiz yangi o‘quv yilini boshladi.
“Saxiy” hokimlari “homiylar hisobidan” sportchilarni siylashdan charchamaydigan, davlat tomonidan 200 ming dollar, qimmatbaho avtomashina, ikki qavatli uylar berilsa-da, ularni yana taqdirlayveradigan mamlakatda minglab bolalar uzoq yillardan beri sportzallaridan mahrum.
Hulkar Murtazoyeva
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr