Falastin va Isroil urushi: tarixdan kelgan ziddiyat

Tahlil

Bugun Isroil-Falastin mojarosi dunyo hamjamiyati diqqat markazida bo‘lib turibdi. Ammo ko‘pchilik mojaroning sababi, kelib chiqish tarixi va uning atrofidagi o‘yinlardan bexabar holda u yoki bu tomonni qoralayapti.

Falastin va Isroil o‘rtasidagi mojaro bugun yoki kecha vujudga kelib qolgani yo‘q. Ushbu mojaro asrlar mobaynida davom etib kelmoqda. Tarixga nazar soladigan bo‘lsak XX asr boshlariga qadar Falastin Usmonli imperiyasining bir qismi bo‘lgan, o‘sha davrda Falastin hududida arablar ko‘pchilikni tashkil qilgan bo‘lsa-da, musulmonlar, nasroniylar va yahudiylar bir-birlari bilan yonma-yon, tinch-totuv yashab kelishgan. Balkim uch din vakillarining o‘zaro murosa qilib yashab kelishiga Usmonli imperiyasining kuchli nazorati sabab bo‘lgandir.

Birinchi jahon urushidan so‘ng Usmonli turklar imperiyasi parchalanishi oqibatida Falastin hududi Buyuk Britaniya qo‘liga o‘tdi. 1917 yil Buyuk Britaniya dunyoning turli xil hududlariga tarqalib ketgan yahudiylarni Flastin hududida yagona davlatga birlashtirish taklifini ilgari surdi. Bu taklifni dunyoning gegamon davlatlari bo‘lmish AQSH va SSSR ham qo‘llab-quvvatladi. Ushbu taklif Yevropa va boshqa mintaqalarda tarqalib ketgan yahudiylarning Falastinga ko‘chib o‘tishini kuchaytirdi. Bundan tashqari, Germaniya fashistlarining yahudiylarni yer yuzidan “qirish” harakatini boshlashi bilan ko‘chada qolgan yahudiylar Falastin hududini yagona boshpana sifatida ko‘ra boshladi. Ikkinchi jahon urushidan keyin yahudiylarning Falastin hududida ko‘payib borishi bu yerlarda asrlar davomida yashab kelgan arablar uchun xavf tug‘dira boshladi va bu ikki millat o‘rtasidagi mojaro  qurolli to‘qnashuvlarni keltirib chiqardi. Bu esa Buyuk Britaniyaning tinkasini quritgani sabab Arab-Isriol mojarosini hal qilish BMTning zimmasiga tushdi.

Yahudiylarning davlat tuzish orzusi Ikkinchi jahon urishidan keyin amalga oshdi. Isroil davlatini tuzishda bosh-qosh bo‘lgan BMT 1947 yil 14 mayda Falastin hududidini ikkiga arab-Falastini va yahudiy-Isroiliga bo‘lib yubordi. Uchala din e’tiqodchilariga muqaddas hisoblangan Quddus shahri xalqaro neytral zonaga aylantirildi va ushbu shahar BMT nazoratiga o‘tdi. Falastin hududida Isroil davlatining vujudga kelishi barcha arab mamlakatlarining xavotiriga va noroziligia sabab bo‘ldi. Natijada arablar va yahudiylar o‘rtasida hududiy muammolar boshlandi.

Isroilni o‘rab turgan bir qancha arab mamlakatlarining qarshiligiga va BMT Havfsizlik Kengashining bir necha marotaba ogohlantirishiga qaramay AQSHning zamonaviy qurollari bilan qurollangnan Isroil to‘qnashuvlarni to‘xtatish o‘rniga, doimiy ravishda Falastinning arablarga tegishli qismi, Suriya, Iordaniya, Livan, qolaversa, Misr hududi hisobiga o‘z maydonini kengaytirib bordi. Bugungi kunda Falastin hududining 78 foiz maydoni Isroil tomonidan egallandi. Ushbu hududlardan arablar ayovsiz quvildi. Qonli to‘qnashuv natijasida 400 ga yaqin tarixiy shaharlar yo‘q qilindi. Qanchadan-qancha tinch aholi qurbon bo‘ldi. Hozirgi kunda aksariyat falastinlik qochqinlar va ularning avlodlari G‘azo sektori, Iordan daryosining G‘arbiy qirg‘og‘i, shuningdek, qo‘shni Iordaniya, Suriya va Livanda yashab kelmoqda.

Bugungi kungacha yahudiylar xalqaro kengashlarda Falastin hududini ajdodlarining vatani hisoblanishini, ming yillar oldin ushbu hududda yahudiylar yashaganini, bu zaminda ularning to‘la qonli haqlari borligini aytib kelishadi. Hop, agar ularning gaplarida jon bor, deb qaraydigan bo‘lsak, unda keling Amerikaning qizil tanli hindularidan boshlasak. AQSH yangi olam barpo etish ishtiyoqida ikki asr davomida naq o‘n ikki millon hinduni yostig‘ini quritgan. Ming yillar Amerika hududida istiqomat qilib kelgan hindularga nisbatan yevropaliklar tomonidan turli xil qiynoqlar, qirg‘inlar adolatsizliklar amalga oshirilgan. Tarixchilar yevropaliklarni Amerika qit’asiga kirib kelishini hindularga nisbatan bosqinchilik deb atashadi. Shu sabab ular ham ajdodlarining Vatani hisoblanmish AQSH hududini talab qilishi ham mantiqiydir.

Bir qarashda ikki millat o‘rtasidagi ushbu mojaro huddi poyoni yo‘qdek. Bugungi kungacha Isroil-Falastin o‘rtasida tinchlik bitimi haligacha tuzilmagani, tomonlar murosaga kela olmayotganida bir birini ayblashadi. Ularning fikricha, Isroil butun Quddusni o‘zining poytaxti deb biladi, falastinliklar esa sharqiy Quddusni kelajakda Falastin davlatining poytaxti bo‘ladi, deb orzu qilishadi. Lekin bugungi kunda siyosiy pozitsiyalardan ko‘rinib turibdiki, Falastinning Quddus borasidagi orzusi orzuligicha qolishi ehtimoli yuqori. Chunki 1967 yildagi olti kunlik qurolli to‘qnashuvdan so‘ng Quddusning g‘arbiy qismi Isroil davlatiga o‘tgan. Hozirgi kunda ushbu hududda 600 000 yaqin yahudiy istiqomat qiladi.

Ikki davlat o‘rtasida yechimi qiyin bo‘lgan bir nechta muammolar bor bular: G‘azo, Iordan daryosining G‘arbiy qirg‘og‘i, shuningdek, qo‘shni Iordaniya, Suriya va Livanda qochqinlikda yashovchi falastinliklarning mavhumligicha qolayotgani. Ular ajdodlari yashagan hududlarga qaytadimi? Isroil yonida Falastin davlati qad ko‘taradimi? Bunga Isroil rozi bo‘ladimi? Quddusni ikkita davlat bo‘lib olishi kerakmi yoki, eng murakkabi, Falastinni davlat deb tan olish kerakmi? Ushbu savollarga aniq va amaliy javob bo‘lmaguncha yaqin kelajakda ikki millat o‘rtasida tinchlik bo‘lmasligi aniq. Arab-Isroil ziddiyatining e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydigan yana muhim jihati tomonlar o‘rtasida din tomonlama ham qarama-qarshilik mavjud. Ushbu hududda yirik davlatlar manfaatlarining to‘qnashgani esa Isroil-Falastin mojarosini yechimi yo‘q holga keltiradi. Falastin hududining aksariyat qismi cho‘l va unumsiz yerlardan tashkil topgan bo‘lsa-da, lekin neftga boy hududi mintaqaning arablar nazoratidagi yerlari ostida turibti.

Isroil-Falastin mojarosining keskinlashishi

Joriy yilning 7 may – Ramazon oyining oxirgi Juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan falastinlik arablar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilingani sabab bo‘ldi. 

Shundan so‘ng, G‘azoni nazorat qiluvchi falastinliklarning HAMAS harakati Isroilni ogohlantirdi: Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi va Shayx Jarroh mahallasidan askarlarni olib chiqib ketish uchun mahalliy vaqt bilan soat 18:00 gacha muddat qo‘ydi.

Shart bajarilmagach, 10 may kuni ushbu harakat Isroilning bir qator shaharlarini 45 ta raketa bilan o‘qqa tutdi. Biroq Isroilning havo hujumiga qarshi “Temir gumbaz” mudofaa tizimi ushbu 45 raketaning katta qismini osmonning o‘zida zararsizlantirdi. Ba’zilari esa aholi yashash punktiga tushdi. Vaqt o‘tishi va ikki o‘rtadagi ziddiyat ortib borishi bilan bu ssenariy ko‘p marta takrorlandi. HAMAS raketa uchiraverdi, Isroil uning katta qismini zararsizlantirib, qarshi hujum bilan javob qaytaraverdi.

Isroil sudining birgina qarori va masjidga qilingan hujum shunday shiddatli harbiy harakatlarni keltirib chiqardi. Oqibatda esa G‘azo sektorida yashovchi 126 arab halok bo‘ldi, 1000 ga yaqin jarohat oldi.

Xalqaro munosabat

Ta’kidlash joizki, xalqaro munosabatlarning ba’zi ishtirokchilari ushbu masalada faqat til uchida munosabat bildirgan bo‘lsa, boshqalari Isroilni hatto terrorda aybladi. 

Ayniqsa, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ushbu masalada faol: bir qator islomiy davlatlar rahbarlari bilan Isroilning xatti-harakatlarini muhokama qildi, Armanistonga qarshi urushda Turkiya Ozarbayjonni qanday qo‘llagan bo‘lsa, Isroilga qarshi kurashda Falastinni ham shunday qo‘llashini ma’lum qildi. 

Keyinchalik, Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy Isroilning Sharqiy Quddus va G‘azodagi so‘nggi hujumlariga munosabat bildirib, Misr va Iordaniyaning harakatsizligini tanqid qildi. U Isroil hukumatini “qonxo‘r sionist” deb atadi. Shuningdek, Eron HAMAS tashkilotini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.

Isroilning “tutingan akasi” AQSH esa har ikki tomonni ham vaziyatda aybdor deb, mojaroni tugatishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi e’tiborini falastinliklarning noqonuniy ko‘chirilishiga qaratdi. Xitoy esa bu vaziyatda Falastinning yonidan joy olishini e’lon qildi.

Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston Al-Aqso masjidi atrofidagi vaziyatni hurmat qilishga, O‘zbekiston esa ushbu masjid daxlsizligini ta’minlashga chaqirdi.

Shoxrux Olimjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

252

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing