Faqat gapirilgan, qishloqdagi muammolarni hal etishga jiddiy yondashilmagan – Senat raisi
Jamiyat
−
28 fevral 2019
4206O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisi davom etmoqda. Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev qishloq joylardagi sharoitga to‘xtaldi.
“E’tibor bering: biz aholining asosiy qismi qishloq joylarda istiqomat qilishi bois, qishloq ahli to‘q va farovon yashasa, bu jihat butun mamlakat taraqqiyotining ko‘zgusi bo‘lishi haqida ko‘p yillar gapirib keldik.
Biroq, tan olish kerak, qishloq ahlini qiynayotgan muhim muammolarni kompleks hal etishga jiddiy yondashmadik”, deydi u.
Senat raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va xalq bilan muloqot o‘rnatishdagi namunasi sabab qishloqlardagi haqiqiy sharoit o‘rtaga chiqqani, balandparvoz gaplar o‘rniga, amaliy ishga o‘tilganini qayd etdi.
“Xalq bilan muloqot davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganidan keyingina biz qishloq aholisi qanday og‘ir sharoitlarda kun kechirayotganiga yana bir karra amin bo‘ldik.
Bunday sharoitni tubdan yaxshilashga qaratilgan,aniq rejalar va moliyaviy manbalar asosida amalga oshirilayotgan ishlar esa, qishloq ahli turmushida tom ma’nodagi inqilobiy o‘zgarishlarni boshlab berdi.
O‘tgan yilning o‘zida 3 trln so‘mlik mablag‘ evaziga 420 ga yaqin qishloqning yangicha qiyofaga kirgani fikrimiz dalilidir.
Muhtaram Prezidentimizning qaroriga muvofiq esa,joriy yilda 4,8 trln so‘m xarajat evaziga159 ta tumandagi qariyb 480 ta qishloq, ta’bir joiz bo‘lsa, qaytadan dunyoga keladi.
Shu o‘rinda yana bir jihatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Zamonaviy iqtisodiyot rivoji va xalq farovonligining muhim omillaridan bo‘lgan investitsiyalarni yanada keng jalb etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri sifatida belgilangan.
2019 yilning “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb nomlanishi zamirida ham ana shu vazifa bajarilishini so‘zsiz ta’minlash maqsadi yotibdi.
2019 yilgi investitsiya dasturi asosida barcha manbalar hisobidan 112,2 trln. so‘mlikdan ziyod yoki 2018 yilga nisbatan 16 foiz ko‘p investitsiyalarni o‘zlashtirish mo‘ljallanmoqda.
Mazkur kapital qo‘yilmalarining 34 trln. so‘mlikdan ko‘prog‘i to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir.
Qolaversa, mamlakatimiz yil boshidayoq ushbu yo‘nalishda olamshumul yutuqqa erishib, o‘zining moliyaviy tarixidagi yangi sahifasini ochdi: 13 fevral kuni O‘zbekiston ilk bor 1 mlrd. dollarlik davlat obligatsiyalarini London fond birjasiga muvaffaqiyatli joylashtirdi.
Natijada mamlakatimizning davlat xalqaro yevrobondlariga talab 8 mlrd. dollardan oshib ketdi”, deydi Yo‘ldoshev.
LiveBarchasi