Ertaga saylov: Jazo o‘tayotgan qancha mahkum ovoz beradi?
Jamiyat
−
23 Oktabr 2021
4638Ertaga, 24 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasida katta siyosiy jarayon – Prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Saylov kodeksiga ko‘ra, katta ijtimoiy xavfi bo‘lmagan jinoyatlar va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylovda ishtirok etishi mumkin.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlarning ovoz berish jarayoni qanday kechadi? U yerda ham saylov uchastkalari tashkil etilganmi? IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov JIEMlarda saylov jarayonlari qanday tashkil etilishi bo‘yicha ma’lumot berdi.
G‘iyosovning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, bu yilgi Prezident saylovida ilk bor uncha og‘ir bo‘lmagan yoki ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etganligi uchun jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar ham saylovda qatnashadi.
Bugungi kunda jazoni ijro etish muassasalarida saylovda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 8 203 nafar saylovchilar (569 nafar ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, 1 300 nafar uncha og‘ir bo‘lmagan, jami 1 869 nafar) ovoz berish huquqidan foydalanish imkoniyatiga ega. Shundan 6 334 nafar saylovchi tergov hibsxonalarida saqlanmoqda.
Hududiy saylov uchastkalari orqali saylovda ishtirok etadigan 1 660 nafar mahkumlardan 23 ta manzil-koloniyadan transport orqali hududiy saylov uchastkalariga 1 274 nafar mahkum olib boriladi va 15 ta yopiq turdagi muassasalarda saqlanayotgan 386 nafar mahkumlarga saylov qutilari olib kelinadi. Saylov qonunchiligiga ko‘ra, saylovga 60 kun qolganda qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylaridagi saylovchilarning ovoz berishi uchun jami 18 ta saylov uchastkalari tashkil etildi.
Ma’lumot o‘rnida, 2019 yilgi Parlament saylovlarida 3 619 nafar mahkumlar ovoz berish huquqidan foydalangan edi.
LiveBarchasi