Ertaga inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi boshlanadi, Prezident ishtirokchilarga murojaat yo‘llashi kutilmoqda

Jamiyat

image

Joriy yilning 12-13 avgust kunlari yoshlar huquqlarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlab, Inson huquqlari bo‘yicha "Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari" Samarqand veb-forumi bo‘lib o‘tadi. 

Uning ochilishi BMT tomonidan Xalqaro yoshlar kuni deb e’lon qilingan muhim sanaga to‘g‘ri kelmoqda. 

"Yoshlar 2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusidagi ushbu xalqaro anjuman aynan yoshlar huquqlarini targ‘ib qilishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, pandemiya tufayli ilk bor yoshlarga mos axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda, on-layn o‘tkazilmoqda. 

Tadbir tashkilotchilari: O‘zbekiston Hukumati nomidan – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, BMTning O‘zbekistondagi jamoasi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Fridrix Ebert fondi hisoblanadi.

Forum ishida Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Kengashi, Islom Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Afrika Ittifoqi tizimidagi yoshlar tuzilmalari rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro, mintaqaviy va milliy institutlar, jahon yoshlar tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, olimlar va ekspertlar ishtirok etmoqda. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari bo‘yicha agentlik, shuningdek mamlakatimizning barcha hududlaridan 30 dan ziyod yoshlar tashkiloti  vakillari ham qatnashmoqda. Samarqand veb-forumi ishtirokchilarining jami soni 700 nafardan ortiq kishini tashkil etmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Xalqaro anjumanning rasmiy ochilish marosimiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash bo‘yicha boshqarmasining mintaqaviy vakili Ashita Mittal moderatorlik qiladi. 

Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand veb-forumi ishtirokchilariga Murojaatnomasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva o‘qib eshittirishi kutilmoqda. 

Xalqaro anjuman ishtirokchilari 2017 yil 19 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMTning 72-sessiyasida taklif qilingan xalqaro tashabbuslar doirasida ishlab chiqilgan Yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiya loyihasini muhokama qiladilar. Mazkur Konvensiya - tom ma’nodagi yangi hujjat bo‘lib, unda yoshlarning hozirgi zamonda dunyo miqyosida e’tirof etilishi zarur bo‘lgan huquqlari o‘z aksini topgan. 

Eng asosiysi, Konvensiyada "yoshlar siyosati" tushunchasi mohiyatiga hayotning turli soha va tarmoqlari: davlat va xususiy sektor, shuningdek nodavlat tashkilotlarning yoshlarga qaratilgan faol faoliyatiga doir siyosat sifatida keng ma’no singdirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Inson huquqlari Samarqand veb-forumi

Baholaganlar

19

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing