Erta tug‘ilish bo‘yicha dunyo rekordi yangilandi
Olam
−
12 noyabr 2021
29069AQSHning Alabama shtatida homiladorlikning 21-haftasi 1-kunida tug‘ilgan Kertis Mins tarixdagi eng erta tug‘ilgan chaqaloq rasman tan olindi. O‘tgan yili tug‘ilgan chaqaloq bir yoshu to‘rt oylik bo‘lganida Ginnesning rekordlari kitobiga kiritildi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Odatda homiladorlik 40 hafta davom etadi, ammo Kertis va uning singlisi Kasia deyarli ushbu muddatning yarmida tug‘ilgan. Shu sabab Kertisning yashab ketishi ehtimoli 1 foiz deya baholangan va u yashab ketgan. Kasia esa tug‘ilgandan keyin bor-yo‘g‘i 1 kun yashagan.
Kertis dunyoga kelganidan 3 oy o‘tib o‘pkasi sun’iy shamollatish qurilmasidan uzilgan, aprel oyida esa shifoxonadan chiqarilgan. Yangi tug‘ilgan chaqaloq 275 kunini shifoxonada o‘tkazgan.
Bu davr ichida bolaning yashab ketishini ta’minlash bo‘yicha katta ish amalga oshirilgan. Bola deyarli bir yil davomida trubka orqali ovqatlantirilgan va uni mustaqil ravishda ovqatni yeyishga o‘rgatishga to‘g‘ri kelgan.
Bolaga hamon kislorod ta’minoti va ovqatlanish uchun trubka talab etilmoqda, biroq shifokorlar uning umumiy holatini ijobiy baholashmoqda.
Ma’lumot uchun, muddatdan oldin tug‘ilish bo‘yicha avvalgi rekord Richard Xatchinsonga tegishli bo‘lib, u Kertisdan bir oy oldingina homiladorlikning 21-haftasi 2-kuni dunyoga kelgan.
Bungacha 34 yil davomida Kanadada dunyoga kelgan bolaning rekordi yangilanmay kelayotgandi. Bola homiladorlikning 21-haftasi 5-kunida dunyoga kelgan.
LiveBarchasi