Tramp Eronni to‘liq “yechintirmoqchi”

Tahlil

Dastlab HAMAS, keyin esa “Hizbulloh” Isroil bilan to‘qnashuvda jiddiy yo‘qotishlarga uchrab, kurashni sulh bilan yakunladi. Bu orada Suriyadagi Asad rejimi ham quladi. Va mana 4 kundirki, AQSH va Yamandagi husiylar o‘rtasida havodagi qarama-qarshilik davom etmoqda. 1 yarim yil ichida Eron kuratorligi va homiyligi ostidagi qarshilik o‘qi harakatlari bir qadar falajlandi. Rasmiy Tehron hatto uzoq yillardan buyon yaxshigina o‘rnashib olgan Suriyadan ham “haydaldi”. Bu esa uning Yaqin Sharqdagi ta’sir doirasi zaiflashib, “qo‘llari qisqarayotganini” anglatadi. Asad rejimiga ta’siri Eronga Suriyada o‘zini erkin his qilishga, “Hizbulloh”ga homiylik qilishi esa uning Livandagi ta’sir doirasini kengaytirgan. Arabiston yarimorolining eng janubiy chekkasidagi husiylarni dastaklash orqali esa Tehron Yamanni defakto idora qilganlik ehtimoli yuqori.

Husiylar esa Eronning shu choqqacha jiddiy hujumlarga uchramagan, biron bir ko‘plab yetakchilaridan ayrilmagan yagona proksi guruhi edi. Ammo hozir ortda qolgan oylar davomida HAMAS va “Hizbulloh” bilan ro‘y bergan yo‘qotishlar husiylarda ham kuzatilishi mumkin. Chunki 15 mart kuni Donald Trampning buyrug‘iga binoan Yaman markazi ya’ni husiylar pozitsiyasiga yo‘llangan zarbalar ortidan boshlangan mojaro bugungacha to‘xtagani yo‘q. 2023 – yildan buyon HAMAS bilan birdamlik e’lon qilib, Isroilga qarshi kurashayotgan husiylarning Qizil dengizdagi savdo kemalariga hujumlari uzoq paytdan beri Trampning e’tibor markazida edi. Ortda qolgan oylarda AQSH va husiylar o‘rtasidagi ziddiyat qurolli mojaroga aylanishi tayin edi. Tramp bu uchun ba’zi hujjatlarni ham imzolab, ularni “qora ro‘yxat”ga kiritdi. Buyog‘iga faqat hujumga o‘tish qolgandi, xolos.

Eronning so‘nggi “jarohatsiz” askari

Eron tomonidan turli manbalarda turlicha, aniqrog‘i 100-200 million dollargacha moliyalashtirilishi taxmin qilinadigan HAMAS 1 yil-u ikki oy davom etgan Isroil bosqini davomida 10 minglab a’zosidan ayrildi. HAMAS qarshilik o‘qidagi Eronga aloqador yagona sunniy harakatdir. Uning Muhammad Deyf kabi muhim harbiy yetakchisi, Ismoil Xoniya va Yaxyo Sinvar kabi siyosiy rahbarlari Isroil bosqini davomida yo‘q qilindi.

Yo‘qotishlar haqida gap ketganda Tehronning Livandagi yana bir proksi guruhi – shia “Hizbulloh” harakati alohida mavzudir. Ular o‘tgan yili sentyabr oyi oxiri, oktyabr boshlarida bir necha kun ichida ketma-ket ikki nafar yetakchisini yo‘qotdi. 27 sentyabr kuni guruhning 32 yillik rahbari Hasan Nasrulloh, undan atigi bir hafta o‘tib, uning o‘rniga yangi tayinlangan Hoshim Safi ad-Din Isroil bombalari ostida qoldi. Bundan tashqari, “Hizbulloh” Ibrohim Oqil boshchiligidagi yana o‘nlab generallaridan va Erondan yordamga yuborilgan Abbos Nilforushanning ham o‘limiga o‘sha qisqa vaqt ichida guvoh bo‘ldi. Yakunda Isroil bilan to‘qnashuvlar ikki o‘rtada sulh tuzilishi bilan yakunlandi.

Eronning navbatdagi proksi guruhi husiyilar esa yamanlik shia harakati bo‘lib, guruhning rasmiy nomi “Ansorulloh” hisoblanadi. Harakatning husiylar degan norasmiy nomi esa uning 1990 yillarda Husayn Al-Husiy ismli shaxs ta’sirida paydo bo‘lgani bilan bog‘liqdir. Ular Yamanning rasmiy hukumatiga, Saudiya Arabistoni va uning ittifoqchilariga faol qurolli qarshilik ko‘rsatadi, Isroilni esa o‘zining asosiy dushmani deb biladi. Husiylar tashkiliy jihatdan Livandagi “Hizbulloh”ga juda o‘xshash. Chunki harakat 2014 yildan beri mamlakat poytaxti Sana va mamlakat shimoli-g‘arbiy Yamanni nazorat qiladi. Xuddi “Hizbulloh” Bayrut va Livan janubi, shuningdek, Balbek vodiysini nazorat qilishi kabi.

Yuridik tayyorgarlik

Bundan bir necha yillar oldin Donald Trampning birinchi ma’muriyati davrida ham husiylar harakati terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan. Biroq hokimiyatga Jo Bayden kelgach, u Yamandagi harakatni ushbu ro‘yxatdan chiqargandi. AQSHning sobiq davlat kotibi Entoni Blinken o‘shanda bu qaror gumanitar sabablarga ko‘ra qabul qilinganini aytgandi. AQSH Prezidenti Donald Trampning joriy yil 22 yanvardagi tegishli farmoniga binoan Yamandagi husiylar harakati 4 mart kuni AQSHda “xorijiy terrorchi tashkilot” deb e’lon qilindi. 2023 yildan beri husiylar Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ko‘magida AQSH harbiy-dengiz kuchlari harbiy kemalariga o‘nlab marotaba o‘q uzgan. Bundan tashqari, shu hujjatda 2014-2015 yillarda husiylar fuqarolik infratuzilmasiga, jumladan Saudiya Arabistonidagi fuqarolik aeroportlariga bir necha marta hujumlar uyushtirgani, 2022 yil yanvarida Birlashgan Arab Amirliklariga qilgan navbatdagi hujumlari va 2023 yil oktyabr oyidan beri Isroilga 300 dan ortiq snaryadlar otgani ham bayon etilgan.

Savdo kemalarining qo‘rqinchli tushi

G‘azo sektoridagi bosqin avj olgandan so‘ng, husiylar Isroilni o‘qqa tutishi va Falastin anklavidagi operatsiya to‘xtatilmaguncha yahudiy davlatiga aloqador kemalarning Qizil dengiz va Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi suvlari orqali o‘tishiga ruxsat bermasligi haqida ogohlantirgan. O‘tgan yilning noyabr oyidan beri husiylar Qizil dengiz va Adan ko‘rfazida ko‘plab fuqarolik kemalariga hujum qilgan. Qizil dengiz neft, suyultirilgan gaz va boshqa tovarlarni tashish bo‘yicha dunyodagi eng muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Husiychilarning hujumlari tufayli deyarli barcha kemachilik kompaniyalari Qizil dengiz orqali parvozlarni to‘xtatib, o‘z kemalarini uzoqroq masofadan aylanib o‘tishga yo‘naltirdi.  G‘azo sektorida urush boshlanganidan so‘ng, ular kengligi taxminan 30 km bo‘lgan tor Bob al-Mandib bo‘g‘ozidan o‘tuvchi kemalarni raketa va dronlar bilan o‘qqa tuta boshladi. AQSH Kongressi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil noyabridan 2024 yil oktyabrigacha husiychilar Qizil dengizda 190 ta hujum uyushtirgan. Xusiylar odatda Isroilga ketayotgan kemalarni o‘qqa tutayotganini da’vo qiladi. Ammo o‘qqa tutilgan kemalarning hammasi ham yahudiy davlatiga tegishli bo‘lmagani aytiladi. 

Tramp boshqargan zarbalar

Kecha, 15 mart kuni AQSH Qurolli kuchlari Prezident Donald Trampning buyrug‘i bilan Yamandagi husiylar nazorati ostidagi hududga ommaviy zarbalar berishni boshladi. 

“Bugun men Amerika Qo‘shma Shtatlari harbiylariga Yamandagi husiy terrorchilarga qarshi qat’iy va kuchli harbiy chora ko‘rishni buyurdim. Ular Amerika va boshqa davlatlarning kemalari, samolyotlari va dronlariga qarshi qaroqchilik, zo‘ravonlik va terrorizmning tinimsiz kampaniyasini olib bormoqda. Terrorchi husiychilarga xabar beraman: sizning vaqtingiz tugadi. Siz hujumlarni to‘xtatishingiz kerak. Aks holda, sizni hali hech qachon boshdan kechirmagan do‘zax azobi kutmoqda”, deb yozgan AQSH Prezidenti.

Bunga javoban esa husiylar yetakchisi Abdulmalik al-Husiy AQSHning yangi hujumi ularning harbiy salohiyatini kuchaytirishini aytib, AQSHning harbiy kema va samolyotlari ularning qonuniy nishoni bo‘lishi haqida ogohlantirdi.

Hujum esa 15 mart kuni boshlandi. “Al Hadath” telekanalining xabar berishicha, AQSH Qurolli kuchlari havo hujumini shu kuni taxminan soat 19:00 dan boshlagan va harakatlar naqd 10 soat davom etgan. Zarbalar husiylar nazoratidagi poytaxt Sana, shuningdek, Al-Bayda, Al-Hodeyda, Saada, Hajja va Marib viloyatlaridagi nishonlarga berilgan. Husiylar harakati esa o‘sha paytda tinch aholi ob’ektlari nishonga olinayotganini da’vo qilib, keskinlashuvga javob berishga va’da berdi.

Yaman Sog‘liqni saqlash vazirligining dastlabki zarbalar oqibatida 31 kishi halok bo‘lgani, 100 dan ortiq kishi jarohatlanganini ma’lum qildi. Husiychilar o‘z bayonotida AQSH va Buyuk Britaniyani poytaxt Sana aholisiga qarshi “yovuz” tajovuzda aybladi. Chunki mazkur keng ko‘lamli havo zarbalaridan oldinroq AQSH va Britaniya husiylarga qarshi o‘ziga xos koalitsiya tuzgandi. 

Bu orada Tramp Eronga ham jiddiy signal berdi. U rasmiy Tehronni husiychilarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga chaqirib, Vashington Eronni “to‘liq javobgarlikka tortishi” haqida ogohlantirishga ham ulgurdi. Ammo shu paytgacha husiylarga berilgan zarbalar hali jiddiy emasligi, bu shunchaki ogohlantiruvchi signal ekaniga ishora qilinmoqda. Masalan, “The New York Times”ning Amerika rasmiylariga tayanib, xabar berishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp husiylarga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya o‘tkazishga hozircha rozilik bermagan.

Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilar tomonidan tuzilgan rejaga ko‘ra, ko‘pchiligi yer ostida joylashgan husiy arsenallariga havo hujumlari bir necha hafta davom etishi mumkin. Ammo saylov kampaniyasi davomida yangi harbiy aralashuvlarga yo‘l qo‘ymaslikka va’da bergan Tramp Yaman shimolini husiylardan tortib olishi mumkin bo‘lgan yanada tajovuzkor strategiyani hali ma’qullamadi.

Shunday bo‘lsa-da, AQSH husiylarga zarba berishda davom etdi. 17 mart kuni Yamanning Xodeyda va Jauf viloyatlariga 6 marta havo hujumi uyushtirildi. “Al Masirah” telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH harbiy samolyotlari Hodeyda viloyati joylashgan Zebid shahridagi paxtani qayta ishlash zavodiga ikkita, Jauf viloyatining Hazm shahridagi hukumat majmuasiga to‘rtta zarba bergan. Husiylar harakati esa AQSHning zarbalariga javoban Qizil dengizda joylashgan USS Harry Truman avianosetsiga 48 soat ichida uch marta zarba berganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, husiylar AQSHning esminetsiga ham zarba berib, unga bitta qanotli raketa va to‘rtta dron yuborgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Donal'd Tramp Yaqin Sharq Yaman husiylar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing