Eronga yangi Prezident saylandi
Olam
−
19 iyun 2021
12126Kecha, 18 iyun kuni Eronda navbatdagi prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Hozirgacha 28,6 million byulleten sanalgan va ayni vaqtda 60 yoshli siyosatchi Ibrohim Raisiy 17,8 million ovoz bilan yetakchilik qilmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi rasmiy natijani e’lon qilmagan bo‘lsa-da, siyosatchilar Eron sud hokimiyatining rahbari Ibrohim Raisiyni prezidentlik saylovidagi g‘alaba bilan tabriklashni boshlagan. Jumladan, Eronning amaldagi rahbari Hasan Ruhoniy va prezidentlikka nomzod Muhsin Rizoiy Raisiyni qutladi.
Ma’lumot uchun, Ibrohim Raisiy 2019 yildan beri Eron sud hokimiyatining rahbari bo‘lib, undan avval bosh prokuror vazifasini bajargan. AQSH sanksiyalariga uchragan 60 yoshli siyosatchi o‘zining saylov oldi dasturida qashshoqlik va korrupsiyaga qarshi kurashishga, to‘rt yil ichida 4 million yangi uy qurishga va “Eronda kuchli xalq hokimiyati” ni barpo qilishga va’da bergan. 2017 yilda ham Ibrohim Raisiy prezidentlik uchun nomzodini qo‘ygan, ammo Hasan Ruhoniyga yutqazgan edi. Ilgari rasmiy Tehron va oltita xalqaro vositachilar o‘rtasida Eron yadro dasturi bo‘yicha imzolangan bitimni qattiq tanqid qilgan Raisiy saylov boshlanishidan avvalroq agar AQSH bitimga qaytadigan bo‘lsa, bitim shartlarini bajarishga tayyorligini bildirgan.
Qayd etish kerakki, prezidentlik poygasida dastlab 7 kishi bor edi, ammo hafta oxiriga borib 3 kishi o‘z nomzodini qaytarib olishdi. Eron yetakchiligi uchun esa 1980 – 1990-yillarda Islom inqilobi posbonlari korpusini boshqargan Muhsin Rizoiy, Eron Markaziy bankining sobiq rahbari Abdulnosir Himmatiy, parlament raisi o‘rinbosari Amir Husayn Qozizoda Hoshimiy va Eron sud hokimiyatining rahbari Ibrohim Raisiy o‘z nomzodi bilan ishtirok etishdi. Amaldagi Prezident Hasan Ruhoniy ushbu lavozimni ketma-ket ikki muddat egallagani tufayli saylovda qatnashmadi.
Eron ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, kecha bo‘lib o‘tgan saylovda avvalgilariga qaraganda kam odam qatnashgan. Ovoz beruvchilarning kamligiga koronavirus bilan bir qatorda ko‘pchilik o‘zlarini ultra-konservativ nomzod foydasiga manipulyatsiya qilingan, deb hisoblaganligi ham sabab bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Eron qonunlariga ko‘ra, prezident kelib chiqishi eronlik bo‘lgan, dini va e’tiqodi Eron Islom Respublikasi qadriyatlariga va mamlakat rasmiy diniga mos, mamlakat fuqaroligiga, tashkilotchilik qobiliyatiga, munosib tarjimayi hol va taqvoga ega diniy va siyosiy arboblar orasidan saylanadi.
Yulduz Abdurashidova
LiveBarchasi