Eron Yaqin Sharqdagi 16 ta AQSH harbiy ob’ektini ishdan chiqardi – OAV
Olam
−
02 may 4399 2 daqiqa
Eron tomonidan berilgan zarbalar Yaqin Sharqdagi kamida 16 ta AQSH harbiy ob’ektiga jiddiy zarar yetkazdi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Gap sakkizta davlat hududida joylashgan bazalar va harbiy pozitsiyalar haqida bormoqda, ularning ayrimlari hozir deyarli foydalanishga yaroqsiz holga kelgan.
Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, bu zarbalar tezkor, aniq nishonga olingan va zamonaviy texnologiyalar qo‘llangan holda amalga oshirilgan.
Misol sifatida Camp Arifjan (Quvayt) bazasi keltirilgan – u yerda aloqa sun’iy yo‘ldosh antennalarini himoya qilgan olti gumbazdan beshtasi yo‘q qilingan. Shuningdek, zarbalar Prince Sultan Air Base (Saudiya Arabistoni) va Muwaffaq Salti Air Base (Iordaniya) aviabazalaridagi radar tizimlariga ham ta’sir ko‘rsatgan.
AQSH Kongressidagi manbalardan biri radar tizimlariga yetkazilgan zararni eng sezilarli yo‘qotish deb baholagan, chunki bunday tizimlar mintaqadagi eng qimmat va cheklangan harbiy resurslardan hisoblanadi.
Avvalroq, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSH Eron bilan mojaro davomida hech bir strategik maqsadiga erisha olmaganini aytgan.
Mojaro 28 fevral kuni Eronda portlashlar bilan boshlangan. Isroil armiyasi Eron hududiga oldindan zarba bergan. Keyinchalik AQSH Prezidenti Donald Tramp “Epik g‘azab” nomli keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qilgan.
Zarbalar oqibatida Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘lgan. Mamlakatda 40 kunlik umumxalq motami e’lon qilingan.
Keyinchalik Tehron AQSH harbiy bazalariga raketa va dronlar bilan javob zarbalari bergan. Mojaro BAA, Bahrayn, Qatar, Quvayt, Saudiya Arabistoni va Iroq kabi qo‘shni davlatlarga ham ta’sir ko‘rsatgan.
8 aprel kuni AQSH zarbalari vaqtincha to‘xtatilgan. Trampning aytishicha, Vashington Tehrondan mojaroni tartibga solish bo‘yicha takliflar olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oiy agar Vashington Eronga hujumlarni qayta boshlasa, Fors ko‘rfazi mintaqasidagi AQSH pozitsiyalariga “uzoq va og‘riqli zarbalar” bilan javob qaytarilishi haqida aytgan edi.
Live
Barchasi