Eron Suriyadan ayrilganini “hazm qildimi?”

Tahlil

Uzoq yillar davomida Suriya boshqaruvida va uning yerlarida rasmiy Damashqdan kam bo‘lmagan ta’sirga egalik qilgan Eron Asad rejimi qulashini juda katta yo‘qotish sifatida qabul qildi. Mamlakatning yangi rahbari Ahmad ash-Shara bilan hech qanday munosabatlarni yo‘lga qo‘ymadi va hozir ham ikki o‘rtadagi aloqalar mana shu ko‘rinishda qolmoqda. Tehron, ayniqsa, bu o‘zgarishlar ortidan Suriyadagi voqealarning asosiy benefitsiari sifatida ko‘rilgan Anqaradan ham ochiqchasiga norozi bo‘ldi. Biroq Damashqda voqealar rivoji Eron maqsadlariga teskari tarzda o‘zgarishda davom etdi. Shara o‘z hokimiyatini ortda qolgan oylar mobaynida mustahkamlab bordi. Bu orada Suriyadagi yana bir asosiy o‘yinchi – Rossiya ham taqdirga tan berdi. Kreml Damashqdagi yangi rahbariyat bilan aloqalarni o‘rnatishga, kelishib ishlashga va hatto mamlakatdagi harbiy hamda strategik ishtirokini saqlab qolishga intildi. Moskva bu borada yangi hukumat bilan munosabatlarni o‘rnatishga intildi. Hatto har yili o‘tkaziladigan “pryamaya liniya” anjumanida Putin Suriyada hokimiyat tepasiga terrorchilar kelmaganini qayd etib, Asadning hukmronlik davrini rejim deb atadi. Albatta, bu o‘zgarishlarni kuzatib turgan Tehron oqimga qarshi suzishdan foyda yo‘qligini payqamoqda va mavjud yo‘nalishga qo‘shilishdan boshqa iloji yo‘q ham. Chunki bugun Suriyada 5 oy oldingi sharoit mavjud emas. Endi mamlakat mutlaqo boshqa boshqaruv va yangi hamkorlar, qudratli kuratorlar yo‘rig‘ida. Ammo rasmiy Tehronning bunga ko‘nikishi juda ko‘p vaqtni talab qildi. Shunday bo‘lsa-da, bugunga kelib nihoyat fors yetakchilari Suriyadagi yangi haqiqatlarni “hazm” qila boshladi. 19 aprel kuni buning isboti o‘laroq Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi rasmiy Tehron Suriyaning hozirgi hukumatiga qarshi emasligi va kerak bo‘lsa unga inklyuziv hukumat tuzishda yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi. Aroqchi Eron hozirgi Suriya vakillari bilan hozircha hech qanday aloqa o‘rnatmaganini ham eslatib, mamlakatdagi vaziyatdan xavotirdaligi va u yerda xavfsizlik hamda barqarorlik ta’minlanishidan manfaatdorligini ham qo‘shimcha qildi. Xo‘sh, shu paytgacha Eron Suriyada qanday ustunliklarga ega bo‘lgan? Bu yer ular uchun qay darajada muhim bo‘lgan? Mazkur tahliliy materialda Eronning Suriyadagi uzoq yillar davom etgan “sarguzashtlari” batafsil bayon qilinadi.

Suriyani orqa hovliga aylantirish

Yaqin Sharq xaritasiga nazar tashlansa, qulay geografik joylashuv va mintaqadagi eng muhim yo‘llarni o‘zida jam qilgan mamlakat sifatida Suriya bilan tenglashishi mumkin bo‘lgan davlatni topish qiyin. Qirg‘oqlarini O‘rta Yer dengizi yuvib turishi, mintaqadagi 5 ta davlat bilan chegaradoshlik va logistikadagi eng asosiy ta’sirchan bo‘g‘in hisoblanishi Suriyani geosiyosiy o‘yinlar uchun o‘ta jozibador arenaga aylantirdi. Darhaqiqat, yuqorida qayd etilgan ustunliklar borasida Yaqin Sharqdagi arab davlatlari ichida Suriyaga faqatgina Saudiya Arabistoni ma’lum darajada teng kelishi mumkin, boshqa hech bir mamlakatda bunday imkoniyat mavjud emas. Ammo ustunlikning geografik nuqtai nazardan bo‘lishi, davlat uchun har doim ham xayrli natijalarga olib kelmasligi Suriya misolida yaqqol namoyon bo‘ldi. Sharq sivilizatsiyasining eng asosiy o‘choqlaridan biri bo‘lgan mamlakat aynan shu sababli tashqi kuchlar uchun chinakam “tatamiga” aylandi. 15 yil oldin butun mintaqa bo‘ylab keng tarqalgan zahar – “Arab bahori” ma’lum muddat ichida deyarli barcha davlatlarda o‘chdi. Ammo Liviya bilan Suriyadagi ahvol bundan mustasno edi. Shomdagi “Arab bahori” Asad rejimining xatosi tufayli zamonaviy tarixdagi eng uzoq davom etgan fuqarolar urushidan biriga aylanib ketdi. Bundan tashqi kuchlar asta-sekin o‘z maqsadi yo‘lida foydalanishni boshladi. Shu onda “tartibsizlik bor joyda foyda bor” degan qarash asosida Suriyaga ko‘z tikkanlar orasida Eron ham mavjud edi. Ammo Suriyada harakat qilgan o‘yinchilarning strategiyasi va maqsadlari xilma-xilligi ajralib turdi. Bu esa fuqarolar urushida mamlakatning bir necha qismga bo‘linib ketishiga olib keldi. Turkiya va G‘arb o‘z fuqarolarini qirg‘in qilgan Asadni qulatishga urindi. Ammo Eron va oradan bir necha yil o‘tib mojaroga qo‘shilgan Rossiya mutlaqo teskari yo‘ldan ketdi. Ular o‘zlari uchun Asadni saqlab qolishni afzal ko‘rdi. Bunga bir necha omillar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Xususan, boshqaruvdagi avtoritar kayfiyatning o‘xshashligi umumiy sabab bo‘lib, yana qator spetsifik sabablar mavjud edi. Rossiya o‘zining eski hamkori Hofiz Asadning o‘g‘li bilan til topishishda davom etish va ushbu harakatlar orqali Tartusdagi muhim portni uzoq muddat saqlab qolish, Suriyadan o‘tuvchi Turkiya va Qatar gaz quvuri loyihasini ushbu ikki mamlakatga dushman bo‘lgan Asadning irodasiga ko‘ra barbod qilishni ko‘zladi. Eron esa Suriyadagi rejimning omon qolishini uning mintaqadagi manfaatlari uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega deb hisobladi. Asad oilasining shia alaviylariga mansubligi esa bu ittifoqning istiqbolini shubha ostiga qo‘ymadi. Eron Bashar Asadni uzoq vaqt hokimiyatda ushlab turish moddiy va harbiy yordamni ayamaslikka qaror qildi. Bu uchun xavfsizlik va razvedka xizmatlaridan tortib Suriya harbiylariga mentorlik qilish kabi ishlarni amalga oshira boshladi. Tehron Asadni saqlab qolish operatsiyasiga islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining quruqlikdagi qo‘shinlari, Quds kuchlari, razvedka xizmatlari va huquqni muhofaza qiluvchi kuchlarni jalb qildi. Maqsad esa bitta; qulay geografik hududda joylashgan Suriyada erkin harakatlangan holda mintaqada o‘z manfaatlarini ilgari surish. Bunday manfaatlar ichiga esa Yaqin Sharq bo‘ylab keng tarqalgan va Tehrondan “ozuqa oluvchi” proksi guruhlar ta’minotini tashkillashtirish va harbiy kontingentni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirishda Suriya yerlaridan hech qanday to‘siqlarsiz foydalanish kiradi. Yaqin Sharq xaritasiga ko‘z tashlansa, Suriyaning Iroq va Livan bilan chegaradosh ekanini ko‘rish mumkin. Bu davlatlarda esa Eronning harbiy mavjudligi yuqori darajada. Saddam Husayn o‘limidan so‘ng, Eron Iroq boshqaruvida u yerdagi o‘nlab partiya va ularga aloqador qurolli guruhlarni qo‘llash bilan o‘z ta’sirini oshirgandi. Livanda esa “Hizbulloh” orqali rasmiy Tehron bu yerdagi boshqaruv paketida qanday ulkan rol o‘ynaganini esa chamalash qiyin. “Hizbulloh” Isroilga chegaradosh bo‘lgan Livanning janubiy hududida qaror topgani bois guruh Tehronning tashqi maydondagi eng asosiy dushmani – Isroilni doim tiyib turishda muhim rol o‘ynaydi. Unga esa Suriya orqali moddiy-texnik yordam yetkazish juda qulay. Bundan tashqari, quruqlikdagi kuchlarining boshqa bir mamlakatda keng miqyosda joylashtirilishi Eronning o‘z chegaralaridan tashqarida ham harbiy amaliyotlarni amalga oshira olishiga yorqin isbot edi. Xullas, bir so‘z bilan aytganda, Suriya Eronning Yaqin Sharqda erkin va to‘yib nafas olishini ta’minlaydigan hudud edi. Shu bois Tehron Suriyani “o‘zining orqa hovlisiga aylantirish operatsiyasi”ni boshladi.

Asad uchun “kiprik” vazifasini o‘tash

Asad rejimi fuqarolar urushining dastlabki oylaridayoq Suriya hududi ustidan nazoratni yo‘qota boshlagandan so‘ng, Eron mojaroda o‘z harbiy ishtirokini boshladi. Dastlab Livan Hizbullohi to‘g‘ridan to‘g‘ri jangovar rolni o‘z zimmasiga oldi. Harakat Asadni kuchli, yaxshi o‘qitilgan kuchlar bilan ta’minladi. “Hizbulloh” qatorida Iroqdagi shia guruhlari ham Suriyada Asadni qo‘llab-quvvatlab jang qila boshladi. Suriyadagi fuqarolar urushining dastlabki bosqichida Eron, uning ishtirokini tasdiqlovchi qator dalillarga qaramay, buni rad etib keldi. Biroq keyinchalik Tehron Damashqdagi shialarning muqaddas joyi - Sayyida Zaynab ziyoratgohini himoya qilish uchun Suriyaga kirganini da’vo qilib, “ziyoratgoh himoyachilari” shiori ostida o‘z ishtirokini tan oldi. Ammo bu bahona hech kimni ishontira olmasligi tayin edi. Eronning Suriyaga chuqur kirib borishi diniy motiv tufayli emas, balki muhim strategik tayanch nuqtaga ega bo‘lish maqsadidaligi ko‘pchilikka ayon edi. O‘n minglab islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi, 5000 dan ortiq armiya askarlari, 2000 ga yaqin Quds kuchlarining zobitlari va yana o‘n minglab Eron tomonidan turli ko‘rinishda qo‘llab-quvvatlanadigan shia guruhlari asrab qolish uchun maydonga tashlandi. Ularning soni har doim ham bir xil bo‘lmagan va vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turgan. Biroq Eronning keng miqyosdagi ishtiroki va ta’sirining mavjudligi uzoq yillar davomida aniq tarzda saqlanib qoldi. 

Uning Suriyadagi harbiy mavjudligi va Asad rejimini uzluksiz qo‘llab-quvvatlashi yildan yilga progressiv ko‘rinish oldi. 2014 yilda bu qo‘llov yanada kuchaydi. 2015-2018 yillarda esa Eronning aralashuvi o‘zining cho‘qqisiga chiqqani qayd etilgan. Bu paytga kelib Suriyadagi ishtirok narxi ham parallel tarzda oshib ketgan. Ba’zi taxminlarga ko‘ra, 2012 yil noyabridan 2017 yilgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida Eron 2100 dan ortiq jangchisidan, shu jumladan 418 nafar yuqori martabali zobitidan ayrilgan. Shuningdek, 7000 dan ortiq eronlik askarlar yaralangan. Eron tomonidan yollangan Livan, Iroq, Afg‘oniston va pokistonliklarning umumiy sonidagi o‘limlar ham mingdan ortiqni tashkil etgani aytiladi. Quruqlikdagi Eron qo‘shinlari ballistik raketalar va havo kuchlari, shu jumladan dronlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. 2018 yil oktyabr oyiga qadar Eron dronlari ISHIDga 700 dan ortiq zarba berdi. 2023 yilda Eron Suriyadagi 55 ta harbiy bazani va boshqa 515 ta harbiy punktni saqlab qoldi. Ularning aksariyati Halab va Damashq atrofida bo‘lib, umumiy hisobda harbiy harakatlar kechadigan maydonlarning 70% dan ortig‘ida joylashgandi. Ammo har narsaning ibtidosi va intihosi bo‘lgani kabi Eronning Suriyadagi harakatlari 13 yil davom etdi. 2024 dekabrda o‘sha paytda Jo‘loniy hozir esa Suriya prezidenti Ahmad ash-Sharaning sensatsion tarzda hokimiyat uchun kurash maydonida paydo bo‘lishi nafaqat Asad rejimi, balki Eronning ham bu yerdagi sarguzashtlariga yakun yasadi. Tehron Suriyani tark etdi. Hatto eng so‘nggida ular o‘ziga ergashgan kuchlarni hududdan chiqib keta olishni ham o‘zlari ta’minlay olmadi. Putinning Pryamaya Liniya yillik dasturida aytishicha, 4 ming eronparast kuchlarni Suriyadan olib chiqishni Rossiya amalga oshirgan.

Suriyani “harbiy lager”ga aylantirish

Eron Suriyada undan keyin o‘yinga kirgan Rossiyadan farqli o‘laroq ancha keng miqyosda harakatlangan. Rossiya faqat geosiyosiy va harbiy motivlarga ko‘ra bu yerda mavjud bo‘lgan bo‘lsa, Eron Suriyani o‘zining mintaqaviy ambitsiyalari uchun ham markaziy mafkuraviy, ham strategik jang maydoni sifatida ko‘rdi. Bu yo‘lda u ko‘pqirrali harakatlar xaritasiga ega edi. Harbiy jihatdan forslar Suriyada chinakamiga chuqur ildiz otdi. Ayniqsa Asad rejimi armiyasi va xavfsizlik apparatiga kirib borishda juda katta muvaffaqiyatga erishdi. Xorijiy militsiya bo‘linmalari esa Eronning Suriyadagi eng asosiy bo‘g‘iniga aylandi. Asad Eronga davlatning eng muhim organlarini shu tarzda oson topshirdi va ularning mamlakatdagi mavjudligini qonuniylashtirdi. Buning evaziga esa rasmiy Tehron unga Isroil yoki AQSHning ehtimoliy havo hujumlarida soyabon bo‘lishi kerak edi. Shu bois Eronning Suriyadagi ishlari faqat harbiy soha bilan cheklanib qolmadi. Xavfsizlik, ijtimoiy va iqtisodiy masalalar ham militarizatsiya bilan birga parallel olib borildi. Ayniqsa, Asad rejimi uchun himoya yostiqchasi shakllantirish ancha jadal kechdi. Mahalliy va xorijiy militsiya tizimi bunda muhim rol o‘ynadi. Eron Suriyadagi shia ozchilikni mahalliy militsiya bo‘linmalarini tuzishga undadi. Bu bo‘limga Halab, Ar-Raqqa va Dayr-az-Zor viloyatlaridan sunniylar ham jalb qilindi. Ular xizmatga qabul qilingandan so‘ng, yigirma bir kundan qirq besh kungacha yengil va o‘rta og‘irlikdagi qurollardan foydalanishga, ba’zan esa og‘ir qurollar bilan ishlash qobiliyatini shakllantirish uchun olti oy davomida tayyorgarlikdan o‘tkazgani aytiladi. Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan yoki tuzilayotgan Suriyadagi mahalliy militsiya tizimi bir necha guruhlarga bo‘lingan. Ular 2012 yilda Homsda tuzilishi boshlangan Milliy mudofaa kuchlari, Halab, Dayr-az-Zor va Ar-Raqqa viloyatlaridan jalb qilingan Mahalliy Mudofaa Kuchlari hamda Shimoliy Homs va Ar-Raqqaning bir qismidan yig‘ilgan alohida shia bo‘linmalaridan tashkil topgan. Ammo rasmiy Tehron faqat mahalliy militsiya bilan cheklanib qolmagan. Bu bilan bir vaqtda chet el militsiya tarmoqlari ham paydo bo‘la boshlagan. Ular Iroq, Afg‘oniston, Pokiston va Livandan chaqirilgan. Biroq chetdan kelgan va mahalliy yollanganlarga beriladigan maoshlardagi farq juda katta bo‘lgan. Masalan, xorijdan jalb qilingan bo‘linmalardan birining har bir a’zosi uchun oyiga 700 dollargacha to‘langan bo‘lsa, Nubl va Zahra kabi mahalliy militsionerlarning oyligi hatto 100 dollarni ham tashkil etmagani aytiladi. Militsionerlarning maoshlari esa o‘sha paytda umumiy byudjeti 8 milliard dollarga yaqin bo‘lgan Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi tomonidan to‘langan.

Fuqarolar urushining cho‘zilishi, Suriyaning bir nechta bo‘laklarga bo‘linishi va boshqa omillar tufayli mamlakatdagi notinch vaziyat juda evrilishlarga yuz tutdi. Militsiyalar bilan bog‘liq vaziyat ham shular jumlasidandir. Vaqt o‘tishi bilan ularning o‘rnini asta-sekin boshqa tuzilma – xususiy harbiy kompaniyalar egallay boshlagan. 2013 yilga qadar Suriyadagi bunday kompaniyalar soni 10 tani ham tashkil qilmagan. Ammo o‘sha yildan boshlab ular butun Suriya bo‘ylab keng tarqala boshladi. Bungacha xususiy harbiy kompaniyalarining faoliyati faqat savdo markazlari, banklar va konsertlar xavfsizligini ta’minlash bilan chegaralangan edi. Vaziyat nazorat chiqishi bilan rejimning Eron va Rossiya kabi hamkorlariga tegishli hamda hukumat tomonidan tartibga solinmaydigan qurolli kuchlarga ehtiyoji ortishi oqibatida ularning faoliyatini qonuniylashtirishni nazarda tutadigan Farmon chiqarildi. Shu tariqa bu tashkilotlar Asad armiyasi yoki xavfsizlik bo‘linmalariga hisobot bermasdan erkin faoliyat yuritish imkonini qo‘lga kiritdi. Bu esa shunday turdagi harbiy kompaniyalari orqali Eronga Suriyada yanada keng palak yozishi uchun qo‘l keldi. Ulardan poytaxt Damashq kabi nozik hududlarga Eron ta’sirini kuchaytirish uchun foydalanildi.

Suriyani har tomonlama o‘rab olish

Yuqorida tilga olinganidek, Eron nazorati harbiy aralashuv va xavfsizlik masalalari bilan cheklanib qolmaydi. Eronning diqqat markazida Suriya jamiyatiga kirib borish va uning Suriyada omon qolishini ta’minlash uchun iqtisodiy tizimdagi ishtirokini kuchaytirish kabi missiyalar ham o‘rin olgandi. Jumladan, 2017 yildan boshlab Eron Suriya jamiyatiga kirib borish va suriyalik ishbilarmonlar bilan aloqalarni mustahkamlashga e’tibor qaratdi. Bu uning Suriya jamiyati va iqtisodiga kirib borish imkonini taqdim etdi. Iqtisodiy nazorat haqida gap ketganda, Eron 2018 yilda Suriya-Eron biznes forumini qayta faollashtirdi. Bu esa Eron loyihalarining Suriyaning turli sohalarida tarqalishida hal qiluvchi rol o‘ynab, asosan energiya ishlab chiqarish tashabbuslariga e’tibor qaratildi. Armiya, xavfsizlik, iqtisodiyot va jamiyat hayoti. Hech bir soha Eron ta’siridan chetda qolmadi. 2013 yildan to 2020 yilga qadar shu 4 yo‘nalishda forslar Suriyaning eng muhim strategik nuqtalari, xususan, poytaxt Damashq, shuningdek, Halab, Dayr az-Zor, Halab va Homs kabi hududlarda juda faol bo‘lgan. Suriya jamiyatiga yaxshiroq integratsiya qilish uchun xayriya tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi. Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan eng muhim tashkilotlardan biri Jihod Al-Bina tashkiloti bo‘lib, u asosan maktablar va sog‘liqni saqlash markazlarini tiklash masalasiga e’tibor qaratadi. Tashkilot hozirda Dayr az-Zor va Halab viloyatlarida faol bo‘lgan.

Harbiy amaliyotlar sur’ati pasaya boshlagandan keyin mavjudlikni saqlab qolishning qurolli va qurolsiz yo‘lidan parallel tarzda keta boshladi. Suriya jamiyatida Eron madaniyatini yoyishda muhim rol o‘ynaydigan Eron madaniyat markazlaridan tashqari, yana o‘nlab ta’lim muassasalari bunyod qilgan. Yirik xayriya fondlari tashkil qildi. Shulardan biri Jihod Al-Bina nomli fond 2019 yilda birgina Dayr-az-Zorda o‘n oltita maktabni tiklagan. Bu xayriya fondi vaqti-vaqti bilan tinch aholiga oziq-ovqat tarqatib, mahalliy aholining sodiqligini qozonishga harakat qilgani aytiladi. Koronavirus pandemiyasi davrida Eron Dayr az-Zorda tinch aholini zarur vitaminlar niqoblar bilan ta’minlash uchun bir nechta kichik tibbiyot punktlarini tashkil qilgan. Bular esa o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. Barchasi Eronning soliq to‘lovchilari ortidan shakllangan byudjetdan va tabiiy boyliklardan ko‘rilgan daromad ortidan amalga oshirilgani tabiiy. Albatta, Eron bunday qadamlarni Suriyada uzoq vaqt qolish va u yerda Asadni saqlab qolish orqali Yaqin Sharq darvozasiga parda ortida egalik qilishni ko‘zlagani ko‘rinib turibdi. Shuning uchun rasmiy Tehron harbiy sohadan boshlagan xavfsizlik, iqtisod, gumanitar faoliyat va hatto demografik nuqtagacha olib chiqdi. Bu yo‘lda ular chet ellik shia ko‘chmanchilari va islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi askarlarining oilalarini Suriyaga olib kelish harakatlarini amalga oshirdi. Mazkur qadam ortida mamlakatda demografik jihatdan mustahkam bo‘lish maqsadi turgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha paytda Eron Asaddan keyin ham bu yerda uzoq qolish uchun zarur choralarni ham ko‘rishni boshlagan. Buning uchun ular Asad mansub alaviylar bilan diniy va siyosiy ittifoqlar o‘rnatish orqali, kelajakda siyosiy manzara o‘zgargan taqdirda hech bo‘lmaganda Suriyadagi mafkuraviy izining bardavomligini ta’minlashni ko‘zlagan. Shu o‘rinda bir narsani qo‘shimcha qilib o‘tish joizki, aynan o‘sha alaviylar Ahmad ash-Shara hokimiyat tepasiga kelganidan keyingi dastlabki eng qonli voqeaning asosiy ishtirokchisi bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing