Eron Rossiyaga dron berganmi?
Olam
−
08 dekabr 2022
6734Birlashgan Millatlar Tashkiloti Eron Rossiyaga jangovar uchuvchisiz samolyotlar yetkazib berayotgani haqidagi iddaolar bo‘yicha “mavjud ma’lumotlar”ni tekshirmoqda. Bu haqda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ma’lum qildi.
Rossiyaning da’vo qilishicha, Guterrishda BMT ekspertlarini Ukrainaga uchuvchisiz samolyotlarning kelib chiqishini tekshirish uchun yuborish vakolati yo‘q. Eron Moskvaga uchuvchisiz uchoqlar yetkazib berganini inkor etadi, Rossiya esa Ukrainaga zarba berish uchun o‘z kuchlari Eron dronlaridan foydalanganini rad etadi.
Ukraina Rossiyani energetika infratuzilmasi va boshqa nishonlarga zarba berish uchun dron yoki uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanganlikda aybladi.
Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, AQSH va Ukraina Rossiyaga Eronda ishlab chiqarilgan dronlarni yetkazib berish BMT Xavfsizlik Kengashining 2015 yilda qabul qilingan Eron bilan “yadroviy kelishuv”ni ta’minlashga qaratilgan rezolyutsiyasini buzadi, deb hisoblaydi. Guterrish yiliga ikki marta kengashda kelishuvning bajarilishi haqida hisobot beradi.
6 dekabr kuni Xavfsizlik Kengashiga bergan hisobotida, Guterrish dron ayblovlarini eslatib o‘tdi.
“Kotibiyat mavjud ma’lumotlarni o‘rganmoqda. Har qanday xulosalar Xavfsizlik Kengashiga o‘z vaqtida xabar qilinadi”, deydi u.
“Reuters” axborot agentligi shu hafta Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya tomonidan BMT Bosh kotibiga yuborilgan maktublarning nusxalarini oldi. G‘arb davlatlari Guterrishdan BMT ekspertlarini Ukrainaga yuborish rejalari haqida ma’lumot berishni so‘radi. Rossiya ham Guterrishga ikki marta xat yozib, London, Berlin va Parijni BMT Nizomini buzganlikda va tashkilot Bosh kotibiga ta’sir o‘tkazishga uringanlikda aybladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ekspertlarining Ukrainaga tashrifi rejalashtirilmoqdami, degan savolga BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrik izoh berishdan bosh tortdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ekspertlari 2017 yilda Eron qurollari borligi taxmin qilingan joyga borib, Fransiya tomonidan qo‘lga kiritilgan qurollar va Saudiya Arabistoniga otilgan ballistik raketalarning parchalarini ko‘zdan kechirgan.
Tashkilotning 2015 yilgi rezolyutsiyasiga ko‘ra, Eronga qarshi odatiy qurol embargosi 2020 yilning oktyabrigacha amalda bo‘lgan. Ammo Ukraina va G‘arb davlatlari rezolyutsiya hali ham 2023 yil oktyabrgacha raketalar va tegishli texnologiyalarga cheklovlarni o‘z ichiga oladi va uchuvchisiz samolyotlar kabi ilg‘or harbiy tizimlarni eksport qilish va sotib olishni qamrab olishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Guterrishning so‘nggi hisobotida aytilishicha, uchuvchisiz uchoqlar yoki 300 km dan ortiq masofaga uchuvchi ballistik raketalarni Erondan boshqa davlatga o‘tkazish uchun BMT Xavfsizlik Kengashining oldindan roziligi kerak.
Eronning ikki yuqori martabali mulozimi va ikki eron diplomati oktyabr oyida “Reuters” agentligiga bergan intervyusida Eron Rossiyani qo‘shimcha uchuvchisiz uchoqlardan tashqari “yer-yer” raketalari bilan ta’minlashiga va’da berdi. Shu haftada ismini oshkor qilishni istamagan BMTning yuqori martabali mulozimi ham “Reuters” agentligiga Eron Rossiyaga yuzlab uchuvchisiz uchoqlar va ballistik raketalarni yuborishni rejalashtirayotganini aytdi.
Eron dronlari mashmashasi
Eslatib o‘tamiz, avgust oyi oxirida “The Washington Post” gazetasi Eron Ukrainadagi urush uchun dronlarning birinchi partiyasini Rossiyaga topshirgani haqida xabar bergan edi. Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya tomonidan Ukraina shaharlariga hujum qilish uchun Eron “Shahed” kamikadze-dronlaridan foydalangani haqida bir necha bor xabar bergan.
17 oktyabr kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligi kamikadze-dron hujumlari tufayli Eronni “Rossiyaning Ukrainaga qarshi jinoyatlarida sherik” deb atadi.
Prezident Vladimir Zelenskiy G7 davlatlarining favqulodda yig‘ilishida so‘zlagan nutqida Rossiya Tehrondan yana 4000 ta dron buyurtma qilganini aytdi. Shuning uchun u Kiyevga havo va raketa hujumiga qarshi mudofaa sohasida yordam so‘rab murojaat qildi.
Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov “Obozrevatel” nashriga bergan intervyusida Rossiya Erondan 1750 dona hajmdagi dronlarning birinchi partiyasini buyurtma qilgani, keyin ishlab chiqarish va Rossiyaga yetkazib berish uchun vaqt talab qiladigan yangi buyurtmalar boshlangani haqida ma’lum qilgandi.
“Ular asta-sekin ularni tugatmoqda, eronliklar yangilarini yasamoqda, ammo masalaning boshqa tomoni ham bor: biz barcha dronlarning taxminan 70 foizini doimiy ravishda urib tushiramiz”, deydi Budanov.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 18 oktyabr kuni Ukrainada Rossiya qo‘shinlari Eron dronlaridan foydalangani haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini aytdi.
"Shubhasiz, ular allaqachon buyurtmalar ro‘yxatida. Eng katta savol Eron buning evaziga nima oladi. Bu qurol bo‘lmasligi aniq, chunki Rossiya barcha qurollarni o‘zi uchun olishi kerak. Ehtimol, bu pul emas. Biz, ehtimol, mintaqa xavfsizligi uchun katta oqibatlarga olib keladigan harbiy hamkorlikni sezilarli darajada chuqurlashtirish bilan shug‘ullanyapmiz. Shuning uchun biz bundan juda xavotirdamiz”, deydi BMT Bosh kotibi.
Kecha, 7 dekabr kuni Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga Eron dronlarini yetkazib berish davom etayotganini e’lon qildi. Biroq, Vashingtonda Eron Ukrainaga qarshi ishlatish uchun Rossiyaga ballistik raketalarni topshirgani haqida hozircha dalillar yo‘q.
LiveBarchasi