Eron Qorabog‘ mojarosida nega Armaniston tarafini tutyapti? Raisiy chegaralar o‘zgarishi bo‘yicha qarshilik bildirdi

Tahlil

image

Eron mintaqadagi geografik chegaralarni o‘zgartirishga qat’iyan rozi bo‘lmaydi. Bu haqda Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon suhbatida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Eron davlat rahbari ma’muriyati. 

Raisiy ikki davlat tarixiy va chuqur munosabatlarga ega ekanligini ta’kidlab, Tehron va Yerevan o‘rtasida doimiy iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidlagan. 

So‘ngra Islom Respublikasi Prezidenti so‘nggi kunlarda Kavkaz mintaqasida kuzatilgan keskinlikka to‘xtalib o‘tgan. 

“Kavkaz mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashning eng yaxshi yo‘li – bu uch tomonlama o‘t ochishni to‘xtatish deklaratsiyasini imzolagan davlatlar kelishuv qoidalarini hurmat qilishlari va qolgan muammolarni muloqot va diplomatik yo‘llar bilan hal qilishlaridir. Eron mintaqadagi geografik chegaralarning o‘zgarishini hech qanday tarzda qabul qilmaydi”, deydi Ibrohim Raisiy. 

Uchrashuvda Armaniston Bosh vaziri Pashinyan Ozarbayjon bilan so‘nggi paytlarda yuzaga kelgan keskinlashuv haqida batafsil ma’lumot bergan. 

Pashinyan, shuningdek, Tehron-Yerevan munosabatlarining rivojlanishidan mamnunligini bildirgan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yerevan ikki davlat o‘rtasida yuk tranzitini osonlashtirishga va infratuzilma, jumladan, yo‘llar va energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga tayyor.

Eronda armanlar ham, ozarlar ham yashaydi va agar arman diasporasi 100 mingga yaqin kishini tashkil etsa, mamlakatda 15 millionga yaqin ozar millatiga mansub Eron fuqarolari bor.  Eronning umumiy aholisi 82 million kishi. Shunday qilib, Eronda ozar millatiga mansub odamlar jami 10,3 millionga yaqin aholi istiqomat qiladigan Ozarbayjonning o‘zidan ham ko‘p. 

Ikkinchi Qorabog‘ urushi natijasida Janubiy Kavkazda ikkita muhim chegara hodisasi yuz berdi. Birinchisi, Eron va Ozarbayjon o‘rtasidagi umumiy chegaraga tegishli. Tog‘li Qorabog‘ janubidagi Jabroil, Fizuli va Zangelon shaharlarining qaytarilishi bilan Eron va Ozarbayjon o‘rtasidagi Araks daryosi bo‘ylab 132 kilometrlik chegara chizig‘i Ozarbayjon nazorati ostida shakllandi. Shunday qilib, Sovet Ittifoqi parchalanganidan o‘ttiz yil o‘tgach, Eronning Ozarbayjon Respublikasi va Naxichevan Muxtor Respublikasi bilan 750 kilometrlik chegarasini shakllantirish tugallandi.

Shu bilan birga, Tog‘li Qorabog‘ning g‘arbi va janubi-g‘arbidagi Zangelon, Gubadli, Lochin va Kalbajarning qaytarilishi bilan Ozarbayjon Respublikasi hukmronligi ostida,  Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi chegaraning bir qismini shakllantirish tugallandi.

Qayd etish joizki, ikkinchi Qorabog‘ urushidan keyin Eron va Ozarbayjon o‘rtasidagi 132 kilometrlik chegarani belgilashda alohida muammolar bo‘lmagan. 

Eron va Ozarbayjon shu yerda joylashgan Xudaferin GESi qurilishining yakuniy bosqichini boshlab yuborgan. Ammo Armaniston va Ozarbayjon Respublikasining yangi chegaralarini belgilash ikki davlat o‘rtasidagi uzoq yillik taranglik va Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha kelishuvda, xususan, Ozarbayjonning Naxichevanga kirishiga oid 9-moddadagi noaniqlik tufayli Baku va Yerevan o‘rtasida ziddiyatlarni keltirib chiqarmoqda. 

Turli sabablarga ko‘ra Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston o‘rtasidagi kelishmovchiliklar va chegaradagi taranglik faqat ikki davlat bilan chegaralanib qolmay, Eronga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. 

Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston o‘rtasidagi chegaradagi keskinlikni Eron qanday qabul qiladi? U nima bo‘layotganini qanday baholaydi? Uning tashvishiga nima sabab bo‘lmoqda?

Eronni tashvishga soladigan birinchi narsa Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi keskinlik va chegara nizolarining Eronning Armaniston orqali o‘tadigan tranzit yo‘liga salbiy ta’siri. Goris-Kapan yo‘lida Eron yuk mashinalari bilan bog‘liq muammolar yorqin misoldir. 

Ikkinchi Qorabog‘ urushigacha Eron tranzitida bunday muammolar bo‘lmagan. Darhaqiqat, Eron bilan chegaradosh Norduzdan Armaniston poytaxti Yerevangacha bo‘lgan 400 kilometrlik yo‘lning 21 kilometri hozir Ozarbayjon orqali o‘tadi. O‘tgan yilgi urushgacha, marshrutning ushbu qismi Tog‘li Qorabog‘ respublikasi nazoratida bo‘lganida, eronlik haydovchilar Armaniston va Gruziyaga borishda muammoga duch kelmasdilar. Biroq, ikkinchi Qorabog‘ urushidan keyin vaziyat o‘zgardi va Ozarbayjon hukumati Goris-Kapan avtomobil yo‘lining bir qismi mamlakat hududida ekanligini iddao qilib, Eronning har bir tranzit yuk mashinasi uchun 130 dollardan to‘lov talab qildi. Bunga javoban Eron hukumati Eron tranziti va Armaniston, Gruziya, Rossiya hamda Moskva boshchiligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan savdo-sotiq uzilishining oldini olish uchun muqobil yo‘nalishlarni ishlab chiqishga qaror qildi.

Birinchi muqobil quruqlik yo‘lagi Ozarbayjon hududini butunlay chetlab o‘tuvchi Tatev-Agvani yo‘nalishidir. Eron ushbu yo‘lning Armaniston ichidagi qurib bitkazilmagan qismini yakunlashini ma’lum qildi. Ozarbayjon tomonidan Goris-Kapan avtomagistralida joriy etilgan cheklovlarga Eronning ikkinchi munosabati Ozarbayjon orqali Rossiyaga olib boradigan quruqlik yo‘liga muqobil sifatida Kaspiy dengizidan faolroq foydalanish bo‘ldi. 

Birinchi bosqichda 23 oktyabrdan boshlab Eronning shimoliy portlaridan Rossiyaning Astraxan va Maxachqal’a shahriga, shuningdek, Qozog‘istonning Aqtau portiga oltita yuk tashish liniyasi ishga tushirildi. Ikkinchi bosqichda joriy Eron kalendar yilining oxiriga (2022 yil mart oyi oxiri) bu qatorlar soni sakkiztaga etishi belgilandi. Goris-Kapan avtomobil yo‘lidagi vaziyat Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston o‘rtasidagi kelishmovchiliklar va chegaradagi taranglik nafaqat bu ikki davlatga, balki Eronga ham ta’sir qilishini yaqqol ko‘rsatdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 avgust kuni rasmiy Baku Rossiya tinchlikparvar kontingenti vaqtincha joylashgan Ozarbayjon hududidagi noqonuniy arman qurolli tuzilmalari a’zolari Ozarbayjon armiyasining Lochin viloyati yo‘nalishidagi pozitsiyalariga kuchli o‘t ochgani, oqibatda 2 askar qurbon bo‘lgani, 14 kishi jarohatlangani haqida ma’lumot bergan edi. 

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi “Qasos” amaliyoti o‘tkazilganini ma’lum qildi. Amaliyot boshlanishiga kecha Lochin viloyati yo‘nalishidagi pozitsiyalariga arman qurolli tuzilmalari o‘t ochgani sabab bo‘lgan. Hujum oqibatida bir nafar harbiy qurbon bo‘lgan.

Qorabog‘ urushi

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

60

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing