Eron bir nechta davlat maxsus xizmatlarini tartibsizliklarda aybladi
Olam
−
29 Oktabr 2022
3739Erondagi tartibsizliklarda AQSH, Britaniya, Isroil va Saudiya Arabistoni razvedka idoralari ishtirok etmoqda. Bu haqda kecha, 28 oktyabr kuni Islom Respublikasi Razvedka vazirligi va Islom inqilobi posbonlari korpusi razvedka xizmati (IIPK, Eron Qurolli kuchlarining sara bo‘linmalari) tomonidan tarqatilgan qo‘shma bayonotda aytiladi.
AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi, Britaniya razvedka agentliklari, Isroilning “Mossad” razvedkasi va Saudiya Arabistoni razvedkasi “[Erondagi] tartibsizliklar va zo‘ravonliklarda rol o‘ynagan”, deyiladi “Al-Alam” telekanalida e’lon qilingan bayonotda.
Maqsad mamlakatda “xavfsizlikni buzish” bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, “tartibsizliklarning ko‘p qismini rejalashtirish va ijro etish “Mossad” tomonidan takfiriy guruhlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan”.
Shuningdek, bu davlatlarning razvedka xizmatlari Eron ichida faoliyat yuritayotgan o‘zlarining razvedka tarmoqlariga “harbiy va josuslik texnikasi” jo‘natgani, Amerika razvedkasi esa hattoki o‘z eronlik agentlarini o‘qitgani, ular orasida Mahsa Aminining shifoxonada ekanida olingan birinchi fotosurati muallifi ham bo‘lgani aytilyapti.
Ma’lumot uchun, Eronda 16 sentyabr kuni vafot etgan 22 yoshli Mahsa Aminining dafn marosimidan so‘ng boshlangan tartibsizliklar bir oydan ko‘proq vaqtdirki to‘xtamayapti.
LiveBarchasi