Eron AQSHning yadroviy ob’ektlarga bergan zarbasiga qanday javob qaytarishi mumkin?

Olam

AQSH Prezidenti Donald Trampning Eronning yadroviy ob’ektlariga zarba berish qarori Yaqin Sharqni beqaror holatga keltirdi va hozir Tehronning keyingi qadamini kutmoqda.

Istanbulda so‘zga chiqqan Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi 22 iyun kuni mamlakatining “bir necha xil imkoniyatlari” borligini aytdi. AQSH harbiy bazalariga zarba berishdan tortib, xalqaro dengiz yo‘lini yopishgacha – Eron turli ssenariylarni muhokama qilmoqda. Ularning har biri Eron, Isroil va AQSH uchun jiddiy xavfni anglatadi.

Eron AQSH manfaatlariga zarba berishi mumkin

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Iroq, Yaman va Suriyadagi proksi kuchlarini qayta faollashtirishi mumkin. Ular avval ham AQSH manfaatlariga hujum qilgan.

Bir vaqtlar Eronning eng yaqin mintaqaviy ittifoqchisi bo‘lgan Livanning “Hizbulloh” guruhi Isroil hujumlari tufayli ancha zaiflashgan. 

Xalqaro munosabatlar bo‘yicha Kengash ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH mintaqada 19 ta harbiy nuqtaga ega bo‘lib, ularning 8 tasida doimiy baza mavjud. 2025 yil 13 iyun holatiga ko‘ra, mintaqada 40 mingga yaqin AQSH harbiylari bor.

2020 yilda Eron AQSH garnizoniga raketa bilan hujum qilgan va oqibatda 100 dan ortiq askar jarohatlangan.

Husiylar ham AQSH kemalariga hujum qilish bilan tahdid qilgan. 22 iyun kuni husiylar yetakchilaridan biri: “Tramp bu hujumning oqibati uchun javobgar”, deb aytdi.

Eron global neft savdosini izdan chiqarishi mumkin

Eron Xurmuz bo‘g‘ozini yopish orqali jahon neft bozoriga ta’sir o‘tkazishi mumkin. Bu bo‘g‘oz orqali har kuni taxminan 20 million barrel neft o‘tadi. Mutaxassislar fikricha, Eron bu yo‘l bilan AQSH iqtisodiy siyosatini izdan chiqarishi mumkin.

Eron yadroviy bomba yaratishni tezlashtirishi mumkin

Ayrim tahlilchilarning fikricha, hozirgi rejim ag‘darilsa ham, yangi rahbariyat yadroviy qurolni ishlab chiqarishga kirishadi.

Vashingtondagi Kvinsi instituti vitse-prezidenti Trita Parsi: “Tramp Eronning 5-10 yil ichida yadroviy davlatga aylanishini kafolatlaganini” aytdi.

Eron ehtimol Yadroviy qurol tarqatmaslik shartnomasidan ham chiqishi mumkin.

Eron ayni damda Isroilga hujum qilishda davom etishi mumkin

AQSH hujumidan so‘ng Eron birinchi navbatda Isroilga raketa bilan zarba berdi. Tel-Avivda 86 kishi jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgan.

Eron AQSH bilan to‘liq urush olib bora olmasligini anglab, shunchaki Isroilga qarshi harakatda davom etishi mumkin.

2020 yilda Qosim Sulaymoniy o‘ldirilganida ham Eron “qonli bo‘lmagan” javob bergan – raketa hujumlarida odam o‘lmagan, lekin askarlar jarohat olgan.

Eron kiberxujumlar yoki terrorchilikdan foydalanishi mumkin

Eron oz kuch bilan katta ta’sir ko‘rsatuvchi “asimmetrik” hujumlarga – kiberhujum va terrorga murojaat qilishi mumkin. Bu Isroil hujumlari ortidan Eron raketa zaxiralarining kamayishi bilan bog‘liq.

Hali ham Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining mintaqadagi va butun dunyo bo‘ylab ta’sir kuchi saqlanib qolgan.

Eron yadroviy muzokaralarga qayta kirishdan bosh tortmoqda

Eron Isroilning hujumlari davom etayotgan bir vaqtda muzokaraga qaytmasligini ma’lum qilgan. Xususan, Aroqchi “AQSH yadroviy ob’ektlarga zarba berish orqali diplomatiyani portlatgani”ni aytdi. 

Yevropa va Eron diplomatlari Jenevada muzokara o‘tkazgan, ammo so‘nggi hodisalar fonida bu muzokaralar ham yo‘qqa chiqishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing